KOKS KIMYOSI
KOKS KIMYOSI — kimyo fanining bir boʻlimi, toshkoʻmirning tarkibi, tuzilishi, kimyoviy xossalarini oʻrganadi, kokslash usullari bilan toshkoʻmirdan koks va b. kimyoviy mahsulotlar olish ustida tadqiqotlar olib boradi. Toshkoʻmirni kokslash bir necha jarayondan iborat: koʻmirni kokslashga tayyorlash (boyitish, maydalash, aralashtirish, quritish); koʻmirlash aralashmasini kokslash; hosil boʻlgan uchuvchan gazlarni tutish va ularni qayta ishlash; qattiq qoldiq — koksni sovitish va navlarga ajratish. Kokslanuvchi toshkoʻmirning turi, navi, makromolekulalarining tuzilishi va kokslanish jarayonining ketishiga qarab 1 t koʻmirdan 650—750 kg koks, 140—150 kg koks gazi, 30—40 kg toshkoʻmir smolasi, 10—15 kg «xom benzol», 3 kg atrofida ammiak va vodorod sulfid hosil boʻladi. Kimyo sanoati va xalq xoʻjaligining boshqa sohalarida kokslanish mahsulotlaridan N2, SN4, NH3, etilen, benzol, toluol, ksilollar, solvent, naftalin, fenol, krezollar, piridinlar, S, NaSCN, (NH4)2S, (NH4)2 SO4, karbazol, antratsen, piren, smolalar, toshkoʻmir moyi va b. qoʻllaniladi. Bu moddalar azotli oʻgʻitlar, polimerlar, malein va ftal angidridlar i. ch. da boshlangʻich xom ashyo, anilin boʻyoqlar i. ch. da oraliq mahsulot, elektrodlar i. ch. da bogʻlovchi, taxta va gʻoʻlalarga shimdiriladigan moy, qurilish materiallari (mas, kislotaga chidamli koshinlar, linoleum, olovbardosh materiallar, pestitsidlar, sintetik yuvish vositalari, dori preparatlar, vitaminlar va b. i. ch. da xom ashyo sifatida ishlatiladi. Koks kimyosining rivojlanishi qora va rangli metallurgiyaning rivojlanishi bilan bogʻliq. Metallurgiya sanoatida temir, mis, qoʻrgʻoshin va b. metallarni rudalaridan qaytarib olishda Koks kimyosining ahamiyati katta. Sanoatda qoʻllaniladigan koksning maxsus navlarini termik ishlov berish va saralash yoʻli bilan olish, sifatini yaxshilash Koks kimyosining asosiy vazifalaridandir.
Ensiklopediya.uz
KOKS KIMYOSI