O’zbek tili va uning taraqqiyoti

O’zbek tili va uning taraqqiyoti

Topshiriq. Matnni o‘qing. Unda ifodalangan fikr haqida mulohazalaringizni bayon qiling.

11-sinf Ona-tili darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH
Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. Charxpalak
  2. 1-mashq
  3. Ona tuproq
  4. 2-mashq
  5. 3-mashq
  6. 4-mashq
  7. 5-mashq
  8. 6-mashq

Charxpalak

Maktabimiz biqinida ariq oqardi. Ariqda charxpalak bor edi. Katta tanaffusda charxpalakni tomosha qilishni yaxshi ko‘rardim… Yog‘och gardishi ko‘hna? Temir paqirchalari zanglab ketgan. Parraklariga ko‘kimtir suv o‘tlari yopishgan… Birov yolg‘ondan turtib yuborsa, rostdan qulab ketadigandek… Charxpalak nolali g‘iyqillab aylanadi. Kaftida suv ko‘tarib, yuqoriga olib chiqadi… Tepaga chiqib olgan suv ortiga qaytmaydi… Charxpalak ham bunga ranjimaydi. Yangidan yangi suv tomchilarini yuqoriga ko‘tarib beraveradi… Nolali g‘iyqillaydi… Oradan ko‘p yillar o‘tib, o‘sha charxpalak tushlarimga kiradigan bo‘ldi. Nega shunday bo‘lganini uzoq o‘yladim… So‘ng… Bir haqiqatni angladim.

Men charxpalakni emas, ustozlarimni qo‘msar ekanman. Suv suv emas, men ekanman! Charxpalak charxpalak emas, o‘qituvchilarim ekan! Meni – bir tomchi suvni katta hayot yo‘liga olib chiqib qo‘ygan ustozlarim – charxpalak zahmatini oqlay oldimmikan?.. Bilmadim… Ko‘hna charxpalak hamon tushlarimga kiradi…

(O‘. Hoshimov)

O‘zbek tili turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, u yer yuzidagi eng qadimiy va boy tillardan hisoblanadi. Bu tilning ildizlari eramizdan oldingi asrlarga borib taqaladi. O‘zbek tilida olamga mashhur ko‘plab ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan. Bugun o‘zbek tili mustaqil O‘zbekistonning davlat tili sifatida
davlatimiz ramzlari qatorida e’zoz va ehtiromga sazovordir. O‘zbek tilining taraqqiyoti yurt istiqloli tufayli benihoya jadallashdi.

Tildagi o‘sish-o‘zgarishlarning xolis va birlamchi ko‘zgusi uning lug‘at boyligidir, jamiyatdagi har qanday o‘zgarishlar, eng avvalo, aynan xuddi shu boylikda o‘z aksini topadi. Yurtimiz hayotida yuz berayotgan iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy yangilanishlar tilimizning lug‘at boyligida namoyon bo‘lmoqda, bunday o‘zgarishlar tilimizni yangi tushuncha va tasavvurlar bilan, ularni ifodalashga xizmat qiluvchi yangi so‘zlar bilan boyitib bormoqda.

Bugun mustaqillik bois paydo bo‘layotgan yangi-yangi tushunchalarni ifodalash uchun, avvalo, o‘zbek tilining o‘z ichki imkoniyatlari to‘laligicha ishga solinmoqda. Xususan, yangi so‘zlar yasalmoqda (masalan, dasturchi, ahdnoma, kafolatnoma; idoralararo, hukumatlar aro, davlatlararo; nodavlat, nohukumat, notijorat, nomoddiy; mahalliylashtirish, kompyuterlashtirish, modellashtirish kabi); Eskirgan deb qaralgan so‘zlar qaytadan tilga olib kirilmoqda (masalan, ma’naviyat, millatparvar, qadriyat, jarroh, matbaa, muallif, munaqqid, tashxis, tijorat kabi); til tabiatiga uyg‘un tarzda ularga yangi ma’nolar yuklanmoqda (masalan, vazir, viloyat, tuman, hokim, zobit kabi);

Umrini yashab bo‘lgan tushunchalarni ifodalovchi so‘zlar nofaol zaxiradan joy olmoqda (masalan, kolxoz, sovxoz, ateist kabi). Ilgari salbiylik bo‘yog‘iga ega bo‘lgan so‘zlar davr taqozosiga ko‘ra ijobiy bo‘yoq kasb etmoqda (masalan, biznes, biznesmen, millioner, savdo gar, fermer, janob, kapital, parlament, firma kabi). Zaruriy holatlarda esa xorijiy tillardan boshqa til vositachiligida emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri va me’yorga amal qilgan holda so‘zlar o‘zlashtirilmoqda.

Mamlakatimizda tamoman yangi ijtimoiy-siyosiy tuzumning barpo etilishi, bozor iqtisodi munosabatlarining qaror topishi, yangicha moliya-kredit tizimining paydo bo‘lishi, fan va ta’lim sohasidagi tub islohotlar, yangi texnika va texnologiyalarning rivojlanishi, barcha sohalardagi xalqaro aloqalarning mislsiz ko‘lam kasb etishi va boshqa ko‘plab o‘zgarishlar xorijiy so‘zlarning o‘zbek tiliga o‘zlashtirilishiga tabiiy ravishda yo‘l ochdi.

Bugun o‘zbek tiliga kirib kelgan, ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, moliya-iqtisod, siyosat, ta’lim va madaniyatga oid o‘zlashmalar yuzlab emas, balki minglab degan o‘lchovlar bilan o‘lchanadi, ular keng omma nutqidan deyarli joy olib bo‘ldi (masalan, audiovizual, antiterror, bakalavr, bankomat, barter, birja, brifing, gimnaziya, diler, investitsiya, investor, internet, kredit, litsey, magistr, monitoring, multimedia, reyting, sertifikat kabi).Ana shu tarzda mustaqillik davrida tilimizning lug‘at boyligi tarkibida jiddiy taraqqiyot yuz bermoqda. Tilimizdagi mavjud nutqiy uslublar me’yorlarining barqarorlashganligi ham (Siz buni oldingi sinflardan yaxshi bilasiz) o‘zbek tili taraqqiyotining yuksakligidan dalolat beradi.

1-mashq

She’rni o‘qing, unda ifodalangan g‘oya haqida fikrlashing. Milliy meros, ona tili va unga posbonlik haqidagi mulohazalaringizni bayon qiling.

Ona tuproq

Avliyolar, daholarning beshigisan,
Naqshbandlar topgan jannat eshigisan.
Tiriklikning navosi ham qo‘shig‘isan –
Sen azizsan, muqaddassan, ey sajdagoh,
O‘zbekiston, ota makon, ona tuproq!

Yuragimda tulporlaring dukurlari,
Qaysi yurtning bordir buyuk Temurlari?
Olovlardan omon chiqqan Semurg‘lari,
Sen azizsan, muqaddassan, ey sajdagoh,
O‘zbekiston, ota makon, ona tuproq!

Asl farzand merosiga posbon bo‘lgay,
Ozod elning orzulari osmon bo‘lgay,
Bobolarim ismin aytsam, doston bo‘lgay,
Sen azizsan, muqaddassan, ey sajdagoh,
O‘zbekiston, ota makon, ona tuproq!

Daryolarning izlarida daryo bo‘lgay,
Daholarning avlodi ham daho bo‘lgay!
Fido bo‘lsa, shu Vatanga fido bo‘lgay,
Fido bo‘lsa, shu Vatanga fido bo‘lgay!
O‘zbekiston, ota makon, ona tuproq!

(Iqbol Mirzo)

2-mashq

Alisher Navoiyning so‘z, til borasidagi fikrlarini yodda tuting. Tilning inson faoliyatidagi o‘rni haqida bahslashing, asosiy g‘oyani ifodalovchi ixcham matn tuzishga harakat qiling.

Mir Alisher Navoiyning aksariyat asarlari, xususan, «Xamsa»dagi bir necha boblar so‘z ta’rifiga bag‘ishlangan. Ularni mutolaa qilar ekanmiz, so‘zning qudrati, ta’sir kuchi, jilvasiga alohida urg‘u berilganligiga guvoh bo‘lamiz. Shoir, avvalo, hayot mohiyati hisoblangan to‘rt unsur: suv, havo, olov, tuproqning ham, yetti qavat osmondagi yetti sayyoraning ham so‘z tufayli vujudga kelganini ta’kidlaydi.

Insonni hayvonot olamidan farqlovchi asosiy belgi ham so‘z ekanligini aytadi:
Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin.

Shunday ekan, so‘z gavharining sharofati shunchalar yuksakki, uning qarshisida eng qimmatbaho narsalar ham qadrsizlanadi:
So‘z guhariga erur oncha sharaf,
Kim bo‘la olmas anga gavhar sadaf.

Xullas, Alisher Navoiy asarlari bizni dunyoning eng sirli mo‘jizasi hisoblangan so‘zga ehtiyotkorlik va mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga, uni qadrlashga chorlaydi. (M. Siddiqov)

3-mashq

Matnni o‘qib, undagi fikrlarga o‘z munosabatingizni bildiring. O‘zbek tilining taraqqiyoti haqida bilganlaringizni yozing. Til – inson aqliy, ruhiy va amaliy faoliyatining quroli va harakatlantiruvchi kuchi, bu faoliyat natijasi sifatidagi tajribalarning jamlovchisi va saqlovchisi, kishilar o‘rtasidagi, ajdod va avlod orasidagi bilimu axborot «oldi-berdisi»ning timsolsiz ta’minlovchisi. U yo‘qolsa, tamaddun tugaydi, u salomat bo‘lmasa, millat sochilib ketadi. Shuning uchun esi o‘zida xalq, erki o‘zida davlat til muhofazasini muhtasham maqsad deb biladi, uni taraqqiy qildirish qayg‘usini bir on unutmaydi. Mustaqil O‘zbekiston davlati erkinlikning dastlabki yillaridanoq o‘zbek tilining muhofazasi va taraqqiyoti uchun barcha qonuniy asoslarni yaratdi.

Chorak asrdan oshdiki, o‘zbek tili davlat tili sifatida o‘ttiz ikki milliondan ortiq nufusning nufuzli tili maqomida rivoj topib bormoqda. O‘zbek tili istiqlol bois misli ko‘rilmagan taraqqiyot yo‘lidan bormoqda, jamiyatimizning tubdan yangilanishi, ko‘lamli islohotlar tilimizning yanada boyishiga omil bo‘lmoqda. Shu bilan birga, dunyo miqyosida yuz berayotgan o‘zgarishlarning ta’siridan ham tilimiz tashqarida emas, muayyan bir jamiyat yoki xalq doirasidagina emas, balki bugungi globallashuv zamonida jamiyatlar va xalqlar hayotida minglab yangidan yangi tushuncha-tasavvurlar paydo bo‘lmoqda va ular hech qanday to‘siqni pisand qilmay, sur’at bilan dunyoning turli burchaklariga yetib bormoqda.

Dunyoning qaysi bir burchidagi til bo‘lmasin, uning lug‘at tarkibi mahalliy, mintaqaviy va global miqyoslardagi ana shunday turfa o‘zgarishlarga muvofiq ravishda kengayib, muntazam o‘zgarib bormoqda va bu, albatta, tabiiy bir holatdir. So‘nggi paytlarda, olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, insoniyat tasarrufidagi bilimlar hajmi har o‘n yilda ikki barobarga ortib bormoqda va bu holat ham til lug‘at tarkibining jadal sur’atlar bilan boyib borishiga olib kelmoqda. Ma’lumki, tilning taraqqiyoti uning lug‘at boyligida, bu boylikning ko‘payishi, so‘zlar ma’no tarkibining ko‘lamdorlik kasb etishida, muayyan morfologik va sintaktik shakllarning rang-baranglashishi hamda me’yorlashishi kabi bir qancha jarayonlarda namoyon bo‘ladi. (N. Mahmudov)

4-mashq

Matnni o‘qing. Sarlavha qo‘yib, unda ifodalangan fikrni o‘z so‘zlaringiz bilan hikoya qiling. Dunyoga kelgan har bir bola haqiqiy inson bo‘lib yetishishi uchun juda ko‘p narsalarni bilishi kerak. U o‘ziga kerakli bilimni ko‘rib, eshitib va o‘qib o‘rganadi. Eshitib va o‘qib o‘rganish til vositasida amalga oshadi va uning imkoniyati cheksizdir. Agar til bo‘lmay, har bir kishining tirikligi uning o‘z tajribasiga asoslangan bo‘lsa edi, inson shu kungacha hayvon qanday yashasa, shunday yashagan va bugungi moddiy va ma’naviy taraqqiyotga erishmagan bo‘lardi.

Tilning birinchi ma’rifiy ahamiyati shundan iboratki, til tufayli jamiyat a’zolarining har birida hosil bo‘lgan bilim ommalashib, uning ko‘pchilik tomonidan rivojlantirilishiga imkon tug‘iladi. Undan tashqari, til tufayli bilim avloddan avlodga og‘zaki yoki yozma tarzda qoldiriladi, natijada yangi avlod o‘tgan avlodning ishini yangidan boshlamasdan, uni davom ettiradi. Bu bilan yana taraqqiyot ta’minlanadi. (A. Rustamov)

5-mashq

Shoir Dilshod Rajabning «So‘z sehri» she’rini o‘qing. Unda ifodalangan fikr doirasida bahslashing.
Har bir gap-u so‘zimiz – Qanday yaxshi so‘z – kalom,
Go‘yo oyna – ko‘zgumiz. Odob boshi – «Assalom».
Aytgan har so‘zimizda Xush yoqadi hamma vaqt:
Ko‘rinamiz o‘zimiz. «Rahmat!», «Xo‘p-xo‘p!», «Marhamat!»

«O‘zbek tilining izohli lug‘ati»dan olingan quyidagi so‘zlarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
BRIFING Rasmiy shaxslarning ommaviy axborot vositalari vakillari bilan rasmiy nuqtayi nazar bildirish yoki rasmiy xulosalarni qisqacha bayon etish maqsadidagi uchrashuvi.
IBTIDO Biror narsa, ish-harakat, voqea-hodisa va shu kabilarning boshlanish davri.
INTIHO Biror narsa, ish-harakat, voqea-hodisa va shu kabilarning tugash, nihoyalanish davri.
ISTIFODA Foydalanish, ishlatish. Istifoda qilmoq (yoki etmoq) foydalanmoq, ishlatmoq.
MUNAQQID Adabiy, ilmiy, publitsistik asarlarni tahlil qilish, ularning ijobiy va salbiy tomonlarini, yutuq va kamchiliklarini o‘rganish hamda baholash bilan shug‘ullanuvchi adabiyotshunos, tanqidchi.
TASHXIS 1 Kasallik xarakteri va bemorning ahvoli haqidagi qisqacha tibbiy xulosa. 2 Odamdan boshqa jonli va jonsiz narsalarga insoniy xususiyatlarni ko‘chirishdan iborat badiiy san’at turi.
TIJORAT Savdo-sotiq, savdo (savdogarlik) ishlari.
UNSUR Butunni tashkil etgan murakkab narsaning tarkibiy qismi.

  1. O‘zbek tili qaysi til oilasiga mansub?
  2. O‘zbek tilining mamlakatimizdagi maqomi haqida so‘zlang.
  3. O‘zbek tilining boyligini misollar asosida tushuntirib bering.
  4. O‘zbek tilining taraqqiyoti, eng avvalo, uning qaysi sathida namoyon bo‘ladi va nima uchun?
  5. O‘zbek tilining dunyodagi nufuzi haqida gapiring.

6-mashq

«Har neni yemak – hayvonning ishi, har neni demak – nodonning ishi» hikmati asosida matn tuzing.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
O’zbek tili va uning taraqqiyoti