VITAMINLI OʻSIMLIKLAR haqida malumot bilib oling.
VITAMINLI OʻSIMLIKLAR — bargi, mevasi, guli va b. organlarida vitaminlar yoki provitaminlar (vitaminlar paydo boʻladigan birikmalar) mavjud boʻlgan oʻsimliklar. Turli oʻsimliklarda vitaminlar miqdori bir xil emas, vitaminlar oʻsimlik bargida, generativ organlarda (mevasida, uru gʻida) yoki ayrim qismlarida (urugʻ qobigʻida, murtagida) toʻplanishi mumkin.
A provitaminlar (karotin) asosan ildizmevalardan sabzida, pomidor, qovoq, koʻk noʻxat, naʼmatak, smorodina, oblepixa, petrushka, piyoz va ayrim yemxashak ekinlari (beda, yoʻngʻichqa va b.) da koʻp uchraydi. Achitqilar, shuningdek javdar, bugʻdoy, sholi, makkajoʻxori doni, qoʻziqorin, ayrim suv utlar, koʻpgina sabzavotlarning yashil qismi Vguruhi vitaminlari (tiamin, riboflavin, nikotin kislotasi va b.)ga boy. Vitamin S (askorbin kislotasi) juda koʻp oʻsimliklarda, xususan deyarli barcha sabzavotlar va mevalarda, ayniqsa yetilmagan yongʻoq, qora smorodina, naʼmatak, gulkaram, qulupnay bargida mavjud. Vitamin K (filloxinon) beda bargida, koʻk karam, gazanda oʻt, ryabina, pomidor mevalarida koʻp. Provitamin D (sterinlar) achitqi, qoʻziqorin, moyli oʻsimliklar mevasida ancha miqdorda bor. Vitamin Ye (tokoferollar) — ayrim boshoqdi oʻsimliklarning donida, koʻpgina sabzavotlarning yashil barglarida, moyli ekinlarning mevalarida bor. Vitamin R (bioflavonoidlar) naʼmatak, sitrus oʻsimliklari mevalarida koʻp. Vitaminli oʻsimliklar inson, shuningdek hayvonlar uchun vitaminlar manbai hisoblanadi va vitamin sanoati uchun xom ashyodir (ayrim oʻsimliklarda uchraydigan vitaminlar mikdori jadvalda berilgan).
Abdukarim Zikiryoyev.
Ensiklopediya.uz
VITAMINLI OʻSIMLIKLAR