KLASSITSIZM

KLASSITSIZM

KLASSITSIZM (lot. classicus — namunaviy) — antik davrda oʻz rivojining yuqori choʻqqisiga erishgan qad. Yunon va Rim sanʼati merosida shaqllanib, unga taqlid qilish natijasida yuzaga kelgan adabiyot va sanʼatdagi uslub, yoʻnalish. Klassitsizm tarafdorlari 17—19-a. larda Fransiyada, keyinroq Yevropaning boshqa mamlakatlarida Uygʻonish davri anʼanalarini davom ettirgan holda (inson aql zakovatiga ishonish, antik davr yaratgan ideal mutanosiblikni va nisbatlarni tan olish va eʼzozlash), oʻz zamonasining ijtimoiy hamda estetik talablariga javob tariqasida vujudga kelgan. Antik davr mifologiyasi (rivoyatlari), tavrot voqealariga murojaat qilib, ulardan olingan syujetlar orqali oʻz davrlarining etik — axloqiy va siyosiy muammolarini koʻtarishta harakat qildilar. Klassitsizmda ham umumlashma asar yaratish asosiy masala hisoblanadi, asarlar birmuncha vazmin, ritm va nafis musiqaviylikka intilish asosida yaratildi. Odatda, Klassitsizm rivoji tarixi 2 bosqichga ajratiladi. 17-a. Fransiyada shakllangan Klassitsizm oʻzida absolyutizm gʻoyalarini ifodalagan boʻlsa, 18-a. ga kelib Klassitsizm yangi dunyoviy ideallar, maʼrifatparvarlik gʻoyalari va oddiy xalq orzu-istaqlari va intilishlariga asoslangan ideallarga tayangan holda rivojlandi. Klassitsizmga xos belgilar dastlab Italiya nafis sanʼatida (16-a. ning 2-yarmi) paydo boʻlgan (A. Palladio, J. Vinyola, S. Serlio, J. Bellori nazariy va amaliy faoliyatida, shuningdek, Bolonya akademik maktabi rasmiy hujjatlari va h. k.), 17-a. ga kelib Fransiyada barokko tamoyillariga qarshi kurashda Klassitsizm ildamlab, yaxlit uslubiy tizimga, 18-a. ga kelib umumevropa uslubiga aylandi.

Ensiklopediya.uz
KLASSITSIZM