XAZOYIN UL-MAONIY

XAZOYIN UL-MAONIY

«XAZOYIN UL-MAONIY» («Maʼnolar xazinasi») — Alisher Navoiyning asari. 1491—96 y. larda tartib berilgan. «Xazoyin ul-maoniy ul M.» — «Gʻaroyib ussigʻar» («Yoshlik gʻaroyibotlari»), «Navodir ush-shabob» [«Yigitlik nodirlik (sheʼr)lari»], «Badoeʼ ul-vasat» («Oʻrta yosh badialari») va «Favoyid ul-kibar» («Keksalik foydalari») nomli devonlardan tarkib topgan mukammal yigʻma devon. Xalq orasida «Chor devon» deb ham yuritiladi. «Xazoyin ul-maoniy ulM.»ning tuzilish tarixini Alisher Navoiyning oʻzi «Xamsat ulmutahayyirin», «Munshaot», «Muhokamat ul-lugʻatayn», ayniqsa, «Xazoyin ul-maoniy ulM.»ga maxsus yozgan «Debocha»sida bayon etgan. Ushbu asarlarda yozilishicha, Abdurahmon Jomiy oʻz sheʼrlarini toʻplab (1491 — 92), 3 devon tuzgan va Navoiyga taqdim etgan. Navoiy bu devonlarning aralashib ketmasligi uchun ularga maxsus nomlar qoʻyishini maslahat bergan. Navoiy maslahati Jomiyga maʼkul tushgan va u devonlarini «Fotihat ushshabob» («Yoshlikning boshlanishi»), «Vositat uliqd» («Bogʻlanish vositalari»), «Xotimat ulhayot» («Hayot xotimasi») kabi nomlar bilan atab, umumiy «Debocha» yozgan hamda bu fikrning Navoiydan chiqqanligini alohida taʼkidlagan. Shundan soʻng, Navoiy ham ustozi taklifi bilan barcha lirik sheʼrlarini toʻplab «Xazoyin ul-maoniy ulM.»ni tuzishga kirishgan. «Xazoyin ul-maoniy ulM.»ning yuzaga kelishi Jomiy va Navoiy doʻstligining, oʻzbek va tojik adabiyotlari oʻrtasidagi aloqalarning yorqin dalilidir.

Ensiklopediya.uz
XAZOYIN UL-MAONIY

Оставьте комментарий