VETERINARIYA INSTITUTI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
VETERINARIYA INSTITUTI haqida malumot bilib oling.

VETERINARIYA INSTITUTI, Akademik K. I. Skryabin nomidagi Oʻzbekiston veterinariya ilmiy tadqiqot instituti (OʻzVITI) — Markaziy Osiyodagi yirik i. t. muassasasi. Samarqand viloyatining Toyloq qishlogʻida joylashgan (1959-y. dan). Dastlab Turkiston Yer ishlari xalq komissarligi veterinariya boshqarmasi qoshidagi oʻlka veterinariya-bakteriologiya lab. tarzida 1924-y. da Toshkentda tashkil etilgan. 1926-y. da Veterinariya-bakteriologiya in-tiga aylantirildi. 1934-y. dan hoz. nomda. 1978-y. da K. I. Skryabin nomi berilgan. In-t ilmiy tadqiqotlarning asosiy yoʻnalishlari: chorva mollari oʻrtasida tarkalgan yuqumli, invazion va yuqumsiz kasalliklarini oʻrganish va ularga qarshi kurash, turli vaksinalar va davolash preparatlari yaratish, Oʻzbekistonning issiq iqlim sharoitida chorvachilikni rivojlantirish uchun muhim veterinariya-sanitariya tadbirlarini ishlab chiqish va b. iborat. In-tda 17 lab., Qarshi va Navoiy tayanch punktlari, xoʻjalik hisobidagi i. ch. boʻlimi bor (2000). Respublika veterinariya xizmati in-t ilmiy ishlanmalari asosida mamlaktimiz hududida qoramollarning oʻlat va plevropnevmoniya, otlarda yuqumli pnevmoniya, manqa, yuqumli ensefalomiyelit, plevropnevmoniya kabi chorvachilikka juda katta ziyon keltiradigan kasalliklarni butunlay yoʻqotishga erishdi. Hayvonlarning kuydirgi, qorason, quturish, sargʻayma, qoʻtir, chechak va b. yuqumli kasalliklaridan keladigan zarar taʼsiri kamaytirildi. Chorva mollaridagi brutsellyoz (R. G. Yarayev, N. X. Shevchenko, M. S. Obidjonov, R. A. Ismatova), tuberkulyoz (G. V. Ni, M. A. Roʻzimurodov), quturish (N. M. Mamatov), teylorioz (I. X. Rasulov), bradzot (A. A. Volkova), echkilar plevropnevmoniyasi (F. D. Lukashenko), senuroz va exinokokkoz (M. A. Aminjonov), kolisalmonellyoz va pasterellyoz (I. D. Burluskiy, A. K. Siddiqov, R. U. Bulxanov, A. Abdusattorov, T. B. Toʻraqulov, I. V. Ryasnyanskiy, J. Parmonov), parrandalar kolibakteriozi (O. Hoshimov, F. Niyozov) kasalliklariga qarshi yangi samarali vaksinalar, leykoz diagnostikumi (X. S. Salimov, M. K. Bugayev), piroplazmidozlarning oldini olish va davolashda diamidin (A. Gʻofurov, T. X. Rahimov), gelmintozlarga qarshi taʼsiri keng boʻlgan atsetomizol (A. O. Oripov) kabi preparatlar yaratildi va ulardan amaliyotda samarali foydalanilmoqda. In-t faoli-yati I. X. Irgashev, N. M. Matchonov, F. Ibodullayev, A. Roʻzimurodov, T. Boymurodov, M. Aminjonov, X. Salimov, A. Oripov, U. Ya. Uzoqov, G. S. Poʻlatov, N. X. Yenilleyeva kabi olimlar nomi bilan bogʻliq. In-t yuqori malakali ilmiy mutaxassislar yetishtiruvchi markaz hisoblanadi. In-tda 85 ilmiy xodim, shu jumladan 12 fan d-ri, 32 fan nomzodi ishlaydi. In-tda aspirantura va doktorantura bor. Ilmiy asarlar, monografiyalar, uslubiy koʻrsatmalar, yoʻriqnomalar, qoʻllanmalar, tavsiyalar va b. nashr etadi.

Ensiklopediya.uz
VETERINARIYA INSTITUTI