Ona haqida sherlar to’liq malumot oling

Ona haqida sherlar to’liq malumot oling

ONA HAQIDA SHE’RLAR
Ona haqida sherlar
Mundarija скрыть

Alisher NAVOIY

TO‘RTLIKLAR

Onalarning oyog‘i ostidadir

Ravzai jannatu jinon bog‘i.

Ravza bog‘i visolin istar esang

Bo‘l onaning oyog‘in tufrog‘i.

* * *

Boshni fido ayla ato qoshig‘a,

Jismni qil sadqa ano boshig‘a.

Tun, kuningga aylagali nurposh

Birisin oy ayla, birisin quyosh.

Mirtemir

SЕN ONA…

Alisherga alla aytib uxlatgan

Sen — ona.

Og‘ushida Bobur kamolga yetgan

Sen — ona.

Torobiyni og‘ir jangga jo‘natgan

Sen — ona.

Olamni nurida munavvar etgan

Sen — ona.

Yig‘lasa, dunyoni raso titratgan

Sen — ona.

Kulgisi saodat parvarish etgan

Sen — ona.

Daholar beshigin bedor tebratgan

Sen — ona.

Mehri bahorida elni yashnatgan

Sen — ona.

Yagona o‘g‘lingni jo‘natding jangga,

Bo‘l bardam, ona!

Onaday oshiq yo‘q ona Vatanga,

Muhtaram ona…

SHUHRAT

O, ONA…

Zulfiyaga

Ko‘z ochib olamga kelgandan beri

Nelarni ko‘rmadi bu boshim mening.

Ozmi-ko‘p tanidim hayotning sirin,

Qirqqa ham yetibdi bu yoshim mening.

Yildan-yil orttirdim talay do‘stu yor,

Hurmatlab dedilar, “do‘stim”, “o‘rtog‘im”,

Ulg‘aydim: ko‘ksimga bosh qo‘yib dildor,

U dedi: “Baxtimsan, suyangan tog‘im!..”

O, ona, hech biri emasdur shirin

“Bolam!” deb bir og‘iz aytgan so‘zingdan!

O, ona mehringda quyosh yashirin,

Ne ajab gul unsa har bir izingda!

ona haqida sherlar 2

TO‘RTLIK

Dunyoda eng yaxshi, mehribon ona,

Bu mening onamdir, biling, yoronlar!

Ey, o‘g‘il-qizlarim, bo‘ling parvona

Onamda qolmasin dardu armonlar!

To‘ra SULAYMON

TAVALLO

Bu yil 94 yoshni qoralayotgan onam — Mukarrama usta Nurmat polvon qizlarining sharofati bilan bitilgan mashqim

Nelardandir ko‘ngil bo‘lib g‘ash,

Ham egilib bu egilmas bosh,

Ko‘zlarimda qalqib tursa yosh,

Bu holimga berolmay bardosh

Mushtipar bir Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Qaytar bo‘lsam quruq qo‘l ovdan,

Qora qozon qolsa qaynovdan,

Ham ayrilib o‘lja, ulovdan,

Qarzga botar bo‘lsam birovdan

Taskin berib Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Birda haqdin, birda nohaqdin,

Jabr ko‘rsam bir betavfiqdin.

Ortda tursam qalbi quroqdin,

Qadrim xarob bo‘lsa tuproqdin.

Ohlar urib Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Og‘a-ini o‘rtasida gap…

Alhol, kelib chiqmish ixtilof:

Biri izzat, biri mulk talab.

— Bu oq sutim, mehrimga xilof, —

Deya sho‘rlik Onam yig‘laydir ,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Sinalmoqning gali kelganda,

Nohaq mag‘lub bo‘lsam maydonda,

Nomim qolmas bo‘lsa jahonda,

Kim do‘st-dushman bilinar onda

Ahvolimga Onam yig‘laydir,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Hanim bir yon, men bir yon bo‘lsam,

U ustivor, men uryon bo‘lsam,

Bu ham kamday nogiron bo‘lsam —

Yog‘och otga yonma-yon bo‘lsam

Oy tutilib, Onam yig‘laydir ,

Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Bo‘lsam gumroh, bo‘lsa gunohim,

Vujudimga solmasdin vahm,

Qabul ayla tavallo-ohim,

Darig‘ tutmay mehring, ilohim,

Yig‘latmagil mushfiq Onamni,

Volidai Muhtaramamni

Husniddin SHARIPOV

ONA NAVOSI

Kechalar uzundir, kechalar uzoq,

Goh ko‘zim ilinmas tong qadar, bolam.

Ko‘ngil mavjlariga solganda quloq,

Xayolga ne kelib, ne ketar, bolam.

Farzanddir onaning umriga gultoj,

Dardiga malham-u, baxtiga yo‘ldosh,

Hech kimni etmasin hech kimga muhtoj,

Minnat yosh joningni og‘ritar, bolam.

Mayli, o‘ltirmagin tun-kun boshimda,

Yetar paydo bo‘lsang tez-tez qoshimda,

Balki rizqing bordir bir kaft oshimda,

Gap-so‘zni aylasam muxtasar, bolam.

Goh borsam uyingga o‘zimdan ortib,

Yayrar nabiralar sakrashib, yo‘rtib,

Ko‘tarsam, qo‘limdan olmagin tortib,

Menga ham yarashar g‘unchalar, bolam.

Aziz umring bo‘lib shohona bir bayt,

Qo‘shiqlar ichingdan toshib ketgan payt

Arzingni menga ham tushuntirib ayt,

Qolmayin dardingdan bexabar, bolam.

O‘z inin vatan deb sevarkan turna,

Sen ham har zarrasin ko‘zga et surma.

Ichmagin, chekmagin, bemahal yurma,

Bo‘lsin bosgan izing bexatar, bolam.

Xayr-xo‘sh qilarmiz bir kunmas-bir kun,

Tonglarim husnini to‘sganda ham tun,

Baxtingni ko‘rsam bas — mamnunman, mamnun,

Sen borki, bizlar ham mo‘tabar, bolam.

Abdulla ORIPOV

O‘ZBЕK ONASI

Mushtipar ham o‘zing, buyuk ham o‘zing,

Kuyinchak ham o‘zing, kuyuk ham o‘zing.

Olamga tatirlik suyuk ham o‘zing,

Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Seni To‘maris deb, maqtaganim bor,

Sen Temur beshigin tebratgan bedor,

Sensan Bibixonim, Nodirai zor,

Payti keldi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Vatanni Ona deb bekor aytilmas,

Ona buyurganda yo‘ldan qaytilmas,

Sen o‘zing Ka’bamsan, Baytul muqaddas,

Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Boshingdan nimalar o‘tmadi axir,

Vatandek taqdiring bo‘ldi goh taxir,

Bobur shoh bo‘lsada, qoshingda faqir,

Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Gohida balqiding Barchindek to‘lib,

G‘o‘zadek quriding Tursunoy bo‘lib,

Timsoling yalovda yulduzdek kulib,

Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Farzanding quvonsa — sen ham quvonding,

Faqat bolam deding, yashading, yonding,

Nokasi uchrasa, o‘rtanding, tonding,

Payt kedi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Kelajak toychog‘u toyingizdadir,

Jannat ham, albatta, poyingizdadir,

Vatan-ku Siz turgan joyingizdadir,

Payt keldi, aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Sizga ta’zim qilib turibman bu payt,

Sizga baxshidadir eng shohona bayt,

Aziz elu yurtga duolaring ayt,

Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,

Ey, O‘zbek onasi, O‘zbek onasi.

Abdulla Oripovning “Onajon” she’rini mana sahifada o‘qishingiz mumkin.

Omon MATJON

ONA DЕGAN SO‘Z

Yulduzlardan sirqilib shabnam,

Ufq bilan ko‘rishganda yer,

Oftobga kiprigim bilan

Ona so‘zni yozdim go‘yo she’r.

Amu oqar misoli bulut,

Ufq bo‘lib oqadi Amu,

Qirg‘og‘ini etsa ham unut,

Maysalarni unutmaydi u!

Har ko‘kat, har bargning nomiga

U eltadi tog‘lardan ta’zim,

Ona degan so‘zning yoniga

Chizgim keldi MAYSAning rasmin.

Kapalak rang, bulbullar ohang

Kashfi bilan mast bo‘lgan lahza,

Ona so‘zin qavatiga man

Yozib qo‘ydim BAHOR deb asta…

Men jo etdim Ona nomiga

Yerni so‘nggi gardigacha to.

Endi Ona so‘zi yoniga

Dadil yozib qo‘yaman: DUNYO!

Men yulduz deb uni kuylayman,

U Vatandir,

U Arshi a’lo.

Men unga ming tashbeh o‘ylayman,

Yetkazurman millionga hatto…

Yerda, lekin ming-minglab odam

Ona nomin bilsa muqaddas.

Urush degan birgina so‘zdan

Onalarni saqlay olur bas!

Rauf PARPI

ONAMGA XAT

Eshitdim, onajon, xafa emishsan,

Kechir, oylab senga yozolmadim xat.

Garchi muhabbatdan tilardim ehson,

Yorug‘ kunlarimga bo‘lgandim ilhaq.

Yuzimga nafasing urilar iliq,

Ajib yorug‘likka to‘lmoqda xona.

Suratim qoshida duolar qilib

Tag‘in yig‘ladingmi, mushtipar ona?

O‘sha gap, sevganim shu aziz Vatan,

Bu qadar tashvishlar yutmagil, bag‘rim,

O‘ksuk otam kabi hali ham zotan,

Qalqinib-qalqinib turibdi shahrim.

Bilaman… sirni boy berishlik yomon,

O‘g‘lingga bu yo‘lda bardoshlar tila.

Ba’zan topganimni ichib qo‘yaman

Sirni boy bermasdan ulfatlar ila.

Biroq eh, bilmayman, go‘yoki zimdan,

Kimdir ta’qib etar meni beomon.

Qandaydir bir kimsa balki haqimda

Xunuk latifalar to‘qiydi, yolg‘on…

Ona, kuylanmagan bir kuy istayman

Va lekin aldog‘chi hislar olur jon.

Ehtimol, qalamni bekor qistayman,

Netayin, rostini aytgil, onajon.

Yashil daraxtzorni yechintirar kuz,

Poyimda bahorning alvido uni.

Beparvo yoshlikni ilg‘amaydi ko‘z,

Qaylardan axtaray, onajon, uni.

Bilurman… yo‘limda g‘ichirlar toshlar,

Za’faron kuz yanglig‘ xayolim taqir.

Shaharning g‘avg‘oli tinchini tashlab,

Uzoq vaqt yoningga bormadim axir.

Eshitdim, onajon, xafa emishsan,

Kechir, oylab senga yozolmadim xat.

Garchi muhabbatdan tilardim ehson,

Yorug‘ kunlarimga bo‘lgandim ilhaq.

Baxtsizlikka o‘xshab ketar bu holim,

Sensiz baxtsizlikka o‘xshaydi qismat,

Sensiz yorishmasdi mening xayolim,

Dunyoning laqabi bo‘lurdi Hasrat.

Ma’ruf JALIL

ona haqida sherlar 3

SЕNI KO‘RGIM KЕLAR, ONAJON

Shodlikdan osmonga yetganda boshim

Bir joyga to‘plansa do‘stu qarindoshim.

Yo boshimga tushsa biror musibat,

Yoki birov aytsa otamga rahmat.

Uchrab qolsa yo‘lda tanish ayollar,

Dildan tilga ko‘chsa ma’sum xayollar.

Desa: «Ko‘rinishda mag‘rur bo‘lsa ham,

Yo‘q edi onangday mushtipar odam».

Seni ko‘rgim kelar, onajon.

Yor bilan bog‘ kezsam oydin kechalar,

Ko‘nglimda tug‘ilsa yangi rejalar.

Sirli kuylab oqsa jig‘alar pastda,

Baxtimga yulduzlar boqsa havasda —

Shabboda silasa gulning yuzini,

Tinglamoq istayman aytgan so‘zini.

“Bolamning bo‘yini ko‘ray deb bir dam”,

Ehtimol gul bo‘lib chiqqansan yerdan.

Shu sabab sog‘inch-la bog‘aman gulga.

Armon faryod qilar o‘ksigan dilda,

Seni ko‘z oldimga keltirolmay, goh!

Eslolmay yuragim o‘rtanar nogoh.

Qanday baxtiyordir onasi borlar,

Ular yetimlarday chekmas ozorlar.

O‘zing ketding menga berib umringni

Sog‘inib asrayman dilda mehringni.

Seni ko‘rgim kelar doim, onajon.

Oydin HOJIYEVA

ONAJONIM

Onajonim, ko‘zlaringizda

Kunning nafaslari bor edi,

Onajonim, yuzlaringizga

Oyning havaslari bor edi.

Onajonim, siz bilan jahon

Behigulday iforli edi.

Tunlar oydin, kunlar shodmon,

Shabadalar dutorli edi.

Tushlarimga kirib chiqasiz

Sochlarimni o‘rib chiqasiz.

Farishtaday boshim uzra goh

Oromimni ko‘rib chiqasiz.

Talpinaman, quchsaydim qani?

Sog‘inchlardan qochsaydim qani?

Ko‘z yoshlarim gulga aylansa,

Poyingizga sochsaydim qani?

Onajonim! Jonajonim!

Xurshid DAVRON

UCH SHE’R

* * *

Bitta ko‘z bor bu dunyoda –

Sehrli, oddiy.

Bitta so‘z bor bu dunyoda –

Nurli, abadiy…

Men u ko‘zga yetaman ammo,

Men u so‘zni aytaman ammo

Bu dunyoda bitta qabr bor,

U meni kutadi umidvor.

So‘roqlaydi meni yellardan,

So‘roqlaydi meni yo‘llardan…

Bu dunyoda bitta qabr bor,

U meni kutadi umidvor.

Poyida jim cho‘kkalab olib,

Ko‘zlarimga yig‘ilgan dardni

Uning za’far maysalariga

Sochib, sochib, sochib yig‘lasam…

* * *

Onam qarib qolgan. Tushida

So‘zlashadi u otam bilan.

Ko‘zlaridan oqqan yoshida

Men otamning aksin ko‘raman.

Onam qarib qolgan. Qo‘rqaman,

Ba’zan azob bo‘g‘zimni qisar.

Ko‘zim yumsam uni ko‘raman,

Shundan yoshga to‘ladi ko‘zlar.

Xat yozmayman. Ba’zan sim qoqib

Hol-ahvolin so‘rayman… Ammo

Yarim tunlar uyg‘onib goho

O‘y suraman shiftga jim boqib.

Dalalarda qo‘narkan shudring,

Tongni qarshi olaman titrab,

“Ona, — deyman, — mani kechirgin”,

“Ona”, — deyman labim pirpirab.

SHOIRNING ONASI

Ona kelib olis qishloqdan

O‘g‘li bilan yashay boshladi

Va dasturxon yozilgan choqda

Shirmoy nonning chetin tishladi.

Yuvib berdi bir bozor kirni,

Suvlar quydi so‘lgan gullarga.

Nevaralar bog‘chadan qaytgach,

Ertak aytib berdi ularga.

Avaylardi xonadon tinchin,

Suygan o‘g‘li uyning burchida,

Qog‘oz uzra egilgancha jim

She’r yozgan payt tutun ichida.

Qadam bosib xavotir bilan,

Qo‘rqar edi nafas olishga.

Tunlar xurrak tortmay deya u

Bosh qo‘yardi tongda bolishga.

Ammo bir kun mazasi qochib,

Ko‘z oldida yorug‘lik so‘ndi.

Qo‘llaridan tushib ketdi-yu,

Chil-chil bo‘lib piyola sindi.

O‘sha zahot hushiga qaytdi,

Chayqalardi o‘ngida olam.

U yugurib chiqqan o‘g‘liga

Shivirladi: “Ketaymi, bolam?”

Farog‘at KAMOL

ONAMGA

1

Yulduzlar yig‘labdi tun bo‘yi, ona,

Shabnam yaproqlarda javdirab turar.

Sog‘inch ini aytib tongga jimgina

Olis ufqlarga bosh urar yo‘llar.

Yo‘llarning boshida ma’yus turibdi

Uzoq bolalikning mas’um sevinchi.

Eh, yo‘llardan kelib qiynaydi meni

Alamdiyda yillar, yillar Sog‘inchi.

2

Qaydadir olisda fig‘on chekar nay,

Masofalar juda uzun tuyular.

Shamollar daydiydi o‘zligin bilmay,

Ko‘zlarimda munis bir siymo turar.

Qurshar xotiralar quyuni sekin,

Qayerga boshlaydi, axir, qayerga?

Uzoqlashib ketar mendan bu quyun,

Asta yiqiladi tanish qabrga.

3

Sassiz uriladi vaqt shamollari,

Ko‘zlarimga sokin tunlar quyilar.

Chorlaydi horg‘in bir umid singari

Olis ufqlarga tutashgan yo‘llar.

Va chorlar ufqda meni bir Sog‘inch,

Entikib boraman intiq chorlovdan.

Sog‘inchim siz, ona, Sog‘inchim bilan

Olis ufqlarda uchrashamiz ham…

A’zam O‘KTAM

ONAMGA

Yig‘iga o‘xshagan tabassum bilan

Yana qoshingizga qaytmoqdadirman.

Bu yerda hech kimsa parvo qilmagan,

Dil rozimni sizga aytmoqdadirman.

Men osmondan yerga tushib qolganman,

Do‘stlar xiyonati boshimni egib.

Muhabbat, visoldan bezib qolgandim,

Hatto baxtiyorlik jonimga tegib.

She’rsiz — bedard kunlar bisyor bunchalar,

Shodumon kunlarim ortiq ko‘paydi.

Ilhom meni sernoz malikalardek

“Fuqaro, fuqaro, fu, qaro!” deydi.

Qadahga egilgan boshni ko‘tarsam,

Yuragim hirqirab so‘z aytdi og‘ir:

«Shoirmas so‘zni ming kuylarga solgan,

She’rni deb ming kuyga tushganlar shoir!»

Asablar qaqshaydi dunyoga boqsam —

Hanuz to‘qnash kelar yetimlar, tullar.

Urush o‘chog‘ining nafsi yomondir —

Unga o‘tin bo‘lar bolalar, gullar!..

Biz qutlug‘ manzilga yetmog‘imiz shart,

Kurash intihosi — saodat zotan.

O‘zni fido etmak ham axir bir baxt,

Biz vatanga kerak, bizlarga vatan!

Yasholmasang butun hayoting bekor —

Bir qalbda ishq bo‘lib, saodat bo‘lib.

Moviy kelajakka bormaslik darkor,

Ezgulikdan mash’um “qora xat” bo‘lib.

Manzilim olisdir, menga yo‘l tilang

Bobom Muqannaning ko‘ylagidek oq.

To zaminda tinchlik barqaror bo‘lsin,

Dunyoning iqboli yanada porloq!

Zebo MIRZO

ONAMGA

Oq sochlari oppoq tun uning,

Umri halol ishqqa bayroqdir.

Oh, yuzlari dunyoi dunning

Go‘zalidan chiroyliroqdir.

(Bo‘lolmadim hassasichalik),

Otam dardin ko‘targan mohim,

Ushoqqina onam ko‘ngliga

Bir hovuch nur bergil, ilohim!

O‘zi potrab chiqqan chashmaday

Yoningizdan oqdim-u, ketdim.

O‘zgalarga daryo tutdim-u,

Oh, onam-a, sizni unutdim.

Qaldirg‘ochlar mendan yaxshiroq,

Baxt to‘kadi hur quchog‘iga.

Men ham uning tirnog‘iman-u,

Arzimayman, lek tirnog‘iga!

Ismaloqlar bo‘yini tarab,

Bahor shoshsa yurgan joyiga,

Rabbim, meni gul qilib yarat,

Hech bo‘lmasa, uning poyiga!..

Behzod FAZLIDDIN

ONAM YOZOLMAGAN SHE’R

Sochlarimda oq gullar,

Kel, ularni ter, bolam.

Yo‘lingga mushtog‘ yo‘llar,

Bolam bo‘lib ber, bolam.

Ko‘ksimga oy berkitdim,

Yulduzlarga choy tutdim,

Otangdan ham ko‘p kutdim,

Baxtim bo‘lib ber, bolam.

Titragan sozingni qo‘y,

Bo‘g‘iq ovozingni qo‘y,

Qalam-qog‘ozingni qo‘y,

O‘g‘lim bo‘lib ber, bolam.

Yo‘l uchun tuqqanmidim,

Gul uchun tuqqanmidim,

Pul uchun tuqqanmidim,

Borim bo‘lib ber, bolam.

Qaldirg‘och singling behol,

Qanotidan xatni ol.

Ishing ko‘pdir, ehtimol,

Kelmay qo‘yaver, bolam…

manba:kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/onajon-ozbek-shoirlarining-onaga-bagishlagan-sherlari.html

Sherlar
Ona haqida sherlar