Zakot va sadaqalarni kimlarga berish kerak?

Zakot va sadaqalarni kimlarga berish kerak?

Zakot va sadaqalarni kimlarga berish kerak?

DO`STLARGA ULASHING:

Savol: Zakot, fidya va fitr sadaqalarini qaerga yoki qanday holatdagi odamlarga berilishi to‘g‘risida kengroq ma’lumot bersangizlar (Ma’ruf).

Javob: Zakot, albatta, kambag‘allarga beriladi. Kambag‘al deb boylik chegarasiga yetmaganlarga aytiladi. Lekin ayni zakot — sadaqotlarni kimga berish kerak ekanligini Ollohning O‘zi ko‘rsatib bergan. Qur’oni Karimda sakkiz sinfdagi yoki sakkiz qatlam — toifadagi kishilarning zakot olishi aytilgan. Sadaqalar, zakotlar:

1. Faqirlarga;

2. Miskinlarga;

3. Zakot yig‘uvchi kishilarga;

4. Dini Islomga oshno qilinishi kerak bo‘lgan kishilarga;

5. Qullarni ozod qilish yo‘liga;

6. Qarzini to‘lay olmay qolgan kishilarning qarzini to‘lashga;

7. Olloh yo‘lida;

8. Musofirlarga berilishi kerak, deb sakkiz sinfni bizga Ollohning o‘zi bayon qilib bergan:

Endi o‘sha sakkiz sinfga kiruvchilarni batafsil ko‘rib chiqaylik.

Birinchisi — faqirlar sinfidir. Tasarruflaridagi mol-davlatlari boylik chegarasiga yetmaganlar faqirlardir. Ya’ni, ularning yeyish-kiyishiga yetadigan ozgina mablag‘i bor-u, lekin jamg‘armasini oltin hisobiga oladigan bo‘lsak, u 20 misqol oltin yoki 200 tanga (600 gr.) kumush qiymatiga yetmagan. Demak, bunday kishi boy hisoblanmaydi. Va u zakot olsa bo‘laveradi.

Ikkinchisi — miskinlar sinfi. Bu — o‘zbekcha «bechora» deganidir. Ya’ni, chorasi yo‘q, hech narsasi yo‘q kishidir. Albatta, bundaylarga zakot beriladi.

Uchinchi sinf — zakot yig‘uvchilar. Islom mamlakatlarida davlat tomonidan soliq yig‘uvchilar kabi alohida zakot yig‘uvchilar tayinlanadi. Ular boylarning zakotini yig‘ib, kambag‘allarga bo‘lib berar ekanlar, shu ish uchun ketgan vaqtlariga maosh oladilar. Garchi ular o‘zlari zakot bera oladigan darajada boy kishilar bo‘lsalarda, qilgan mehnatlari evaziga ularga to‘plangan zakotdan bir qismini maosh sifatida berish mumkin.

To‘rtinchi sinf — dini Islomga qalblari oshno qilinishi kerak kishilar, dedik. Islom dini dunyoga tarqalayotgan davrlarda, ya’ni, Rasululloh taraflaridan dinga da’vat qilinayotgan paytda, boshqa qabilalardagilarni dinimizga da’vat qilish uchun payg‘ambarimiz ularga ham boylarning zakotlaridan berishni buyurganlar. Shu narsa orqali ham ularning qalblarida dinimizga nisbatan muhabbat paydo bo‘lgan. Bu hukmni Rasulullohning vafotlaridan so‘ng xalifa bo‘lib turgan hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu dinimiz yetarli darajada rivojlandi, endi boshqa dindagi kishilarni dinimizga da’vat qilish maqsadida ularga zakot ulashish ortiqcha, deb to‘xtatib qo‘yganlar.

Beshinchisi — qullarni ozod qilish uchun zakot berish. Tarixdan bilamizki, Qur’on nozil bo‘lgan davrda dunyoda quldorlik tuzumi hukm surgan edi. Ana o‘sha paytda qullarni ozod qilishni dini Islom eng ulug‘ ibodat deb hisoblagan. Boylarga «Pullaringizga qul sotib olib ozod qilib yuboring», — deb buyurilgan edi. Hozir quldorlik zamoni bo‘lmagani uchun bu hukmga, tabiiyki, ehtiyoj qolmagan.

Oltinchi sinf — qarzdorlar. Boy odam beradigan zakotini qarzini to‘lay olmayotgan kishiga bersayu, u qarzini uzib olsa — Olloh buyurgan ish bo‘ladi.

Yettinchi sinf — fiysabililloh — ya’ni, Olloh yo‘lida zakot bermoqlik. Ayrim ulamolar Ollohning diniga da’vat qilayotgan tolibi ilmlarga zakot berilsa Olloh yo‘lida berilgan bo‘ladi, deb ham tafsir qildilar.

Zakot berilishi mumkin bo‘lgan sakkizinchi sinf musofirlardir. Musofir o‘z vatanida boy bo‘lsa-da, safardagilik chog‘ida, aytaylik, vataniga qaytib ketishi uchun mablag‘i yetarli bo‘lmay qolishi mumkin. Shuning uchun ham zakot berish buyurildi.

Demak, shariatimiz nazarida, faqirlar, miskinlar, qarzdorlar hamda musofirlar kambag‘aldirlar va boylarimiz zakotlarini o‘shalarga berishlari lozim (Shayx Alouddin Mansur).

Zakotni kimlarga berib bo‘lmaydi: Zakotni nisob miqdoridagi moli bo‘lgan boy kishiga berish mumkin emas. Shuningdek zakot beruvchi o‘zining ota-onasi, bobo-momosi va ulardan yuqoridagilarga, o‘zining o‘g‘il-qizlariga va ulardan pastdagilarga, er-xotin bir-biriga zakot berishi mumkin emas.

Kimlarga bergan afzal: Ushbu savolga “Fatavoi hindiya” kitobida shunday javob berilgan: “Zakot, fitr va nazr sadaqalarini berishda eng afzali avvalo aka-uka, opa-singillarga beriladi. So‘ng ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar so‘ng ularning farzandlari. Tog‘a-xolalar va ularning farzandlari so‘ng yuqoridagilardan tashqari qarindoshlar. Ulardan keyin qo‘shnilar. Kasbdoshlar keyin hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqlidirlar.

Yana “Bahrur roiq”da: “Qarzi bor kishiga zakot berish faqirga zakot berishdan ko‘ra afzaldir”, deyilgan (O‘MI taqdim etgan jum’a mav’izasidan).

Zakot va sadaqalarni kimlarga berish kerak?