Yashil nur
Yashil nur
Ushbu sayt tematikasiga mos maqolalar tayyorlash maqsadida, yaqin ikki yildan buyon faqat ilmiy-ommabop adabiyotlar mutolaasi bilan cheklanayotgan edim. Lekin, o‘tgan haftada Jyul Vernning «Yashil nur» kitobi qo‘limga tushib qoldi va uni uch kun ichida mutolaa qilib tugatdim (unchalik ham katta kitob emas). Albatta, ushbu asar ham ko‘p jihatdan, ilmiy faktlarga badiiy tasvir berish orqali ijodiy bezatilgan. Lekin, qiziqarli bo‘lsa-da, biroq, quruq ilmiy faktlar bilan kifoyalanuvchi ilmiy-ommabop asarlardan farqli o‘laroq, «Yashil nur» harqalay, voqe’likni yuksak badiiy did bilan bayon qilingan, tasvirlash uslubi ham muallifga xos tarzda juda mukammal bo‘lgan ajoyib asar ekan. o‘qib chiqishni tavsiya qilaman.
Asar syujetiga chuqurlashmasdan, shuni ma’lum qilmoqchimanki, unda miss Yelena Kempbell ismli yosh shotland qizi, «Morning Post« gazetasida e’lon qilingan yashil nur haqidagi maqolani o‘qib, uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgisi kelib qoladi. Yashil nur bilan bog‘liq bir necha irim-sirimlar va afsonalar uning qiziqishini battar orttiradi. Emishki, kimki, yashil nurni ko‘rsa, bu uning uchun yaxshilik alomati bo‘lib, niyatlariga yetar ekan… Asar qahramoni Yelena, yashil nurni ko‘rish uchun safarga chiqadi va bu yo‘lda bir necha bor qulay imkoniyatlarni qo‘ldan beradi va oxir oqibat yashil nurni ko‘ra olmaydi (shunga qaramay, asar baxtli yakun bilan tugaydi).
Biroq, Yelena yashil nurni ko‘ra olmagani — tabiatda yashil nur aslida yo‘q degani emas…
Va yashil nur Jyul Vern to‘qib chiqargan shunchaki badiiy-tasviriy ifoda ham emas. U haqiqatan ham tabiatda mavjud bo‘lgan, lekin kamyob optik hodisalaridan biridir. Ushbu ajoyib tabiat hodisasi Quyoshning botishi va yoki chiqishi paytida, juda qisqa muddat ichida — taxminan 1-2 soniya davomida yuzaga keladi. Yashil nurning paydo bo‘lishi ham aslida, Quyosh botishidan oldin ufqning qirmizi tusga kirishi singari, atmosferaga oid optik hodisa bo‘lib, bunda Quyoshning zarrin nurlari Yer atmosferasi bo‘ylab muayyan nozik qonuniyat bilan sochiladi.
Yashil nurni ko‘rish uchun bir necha muhim sharoitlarga ega bo‘lish shart. Avvalo, Quyosh botishi oldidan osmon toza va tiniq bo‘lishi kerak. Juda kichik bulut ham yashil nurni ko‘rish imkonini yo‘qqa chiqaradi. Shuningdek, gorizont chizig‘i ham butun ko‘rish kengligi bo‘ylab yaqqol ochiq va keng bo‘lishi, hamda, gorizont juda uzoq masofada joylashgan bo‘lishi zarur. Ko‘p hollarda yashil nurni asosan dengiz va okeanlarda suzayotgan kema xizmatchilari kuzatishadi. Chunki, ochiq dengizda yuqorida qayd etilgan sharoitlarga ega bo‘lish ehtimoli katta. Shahar joyda esa, gorizontni odatda bino va inshootlar to‘sib qo‘yadi; shuningdek, shaharlarda odatda kuchli changlangan va avtomobil tutunlari bilan to‘lgan havoning o‘zi ham unchalik toza bo‘lmaydi (ayniqsa kech payti). Yashil nurni shuningdek ba’zan, juda kam ehtimol bilan tog‘ va tog‘oldi hududlarida ham kuzatish mumkin.
Aytib o‘tganimizdek, yashil nurni eng ko‘p kuzatadiganlar odatda dengizchilar bo‘lishadi. Tabiatan irimchi xalq bo‘ladigan aynan o‘sha dengizchilar — yashil nur haqidagi afsonalarni tarqatishgan bo‘lsa ajab emas. Chunki, dengizchilar uchun Quyosh botishi, yoki, chiqishi oldidan yashil nurni ko‘rish — yaxshilik alomati deb hisoblangan va ular manzilga omon-eson yetib olishlariga ishonch bilan, yanada g‘ayrat qilib suza boshlashgan. Keyinchalik, irimchilarning «sharofati« bilan, «yashil nurni ko‘rgan lahzada tilak tilansa, albatta ijobat bo‘ladi» — qabilidagi uydirmalar ham urchigan…
Irimchilardan farqli ravishda, o‘z odatlariga ko‘ra hamma narsa qatori ilmiy faktlarga ham ishonqiramay qaraydigan skeptik shaxslar esa, yashil nurni shunchaki ko‘zining optik aldanishi, yoki, ongdagi tasavvur illyuziyasi deb da’vo qilishadi. Ulardan ba’zilarining fikricha, yashil nur — Quyosh nurlaridan qamashib ketgan ko‘zda paydo bo‘ladigan ichki optik reaksiya ham bo‘lishi mumkin emish.
Lekin, Jyul Vern zamondoshlaridan farqli o‘laroq, bizning davrimizda, mazkur noyob tabiat hodisasini nafaqat o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, balki uni foto-videotasvirga tushirish orqali, skeptiklarning shubhalarini yo‘qqa chiqarish mumkin. Hozirda yashil nurni, bir-biridan mutlaqo notanish bo‘lgan ko‘plab odamlar tomonidan, sayyoramizning umuman boshqa-boshqa hududlaridan foto- yoki videotasvriga tushirilgan holatlari internet sarhadlarida tiqilib yotibdi («Yashil nur» deb yozib gugllash kifoya). Shu sababli, endilikda uning mavjudligiga ishonish-ishonmaslik haqida bosh qotirish ham, yoki, uni ko‘rish uchun qulay fursat va joy poylash ham shart emas (YouTube va instagramm yaratuvchilariga rahmat ).
Yashil nurning paydo bo‘lishiga oid fizik sabablarga to‘xtaladigan bo‘lsak, buning uchun maktabdagi fizika darslarini yodga olish kerak bo‘ladi. Ma’lumki, Quyosh nuri — elektromagnit to‘lqinlardan iborat bo‘lib, yorug‘lik tarkibidagi har bir rang — faqat o‘ziga xos bo‘lgan chastota va to‘lqin uzunligiga ega. Siz bilan biz ko‘zimiz bilan ko‘radigan yorug‘lik nurlari aslida elektromagnit nurlanishlar ichidagi juda tor diapazondagi turi xolos. Yorug‘lik nurlari tarkibida bizning ko‘zimiz rang sifatida farqlaydigan turli to‘lqinlar mavjud. Muayyan chastotadagi yorug‘likni bizning ko‘zimiz qizil rang sifatida ko‘rsa, boshqacharoq chastotali yorug‘lik va to‘lqin uzunligidagi nurni biz ko‘k rang sifatida ko‘ramiz. Yorug‘lik spektrida eng uzun to‘lqin uzunligiga ega rang bu — qizil rang hisoblanadi. Qizil rangning to‘lqin uzunligi 0,6-0,7 mkm orasida bo‘ladi. Yashil rangning to‘lqin uzunligi taxminan 0,5 mkm bo‘lsa, binafsharangning to‘lqin uzunligi ≈0,4 mkm bo‘ladi. To‘lqin uzunliklari orasidagi shu darajada kichik farqqa qaramay, turli rangdagi yorug‘lik nurlari muhitda tarqalishi borasida keskin farqlarga ega bo‘ladi. Xususan, turli rangdagi yorug‘lik nurlarining muhitda tarqalish tezliklari ham o‘zaro farqlanadi. Yorug‘lik to‘lqinlarining muhitda tarqalish tezligining, yorug‘lik nuri rangining chastotasi va to‘lqin uzunligiga bog‘liqligi, yorug‘lik to‘lqinidagi elektromagnit maydon tebranishlariga nisbatan ta’sirlanishining aynan o‘zginasidir. Fizikada bu holatni dispersiya deb ataladi. Bizni o‘rab turgan va biz ko‘nikkan aksariyat muhitlarda, xususan, Yer atmosferasida yorug‘lik tarkibidagi qizil rangning tarqalish tezligi kattaroq, yashil, yoki, ko‘k ranglariniki esa pastroq bo‘ladi. Bunday bog‘liqlik (ya’ni, yorug‘likning muhitda tarqalish tezligi va uning chastotasi hamda to‘lqin uzunligi orasidagi bog‘liqlik) — fanda me’yoriy dispersiya deb ham yuritiladi va u qizil rang uchun kichik sindirish ko‘rsatkichiga, ko‘k va yashil ranglar uchun esa kattaroq sindirish ko‘rsatkichiga to‘g‘ri keladi. Eslatib o‘taman, sindirish ko‘rsatkichi bu — muhitdagi yorug‘lik tezligi — v ning, ayni yorug‘likning vakuumdagi tezligiga nisbatan qanchalik kichikligini ifodalovchi kattalikdir: n=c/v (c≈3·108 m/soniya).
Yashil nur hodisasining paydo bo‘lishini tushunish uchun kerak bo‘ladigan yana bir fizik qonun bu — yorug‘likning sinish qonuniyatlaridir. Ushbu qonunga ko‘ra, yorug‘lik sindirish ko‘rsatkichi turlicha bo‘lgan muhitlar chegarasiga burchak ostida tushsa, unda yorug‘lik nuri o‘zining dastlabki yo‘nalishidan og‘adi, ya’ni, sinadi. Sindirish ko‘rsatkichi n kichikroq bo‘lgan muhitdan, mazkur ko‘rsatkich kattaroq bo‘lgan muhitga o‘tishida, sinish burchagi tushish burchagidan ko‘ra doimo katta bo‘ladi. Bunda har ikkala burchakni muhitlarni chegaralab turgan perpendikulyarga nisbatan olinadi. Shunday qilib, turli to‘lqin uzunliklaridagi, demakki, turli ranglardagi yorug‘lik nurlari uchun sinish ko‘rsatkichlari ham turlicha bo‘ladi va tabiiyki, sinish va qaytish burchaklari ham turlicha bo‘ladi. aynan aytadigan bo‘lsak, qizil rang yashil rangdan ko‘ra kamroq sinadi. Aslida oq ko‘rinadigan yorug‘lik nurining prizma orqali o‘tkazilsa, uning turli ranglarga yoyilishining sababi ham shu aslida. Quyosh nurlari ham atmosferaga kirib kelgach, xuddi shunday ravishda tarkibiy qismlarga, ya’ni, turli rangdagi yorug‘lik nurlariga sochilib ketadi. Ya’ni, bu holatda Yer atmosferasi tabiiy prizma vazifasini o‘tab beradi. Biroq, Yer atmosferasida yoyilgan turli ranglardagi nurlarni alohida-alohida ko‘rish uchun ham muayyan sharoitlar taqozo qilinadi. Xususan, Yerdagi kuzatuvchi ko‘rib turgan Quyosh chiqishi va botishi vaqtida, kosmik muhitdan (deyarli vakuumdan) kelayotgan nurlar katta burchak ostida tushadi. Yer atmosferasi esa, Yer sirtiga yaqinlashgani sari, zichligi ham ortib boradi. Shu sababli, Yerning yuza qismida nur sindirish ko‘rsatkichi ham katta bo‘ladi. Shunday qilib, atmosferaga kirib kelgan yorug‘lik nurlari muttasil sinishga uchraydi, ya’ni, spektrning tarkibiy qismlariga yoyiladi. Bunda, xuddi shisha prizmadagi singari, spektrdagi qizil rang eng kam sinadi. Aslida, Yer atmosferasida qizil va yashil rangli nurlarning sinish ko‘rsatkichlari orasidagi farq unchalik ham katta emas. Lekin, sinish chegarasini juda uzoq masofalardan kuzatilganda, xususan, masofa 100 km atrofida bo‘lganida, qizil va yashil nurlarning sinish chegarasini va ularning ajralish effektini yaqqol ko‘rish mumkin. Quyosh chiqish va botishi oldidan yashil nurning paydo bo‘lishi sababi ham aynan shunda. Haqiqatan ham, Quyosh gorizont chizig‘i ortiga botib bo‘lgach, uning qizil nurlari kuzatuvchiga nisbatan balandroqdan o‘tib ketadi va ayni damda, nisbatan qisqa to‘lqinli nurlari, ayniqsa yashil nurlar kuchliroq og‘ishga uchraydi va shunda yashil nurni oddiy ko‘z bilan ko‘rish, yoki, optik asboblar vositasida qayd qilish mumkin bo‘ladi. Albatta, yanada qisqaroq to‘lqinli nurlar — ko‘k, moviy va binafsharanglar ham yanada kuchliroq sinadi. Lekin, ularning juda tarqoq bo‘lishi hamda, Yer atmosferasida yutilib ketishi tufayli, bu rangdagi nurlarni kuchli optik asboblar bilan ham ko‘rishning imkoni qolmaydi.
Yashil nurni ko‘rishga to‘sqinlik qiladigan asosiy narsalar — atmosferada uchib yurgan changlar, tuman, tutun kabi havoning tozaligiga salbiy ta’sir qiluvchi omillardir. Bundan tashqari, yuqorida ham aytilganidek, Quyosh botishi yoki chiqishi chog‘ida, uni kuzatayotgan odam bilan gorizont chizig‘i masofasi imkon qadar juda katta bo‘lishi kerak. Bunday sharoitlarga eng oson erishiladigan joylar bu — dengiz sohillari hamda, ochiq dengizning o‘zidagi kuzatuvlardir. Yashil nurni dashtlarda, sahro va o‘rmonlar yaqinida ko‘rishning imkoni deyarli yo‘q.
Albatta, yashil nurning paydo bo‘lishiga oid fizik tafsilotlarni yaxshi tushunib olib, uning aslida hech qanaqasiga mo‘jiza emasligi va aksincha, mutlaqo tabiiy optik hodisa ekanini anglab yetgan kishi uchun ham, uni ilk bora ko‘rganda kuchli hissiyotlarga berilmaslikning iloji yo‘q. Chunki, yashil nur juda qisqa muddat, atiga bir lahzaga ko‘rinsa-da, shunga qaramay, o‘zining ajoyib jilvalari bilan shuuringizda chuqur ijobiy taassurot uyg‘otadi. Ona tabiatning shunday ajoyib hodisasidan beixtiyor hayratga tushasiz va bir muddat lol bo‘lib qolasiz. Yashil nurning umidbaxsh nur sifatida, yaxshilik alomati deb qabul qilinishining sabablarini tushungandek bo‘lasiz.
P.S.
Quyida yashil nur tasviri muhrlangan bir necha suratlarni havola qilaman. Suratlar instagrammdan olingan va ularning egalari mualliflik huquqlari borasida mendan o‘pkalamaydilar degan umiddaman .
Manabu manzillarda esa, yashil nurni videotasvirga tushirilgan qisqa videoroliklarni ko’rish mumkin:
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Qiziqarli fizika
Yashil nur
Manba:orbita.uz