Yangi kimyoviy elementlar: Nihonium, moskovium, tennesin va oganesson to’liq malumot oling
Ilgari xabar berganimizdek, 2015-yilning 30-dekabr sanasida Xalqaro Amaliy va Nazariy Kimyo Ittifoqi (IUPAC) tomonidan kimyoviy elementlarning Mendeleyev davriy jadvaliga 4 ta yangi element qo‘shilganini eʼtirof etgan edi. O‘sha paytda davriy jadvalga yangi qo‘shilgan mazkur elementlarga vaqtinchalik nomlar berilgan bo‘lib, ular elementning jadvaldagi tartib raqamiga mos ravishda, ushbu raqamning lotinchadagi talaffuzi bilan muvaqqat nomlangan. Xususan, jadvalga qo‘shilgan 113-elementni “ununtriy” (so‘zma-so‘z tarjimasi “bir yuz o‘n uchinchi”), 115-elementni “ununpentiy” (bir yuz o‘n beshinchi), 117-elementni “ununseptiy” va 118-elementni “ununoktniy” deb nomlangan. Biroq aytib o‘tilganidek, bu nomlar elementlarga vaqtinchalik biriktirilgan bo‘lib, ushbu elementlarni kashf qilgan olimlar va ilmiy laboratoriyalarga o‘z kashfiyotlari uchun nom berish huquqi taqdim etilgan. 8-iyun sanasida esa IUPACning rasmiy saytida ushbu 4 yangi kimyoviy element uchun rasmiy nomlar biriktirilgani haqida xabar eʼlon qilindi. IUPAC rasmiy xabariga ko‘ra, kimyo bo‘yicha eng nufuzli ushbu xalqaro ilmiy tashkilot Mendeleyev davriy jadvaliga qo‘shilgan yangi elementlarga ularning kashfiyotchilarining takliflariga ko‘ra quyidagi rasmiy nomlarni biriktirishga qaror qilgan: 113-element ununseptiy uchun rasmiy nom sifatida “Nihonium”, kimyoviy formula esa “Nh” etib belgilandi. Nihonium — ushbu element kashf etilgan mamlakat Yaponiyaning mahalliy xalq tilidagi nomlaridan biri. Uning aynan maʼnosi “kunchiqar yurt” degani bo‘lib, mazkur elementni sintez qilishga muvaffaq bo‘lgan ilmiy dargoh — RIKEN instituti Yaponiya poytaxti Tokio yaqinidagi Vako shaharchasida joylashgan. Institutning yetakchi olimi professor Kosuke Morita boshchiligidagi ilmiy guruh o‘zlari kashf etgan elementga ushbu nomni taklif qilar ekan bu bilan 1908-yilda yana bir yapon kimyogari Masataka Ogava tomonidan amalga oshirilgan, davriy jadvaldagi 43-elementning kashf etilishi yo‘lidagi ulkan ilmiy ishlar uchun hurmat bajo keltirish, shuningdek, 2011-yilgi Fukusima fojiasidan keyingi odamlarda ilm-fanga nisbatan yo‘qolgan ishonchni qaytarishga umid qilishayotganiga urg‘u berib o‘tishgan. O‘rni kelganda eslatib o‘tish joizki, Nihonium Osiyo qitʼasida kashf etilgan ilk kimyoviy element bo‘ldi.
Muvaqqat nomi ununpentiy bo‘lgan 115-raqamli yangi kimyoviy elementga esa “Moskovium” (lotinchada “Moscovium”) nomi berildi. Moskoviumning kimyoviy formulasi esa “Mc” tarzida qabul qilindi. Bunday nom berilishining sababi shundaki, ushbu element ilk bora kashf etilgan kimyoviy laboratoriya — Dubna yadroviy tadqiqotlar institutining Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatida joylashgan. Bu orqali kashfiyotchi olimlar ushbu qadimiy rus tuprog‘ining nomini kimyo fanida ham sharaflashni maqsad qilishgan. Moskovium elementini Dubna yadroviy tadqiqotlar birlashgan instituti ilmiy jamoasi bilan birgalikda AQSHning Livermor milliy laboratoriyasi xodimlari hamkorlikda kashf etishgan. Ushbu hamkorlik natijasida Dubna va Livermor kimyogarlari, shuningdek, 117-element — ununseptiyni ham kashf etishgan edi. Moskoviumning nomi dubnaliklar tashabbusiga ko‘ra taklif etilgan bo‘lsa, Ununseptiy uchun rasmiy nomni Livermor milliy laboratoriyasi xodimlari tanlashgan. Ularning taklifiga ko‘ra, IUPAC 117-elementni “Tennesin” nomi bilan atab, unga kimyoviy formulasi sifatida esa “Ts” ramzini qabul qildi. Tennesin AQSHning Tennesi shtati sharafiga ataldi. Buning boisi mazkur elementning kashf etilishida ulkan xizmat ko‘rsatgan Lourens Livermor nomidagi milliy laboratoriya, Ouk Rij milliy laboratoriyasi, Noksvilldagi Tennesi universiteti, shuningdek, Vanderbilt universitetlarining aynan shu shtatda joylashganligidir. 118-element, ununoktniy uchun esa Livermor laboratoriyasi va Dubna ilmiy jamoasi o‘zaro kelishib, og‘ir ionlarni tadqiq etish, yadro fizikasi va yangi kimyoviy elementlar sintezi sohalarida ulkan ilmiy muvaffaqiyatlarni qayd qilgan olim, professor Yuriy Oganesyan (1933-yilda tug‘ilgan) sharafiga “Oganesson” (kimyoviy formulasi “Og”)deb nomlashni taklif qilishdi va IUPAC ushbu taklifni maʼqulladi. Yangi kimyoviy elementlarga ushbu nomlarni biriktirish bo‘yicha IUPAC rasmiy tavsiyanoma eʼlon qilgan va ushbu nomlar yuzasidan taklif va mulohazalar uchun 2016-yilning 8-noyabriga qadar davom etadigan ochiq muhokama tashkillashtirilgan. Muhokama yakuniga ko‘ra, IUPACning rasmiy hayʼati ushbu nomlarni rasman eʼlon qiladi. Demak, yil oxirida mazkur 4 element, o‘ziga biriktirilgan rasmiy nom va kimyoviy formulalar bilan birgalikda barcha yangi davriy jadvallardan va kimyo faniga oid boshqa manbalardan o‘rin oladi. Eslatib o‘tamiz, Xalqaro Amaliy va Nazariy Kimyo Ittifoqi tomonidan kimyoviy elementlarga nom berish bo‘yicha qabul qilingan qoidalarga ko‘ra, u yoki bu kimyoviy element uchun nom berishda quyidagi tamoyillarga tayaniladi:
a) kimyoviy elementning xossalariga o‘xshash biror afsonaviy qahramon yoki hodisa, shuningdek, biror astronomik obyekt nomi;
b) kimyoviy elementni ko‘p miqdorda o‘zida tutuvchi tegishli mineral yoki modda nomi;
c) kimyoviy element kashf etilgan joy nomi yoki geografik hudud;
d) elementning biror-bir yaqqol ajralib turuvchi xossasi;
e) elementni kashf etgan olim.
Ko‘rib turibmizki, bu safar yangi kashf etilgan 4 elementdan uchtasi qoidalarning “c” bandiga ko‘ra, yana bittasi esa “e” bandiga ko‘ra nomlanmoqda.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Kutib oling, yangi kimyoviy elementlar: Nihonium, moskovium, tennesin va oganesson.
Muqova surat: orbita.uz
Boshqa mavzular
moskovium, tennesin va oganesson, Yangi kimyoviy elementlar: Nihonium