KOLORADO QOʻNGʻIZI
KOLORADO QOʻNGʻIZI (Leptinotarsa decemlineata Say.) — bargxoʻrlar turkumining qoʻngizlar oilasiga mansub hasharot, ashaddiy xavfli oʻsimlik zararkunandasi. Tanasi oʻz. 9 — 12 mm, yelka va ust qanoti sargʻish yoki sargʻishqizil, oldingi yelkasida 12—14 ta qora dogʻlari bor, qanoti ustidan 5 ta qora chiziq oʻtgan. Tuxumining kattaligi 1,2—1,8 mm, qurti uz. 15—16 mm, pushtiqizil, gʻumbagi 10—12 mm. Kolorado qoʻngʻizi tuproqda (20—50 sm chuqurlikda) qoʻngʻizlik davrida qishlab, apr. oyida qishlovdan chiqadi va oʻsimliklar bilan oziqlanadi. Urgʻochi qoʻngʻizlari oʻsimliklar bargi orqasiga, oʻsimlik qoldiqlariga 12—80 tadan toʻp-toʻp qilib tuxum qoʻyadi. Bitta urgʻochi qoʻngʻiz 500 — 800, baʼzida 2400 gacha tuxum qoʻyadi. Tuxumlarining rivojlanishi 3—5, gʻumbaginiki 6—9 kun. Tuxumdan chiqqan qurtlar 20 kun atrofida oʻsimliklar bargi bilan ovqatlanadi va tuproqda gʻumbakka aylanadi. 1—2 havftadan soʻng yosh qoʻngʻizlar paydo boʻladi, barg bilan ovqatlanib, yana tuxum qoʻyadi. Kolorado qoʻngʻizi kartoshka, pomidor, baqlajon, tamaki, qalampir, yosh terak va turli ituzumsimon oʻsimliklarga zarar yetkazadi. Bir tup kartoshkada oʻrtacha 20—40 qurt va qoʻngʻiz toʻgʻri kelganda oʻsimlik bargining yarmisini yeb, hosilni 2—3-marta kamaytiradi. Bargi toʻliq yeb bitirilgan oʻsimliklar hosili esa 10-martagacha kamayishi mumkin. Kolorado qoʻngʻizi Oʻzbekistonda obhavo sharoitiga qarab 2 — 4-marta nasl beradi.
Ensiklopediya.uz
KOLORADO QOʻNGʻIZI