KONTUZIYA

KONTUZIYA

KONTUZIYA (lot. contusio — lat yeyish) — zarba natijasida shikastlanish; butun aʼzoi badan (yoki tananing koʻp qismi) lat yeganda organizmning umumiy shikastlanishi. Kontuziya koʻproq havoda yoki suvda kuchli portlash roʻy berganda yuzaga keladigan qattiq toʻlqin taʼsirida paydo boʻladi: Qattiq narsa bilan urganda, zarang yerga yiqilganda, qattiq kaltaklash natijasida (koʻz K. si), atmosfera bosimi va vibratsiyaning keskin oʻzgarishlarida ham Kontuziya holati kuzatiladi. Mahalliy va umumiy, shuningdek, yengil va ogʻir Kontuziya farq qilinadi. Uning asosiy belgisi markaziy va periferik nerv sistemasining zararlanishi, esʼhushning yoʻqolishidir. Kontuziya yengil kechganda odam karaxt boʻlib, qisqa muddatga (bir necha min. ga), ogʻir Kontuziyada butunlay va uzoq vaqt (soatlab va hatto sutkalab) hushini yoʻqotadi, hatto koma vujudga keladi, aksari yurak va nafas faoliyati boʻziladi, ichki aʼzolarga putur yetadi, amneziya roʻy beradi. Kontuziyaga yoʻliqqan bemor oʻziga kelgach, kuchli bosh ogʻrigi va bosh ay-lanishidan bezovtalanadi, hech narsa eshitmaydi, gapira olmaydi (q. Gunglik). K. holati 1—4 kundan 1—2 haftagacha davom etib, keyin barcha alomatlar oʻtib ketadi yoki uning ayrimlari (toliqish, uyqusizlik, qiziqqonlik, ishtaha yoʻqolishi kabi astenik sindrom belgilari) surunkali tus oladi. Bosh miya K. sida miya chayqalishida uchraydigan belgilar bilan bir qatorda falajlanish, sezuvchanlikning buzilishi, harakat muvozanatining oʻzgarishi va h. k. kuzatiladi. Bemor darhol kasalxonaga yotqiziladi va tinch sharoit yaratiladi, uning ahvoli va jarohatlanish jarayoniga qarab zarur dori-darmonlar buyuriladi; zaruriyat boʻlsa, operatsiya qilinadi.

Ensiklopediya.uz
KONTUZIYA