Xalq og’zaki ijodi. Xalq qo’shiqlari. Xalq dostonlari to’liq malumot oling

Xalq og’zaki ijodi. Xalq qo’shiqlari. Xalq dostonlari to’liq malumot oling

Xalq og’zaki ijodi. Xalq qo’shiqlari. Xalq dostonlari
Mundarija скрыть

Xalq og’zaki ijodi badiiy adabiyotning eng qadimgi shaklidir. Negaki badiiy asarlar dastlab og’zaki shaklda paydo bo’lgan, og’izdan -og’izga ko’chib yurgan. Hech qanday yordamchi vositalarsiz xalqning xotirasi tufayli davrlar osha avlodlarga yetib kelgani hamda kim tomonidan yaratilgani noma’lum bo’lgani uchun ham bunday asarlarga xalq og’zaki ijodi namunalari deyilgan. »Xalq og’zaki ijodi» birikmasi o’rnida »Folklor» inglizcha »folk (xalq) va »lore» (donolik) so’zlaridan yasalgan.

O’zbek xalq og’zaki ijodi namunalari orasida doston alohida o’rin tutadi. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida folklorchi olimlar o’zbek baxshilari tomonidan yuz ellikka yaqin doston kuylanganini aniqlashgan va variantlari bilan qo’shib hisoblashganda, ulardan 400 tacha asarni yozib olishgan. Folklorshunoslarning aytishlaricha , birgina »Go’ro’g’li» turkumidagi dostonlar soni yuzdan oshadi , yolg’iz »Alpomishning 40 dan ortiq varianti bor.

»Doston» forscha so’z bo’lib, qissa, hikoya, sarguzasht, ta’rif ma’nolarini bildiradi. Favqulodda xususiyatga ega qahramonlarning boshidan o’tgan voqealar she’r va nasrda aralash tasvirlangan yirik hajmli, muallifi noma’lum epik asar xalq dostoni deyiladi. Yozma adabiyotda ham doston janridagi asarlar bor. Yozma dostonlar she’riy bo’lib, biror personaj boshidan kechirgan hodisalar shoirning tuyg’ulari bilan uyg’unlikda tasvirlanadi.

Xalq dostonlaridagi she’rlar, asosan, o’n bir bo’g’inli bo’lib, barmoq vaznida aytiladi. Qahramonlarning o’y-mulohazalari, nisbatan tinch ruhiy holati tasviri, o’zaro so’zlashuvlari o’n bir bo’g’inli she’r bilan ifodalanadi.

                                 Qaharlansam, qirov turar murtima,

                                 O’zim o’lmay kim keladi yurtima.

                                 Xazon bo’lib, bog’da gullar so’ldimi?

                                 Biror yurtdan elga dushman keldimi?

Ayrim hollarda tasvir talabiga ko’ra 7, 8 bo’g’inli she’riy ifodalar ham uchrab turadi. Otlar chopishining shiddati, suronli jang manzaralari, personajlarning tezkor harakatlari aks etgan o’rinlar yetti-sakkiz bo’g’inli she’rlar vositasida beriladi:

                                 Dushmanlarni to’plab olib,

                                 Yetganiga qilich solib,

                                 Har dara o’likka to’lib,

                                 Bosh kesar maydon ichinda.

Xalq dostonlaridagi nasriy parchalar ham o’ziga xos bo’lib, ko’pincha saj’ yolida, qofiyali qora so’z shaklida yaratiladi. Nasriy parchalarning bu tarzda berilishi xalq dostonlarining ifoda darajasini, badiiy ta’sirchanligini orttiradi. Chunonchi, »Go’ro’g’lining zo’r deb ta’rifi ketgan, zarbasi toshdan o’tgan, qilichining ishlovi yetgan, tekkan omon qolmasin deb, zaharning suvin yalatgan» nasriy parchadagi »ketgan», »o’tgan», »yetgan», »yalatgan» so’zlari nasriy bayonga ohangdorlik, musiqiylik baxsh etadi, uni eshitish va eslab qolishni osonlashtiradi.

Qo’shiq san’atning insoniyat tomonidan eng oldin o’ylab topilgan turi deb taxmin qilinadi.

Rivoyat qiladilarki, yer yuzidagi birinchi qo’shiq Odamato tomonidan Hobil otli o’g’li o’lganida aytilgan marsiya bo’lgan ekan. Negaki, odamzod tug’iliboq alla eshitadi, o’lganida yig’i bilan kuzatiladi. Shu sababli ham qo’shiq xalq og’zaki ijodining eng qadimgi va keng tarqalgan janrlarida biri sanaladi.O’zbek xalq qo’shiqlari ko’p qirrali va sertarmoqdir. Jumladan, xalqimiz tomonidan mehnat, marosim, mavsum, lirik yo’nalishlarda minglab qo’shiqlar yaratilgan. Mehnat qo’shiqlarining o’zi chorvachilik, dehqonchilik, ovchilik, kosiblik singari yana bir qator turlarga bo’linib ketadi.

Lirik qo’shiqlar xalq qo’shiqlari orasida juda qadimiyligi, sonining ko’pligi va badiiy saviyasining yuksakligi bilan ajralib turadi. Bu xil qo’shiqlar 1072-1074- yillarda yaratilgan »Devonu lug’otit turk» asarida ham ko’plab uchraydi.

     Lirik qo’shiqlarga xos bosh xususiyat shundan iboratki, ular xoh sozsiz, xoh soz jo’rligida bo’lsin, kuylangan, ijro etilgan. Shuningdek, ularda muallifning ichki kechinmalari, tuyg’ulari, quvonch-u alamlari ifodalangan.

     O’zbeklar orasida juda keng yoyilgan, hozirga qadar ham turli shakllarga solib kuylanayotgan xalq qo’shiqlaridan biri »Qarg’alar uchsa qaraylik» satri bilan boshlanadigan qo’shiqdir. Unda suyganiga intilib, yetolmagan oshiq holati g’yat dardchil tasvir etilgan. Qarg’a- qish elchisi. Turkiy xalqlar uchun qish ko’ngilsizlikni bildiradi. U ayriliq, xazon, yo’qotish singari ezgin tushunchalarni ifodalaydi. Shu bois oshiq yigit qarg’aning uchishini ko’riboq, Marg’ilon yo’llarini eslaydi. Ayni vaqtda, Marg’ilon unga »handalak bo’yli» yorini yodga tushiradi. Visoliga erishmoq mushkul bo’lgan yor shu qadar yoqimliki, undan handalakdan keladigan mast qiluvchi shirin bo’y taraladi. Ma’shuqa yodga tushishi bilan oshiq o’zining onasidan ajralgan to’tiqush singari ayanch ahvolini qayta tuyadi: »handalak bo’ylikkinam, Siz unda zor, biz bunda zor. To’tiqushning bolasidek ikkalamiz intizor». Lirik qahramon suyuklisi bilan o’zining holatini o’ylagani sari qo’shiqda ezgin ruhiy holat ifodasi kuchayib boraveradi:

                                   Intizorlik torta-torta

                                   Tanda toqat qolmadi.

                                   Yo’lchvindek sarg’yib

                                   Ucharga holat qolmadi.

        Qarg’aning ucha boshlashi qishdan darak berganidek, uning paydo bo’lishi oshiq uchun visol bog’lariga qirov qo’nganidan, ishonch yaproqlarini sovuq urganidan dalolat bo’ladi. Qish kirib kelgach, yo’lchivinlar sarg’ayib, halokatga mahkum bo’lganligi singari vasldan umidini uzgan oshiqning ham hayotdan ilinji qolmagan. G’arib va chorasiz oshiq ma’shuqasi yo’lida shu qadar ko’p ko’z yosh to’kadiki, ulardan baliq suzib yurishi mumkin bo’lgan daryo hosil bo’ladi. Oshiq yigit holini ana shu baliqlardan so’rash mumkin. Ma’lumki, baliqlar gapirmaydi, ovoz chiqarmaydi. Demak, sevgan yigitning ruhiy holati g’oyat ezgin va nochor.

        Lirik qo’shiqlar, asosan, dard ifodasi o’laroq paydo bo’ladi. Chunki chinakam insoniy dardni oddiy so’zlar bilan ifodalash mumkin emas. Inson o’z dardini bir qadar yengillatmoq uchun ham uni qay shakldadir aytib, ko’nglini bo’shatgisi keladi. »Holichangda gul ko’rdim» qo’shigi ham ko’nglini bo’shatgisi kelgan inson tuyg’ularini ifodalaydi. Qo’shiqning qahramoni- iztiroblar og’ushida qolgan nochor kimsa. She’rning dastlabki bandida o’z chorasizligini ifodalash bilan birga, ko’pdan beri ko’rmagan yorini »uxlab tushida» ko’rganini aks ettiradi. Keyingi bandda esa o’zining injiq va tushunarsiz ruhiy holatini izohlaganday bo’ladi:

                                    Eshik oldi Oydinko’l,

                                    Oyna solsam botmaydi.

                                    Men yorimni sog’indim,

                                    Xat yuborsam qaytmaydi.

          Qo’shiqlarda xalqqa xos bo’lgan chechanlik, chapanilik, topqirlik, qaytmaslik kabi sifatlar ham aks etadi. Bu jihatda »Kelinoy» deb ataluvchi qo’shiq diqqatga sazovordir. Qo’shiqning qahramoni-  suluvlikda ham, chaqqonlikda ham, aqlda ham tengsiz qiz. Barcha qo’shig’-u she’rlarda bo’lgani kabi uning ko’ngli kimdaligi noma’lum. Shu bois lirik qahramon unga tadbir o’rgatadi:

                                    Oy tug’adi quroqdan,

                                    Suv tinadi buloqdan.

                                    Oshiqligang bilayin,

                                    Ro’moling to’lg’a yiroqdan.

         Xullas, xalq qo’shiqlari ifodaning nozikligi, ruhiy holat tasvirining kuchliligi bilan asrlar davomida qalblarni bog’lab keladi. Ularning badiiy tasvir darajasi yillar o’tsa-da yuksalib boradi.

Darsliklar
Xalq og’zaki ijodi. Xalq qo’shiqlari. Xalq dostonlari