Gippokratni xavotirga solgan Sil kasalligi haqida nimalarni bilamiz?
Sil — insoniyatga ma`lum bo`lgan eng qadimiy xastaliklardan biri bo`lib, eramizdan avvalgi V asrda qadimgi yunon olimi Gippokrat ijtimoiy xavfi yuqori bo`lgan ushbu kasallikka ta`rif bergan.
Afsuski, uzoq yillik tarixga ega bo`lgan ushbu xastalik uchinchi ming yillikka kelib ham yo`qolib ketmadi. Statistik ma`lumotlarga qaraganda, bugungi kunda er yuzida har yili 8-10 million kishi silning yuqumli turlari bilan kasallanadi va qariyb 3 million kishi vafot etadi.
Ushbu xastalikning yuqish yo`llari, manbalari, davolash profilaktikasi haqida SSV Matbuot xizmatiga Qashqadaryo viloyat Ftiziatriya va pulmonologiya markazining torakal xirurgiya bo`limi mudiri Azamat Sharipov ma`lumot berib o`tdi.
— Dastlab sil qanday xastalik ekani haqida aytib o`tsangiz.
— Sil — er yuzida eng ko`p tarqalgan yuqumli va surunkali infeksion xastalik bo`lib, u kasallik tayoqchalarining organizmga tushishi oqibatida rivojlanadi. Xastalik granulyomatoz reaksiyaning boshlanishi va organizm turli sistemalarining zararlanishi, har xil klinik alomatlari va patologanatomik ko`rinishlar bilan kechadi.
Sil tayoqchasi dastavval o`pkani zararlaydi. Ayrim hollarda miya va miya qobig`i, suyak, bo`g`in, jinsiy a`zolar, ko`z, ichak va boshqa a`zolar sili ham kuzatiladi. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bergan ma`lumotlarga ko`ra, yaqin 20 yil ichida yana 200 million kishi mazkur xavfli xastalikka chalinishi, 70 million kishi esa bu dard tufayli hayotdan ko`z yumishi mumkin. Bemorlarning 75 foizini 20-40 yoshdagi kishilar, ya`ni mehnatga layoqatli va tug`ish yoshidagi ayollarni tashkil qiladi.
Shunisi quvonarliki, bugungi zamonaviy tibbiyot aksariyat sil kasalliklarini davolash imkoniga ega. Agar kasallikni aniqlash va davolash to`g`ri, qat`iy nazorat ostida va to`xtatib qo`yilmasdan olib borilsa, bemor, albatta, sog`ayib ketadi.
— Kasallikning o`ziga xos qanday belgilari bor?
— Silga chalingan insonlarda eng birinchi galda yo`tal kuzatiladi. Shu bilan birga, quvvatsizlik, ko`p terlash, ko`krak qafasida og`riq, ishtaha pasayishi, ozib ketish, tez charchash kabi holatlar ham bemorni bezovta qilishi mumkin. Ular ko`pincha bunday belgilarga e`tibor qilavermaydi va shifokorga murojaat etmay, o`zi mustaqil davolanishga urinadi. Biroq keyinchalik bu belgilar zo`rayib, bemor qon aralash balg`am tuflay boshlaydi. Bu esa xastalik ancha kuchayib ketganidan dalolat beradi.
Yuqorida ta`kidlaganimizdek, doimiy yo`tal — silga xos aniq belgidir. Agar yo`tal ikki haftadan ko`proqqa cho`zilsa, u holda bemor darhol tibbiy muassasaga murojaat etishi va sil kasalligini aniqlashga doir ko`rikka jalb etilishi lozim.
— Sil kasalligi asosan qaerda va qanday holatda ko`proq yuqadi?
— Mazkur xavfli kasallik ko`proq havo orqali tarqaladi. Virus dastavval kasallangan kishilarning o`pkasida rivojlanadi va ko`payadi. Bunda yallig`lanish yuz beradi, keyinchalik to`qima zararlana boshlaydi, parchalanish uchastkalari kovaklar (kavernalar) paydo bo`ladi.
Bu erda millionlab bakteriyalar to`planadi. Bemor yo`talganda, aksa urganda, gaplashganda sil bakteriyalari havoga ajralib chiqadi. Bakteriyalar havoda bir necha soatgacha saqlanishi mumkin. Agar ochiq (yuqumli) shakldagi sil bilan kasallangan bemor shamollatilmagan xona (kvartira, ish joyi, kasalxona palatasi, transport)da uzoq vaqt o`tkazgan bo`lsa, shu erdagi havoda aylanib yurgan bakteriyalarning soni shunchalik ko`payib ketadiki, ular boshqa kishilarning nafas yo`llariga osonlikcha o`tadi. Bu silni yuqtirishning asosiy yo`li bo`lib, havo-tomchi usuli deb ataladi.
Demak, hech kim sil tayoqchalarining yuqishidan himoyalangan emas. Silni har qanday yoshda ham yuqtirish mumkin, ayniqsa, bolalar va kamquvvat kattalar uchun kasallik jiddiy xavf tug`diradi.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Gippokratni xavotirga solgan Sil kasalligi haqida nimalarni bilamiz?