KONRAD ADENAUER JAMGʻARMASI

KONRAD ADENAUER JAMGʻARMASI

KONRAD ADENAUER JAMGʻARMASI — siyosiy taʼlim markazi. GFR federal kansleri, Germaniya Xristian-demokratik ittifoqi partiyasi raisi Konrad Adenauer tuzgan. Dastlab «Ayxxols» siyosiy taʼlim markazi nomi bilan ish boshlagan (1956). «Ayxxols sh. siyosiy akademiyasi», «Xristian-demokratik maʼrifat jamiyati» va «Xalqaro hamdoʻstlik in-ti» deb ham nomlangan. 1964-y. dan Konrad Adenauer Jamgʻarmasi deb ataladi. Jamgʻarmaning asosiy vazifasi — kishilarga oʻz demokratik huquqlarini tushunib olishga yordam berish. Konrad Adenauer Jamgʻarmasi faoliyati 3 yoʻnalishda olib boriladi: siyosiy taʼlim, tadqiqot va maslahatlar; akademik xizmat. 1-yoʻnalishda siyosiy taʼlimga qaratilgan seminarlar oʻtkaziladi. 2-yoʻnalish boʻyicha taraqqiyotning mavjud tamoyillari kuzatiladi, taxdil qilinadi. 3-yoʻnalishda «Maorif, oliy taʼlim va iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash» majmui asosiy vazifani oʻtaydi. Jurnalistlar uchun ham alohida dastur tayyorlangan. Germaniyada Konrad Adenauer Jamgʻarmasining 22 ta taʼlim markazi mavjud. Germaniyaning birlashuvi jamgʻarma faoliyati uchun yangi turtki boʻldi. Jamgʻarma yangi federal oʻlkalarda keng qamrovli ishlarni yoʻlga qoʻydi. Jamgʻarma sanʼat arboblari va siyosatdonlarni birlashtirishga, yozuvchilar, musiqachilar, rassomlar, aqliy mehnat b-n shugʻullanuvchi boshqa soha vakillari bilan aloqalar oʻrnatgan. Jamgʻarma tajribasi xalqaro miqyosda demokratik tamoyillarni qaror toptirishda keng qoʻllaniladi. OʻzR Prezidenti I. Karimov GFRga rasmiy tashrifi chogʻida (1993) jamgʻarma rahbarlari bilan uchrashdi va demokratiyani rivojlantirish borasida Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga daʼvat etdi. Bu taklifga koʻra, jamgʻarma 1994-y. iyul oyida Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini boshladi. Jamgʻarmaning Oʻzbekistondan tashqari Qozogʻiston va Qirgʻizistonda ham ish yuritishi uchun Toshkentda mintaqaviy vakolatxonasi ochildi. Konrad Adenauer Jamgʻarmasi oʻtkazayotgan siyosiy taʼlimga oid seminarlar, konferensiyalarda hokimliklar va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari, tadbirkorlar, ayollar, yosh olimlar, talabalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi. Seminarlarning asosiy mavzusi Oʻzbekistonda parlament islohotlari, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi rolini oshirish, sud tizimini liberallashtirish va demokratlashtirish, nomarkazlashuv va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlarini rivojlantirish, kichik va oʻrta biznesga keng yoʻl ochish, ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish, yoshlar va siyosat, ayol va jamiyat kabi dolzarb mavzularga bagʻishlanadi. Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi, «Zakovat» tadbirlarni axborot bilan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, «Iqbol» yoshlar markazi, «Ayol va jamiyat» inti jamgʻarmaning asosiy hamkorlari hisoblanadi. Jamgʻarma oʻz tadbirlarini Oʻzbekistondagi koʻplab tashqilotlar bilan yaqin aloqada amalga oshiradi. Jamgʻarma faoliyatini qoʻllab-quvvatlovchi xayrixoxlar Konrad Adenauer Jamgʻarmasining doʻstlari klubini tashqil etgan. Bu klubning 7000 dan ortiq aʼzosi bor. Jamgʻarmaga 2002-y. 1 avg. gacha Volfgang Shrayber rahbarlik qildi. U «Doʻstlik» ordeni bilan mukofotlangan(1997).

Ensiklopediya.uz
KONRAD ADENAUER JAMGʻARMASI

Оставьте комментарий