YUNUSOV Gʻozi Olim haqida

YUNUSOV Gʻozi Olim haqida

YUNUSOV Gʻozi Olim

YUNUSOV Gʻozi Olim (Gʻozi Yunus, 1893 — Toshkent shahri — 1938.4.10) — tilshunos, folklorshunos olim. Turkiya untida, Anqaradagi «alAzhar» madrasasida oʻqigan (1912—14). 1918 yil iyulda Turkiston yoshlarini milliy va ilmiy ruhda tarbiyalash maqsadida «Turk oʻchogʻi» tashkilotini tuzgan. 1920—22 yillarda Maorif komissarligi qoshidagi ilmiy kengash til va terminologiya shoʻbasida ishlagan. Shu komissarlik qoshidagi Til va terminologiya qoʻmitasida ilmiy kotib, Samarqand pedakademiyasida oʻzbek tili kafedrasi prof. (1925—30), Til va adabiyot in-tida ilmiy xodim (1934—37). Samarqand, Toshkent, Sirdaryo (Mirzachoʻl) viloyatlarida boʻlib, xalq qoʻshiqlari, jumboqlari, maqollarini, «Alpomish» dostonining 2 qismini (50 sahifa), «Hiylakor kal», «Topqir kal», «Shum kal», «Tulki va bedana», «Tulki va tojik», «Kimlar oʻgʻri», «Oʻrinsiz tilak», «Aldangan qozi», «Yengilgan podshoh» kabi hikoyatlarni toʻplagan.

«Oʻzbek urugʻlaridan qatagʻonlar va ularning tili» (1930), «Yuridik terminlar lugʻati» (1926), «Oʻzbek tili grammatikasi» (1936) ilmiy asarlar muallifi. Oʻzbek xalq eposi — «Alpomish» dostonining ilk tadqiqotchilaridan biri. 20—30-y. lar matbuotda Gʻozi Yunus taxallusi bilan matbuot, tilshunoslik, adabiyot, folklorshunoslikka oid dolzarb maqolalar yozgan. 1937-yil 3-iyulda hibsga olinib, 1938-yil 4-oktyabrda otilgan. 1989-yilda oqlangan.

Sirojiddin Ahmedov.

Ensiklopediya.uz
YUNUSOV Gʻozi Olim