Yassitovonlik
Yassitovonlik
DO`STLARGA ULASHING:
Yassitovonlik bolalarning tayanch-harakat aʼzolarida eng koʼp uchraydigan kasalliklardan biri boʼlib, tovon tagi uzunasiga yerga tegib turishi bilan xarakterlanadi. Meʼyoriy holatda, aksincha, tovon tagi biroz bukiluvchi holda boʼlishi lozim. Ushbu xastalikka bolalar 3-4 yoshga toʼlganida tashhis qoʼyish mumkin. Negaki, bolada maʼlum vaqtgacha tovon suyaklari hali qotmagan, koʼplab togʼay toʼqimalardan iborat, mushak va paylar hali kuchsiz, choʼziluvchan, yumshoq boʼladi.
Tayanch-harakat aʼzolar meʼyorda rivojlanganda bolada 5-6 yoshida tovon oʼzining asl holatiga keladi. Lekin baʼzida tovonning rivojlanishi oʼzgarib, yassitovon kasalligi kelib chiqadi. Yassitovonlik paydo boʼlishida quyidagi omillar ahamiyatga ega:
Ota yoki onada yassitovon kasalligi boʼlsa, bu bolaga ham oʼtishi mumkin.
Juda tekis va poshnasiz yoki juda uchli, juda keng, noqulay oyoq kiyim kiyganda.
Koʼp ogʼir yuk koʼtarganda yoki ortiqcha vazn (semizlik) tufayli oyoqlarga ortiqcha yuk tushganda.
Zaif boʼgʼimlarning oʼta bukiluvchanligi yoki raxit tufayli bu kasallik roʼy beradi.
Shuningdek, oyoqlarda boldir va tovon mushaklari sholligida (poliomielit kasalligi roʼy beradi) asorati yoki DTsP (bolalar serebral falajligi), shuningdek tovon jarohatlanishi ham koʼpincha yassitovonlikni keltirib chiqaradi. Baʼzida ota-onalar kasallikka unchalik eʼtibor berishmaydi. Chunki yassitovonlikning erta davrida uning belgilari kuzatilmaydi. Lekin vaqt oʼtib, tovonning oʼziga xos amortizatsiya vazifasi buziladi va bu hol tayanch faoliyatini susaytiradi. Yurish vaqtida hamma kuch boldir, chanoq-son boʼgʼimiga, bel umurtqalari pogʼonasiga tushadi va buning oqibatida boʼgʼim kasalligi (artrozlar), umurtqalar pogʼonasi qiyshayishi (skolioz) kasalligi kelib chiqishi mumkin. Shuning uchun yassitovonlik qancha tez aniqlansa va uning davolanishi qancha barvaqt oʼtkazilsa, kasallik rivojlanishini bartaraf qilsa boʼladi.
Yassitovon xastaligini davolashda oʼziga xos davolash uslublari qoʼllaniladi. Koʼproq fizioterapevtik davolash – parafin, elektroforez bilan davolash, gimnastika, massaj (maxsus uqalash) yaxshi natija beradi. Kasallikning dastlabki davrida eng foydali muolaja uqalash boʼlib, u mushaklarning qotishiga, qon aylanishini meʼyoriy holatga keltirishga, tovon boʼgʼimlari va paylariga yaxshi taʼsir oʼtkazadi. Davolash vaqtida umurtqalar pogʼonasiga ham ahamiyat berish zarur. Negaki, yassitovonlikda bu aʼzo shakli oʼzgarishi mumkin.
Yassitovonlik tashxisi qoʼyilgach, bola maxsus oyoq kiyim kiyishi kerak. Eng asosiysi, tanlangan poyafzal bola oyogʼining oʼlchamiga toʼgʼri kelishi zarur. Tabiiy matolardan tayyorlangan, tovoni qattiq va uncha katta boʼlmagan, poshnali, qulay poyafzal bemor bolalarning tovoni uchun foydali. Ota-onalar shuni yodda tutishlari kerakki, yassitovonlik erta aniqlanmasa va davolanmasa, tovon shakli buzilishiga sabab boʼlib, tayanch-harakat aʼzolarida turli xil kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Husnora NOROVА,
Qashqadaryo viloyat bolalar koʼp tarmoqli tibbiyot markazining shifokori,
oliy toifali ortoped-travmatolog.
Yassitovonlik