Urban Leverye
Urban Leverye
Urban Jan Jozef Leverye (fransuzcha: Urbain Jean Joseph Le Verrier), 1811-yilning 11- mart kuni Sen-Lo shahrida tavallud topgan. Fransuz matematik va astronomi. Neptun sayyorasini kashf etgan olim.
Boshlang‘ich ta’limni o‘z shahrida olganidan so‘ng, Kayenna Politexnika maktabiga o‘qishga kirgan, biroq imtihonlardan topshirmasdan, o‘qishni tashlab, keyinchalik boshqa o‘quv yurti — Parijdagi Buyuk Lyudovik kolledjiga joylashgan. o‘qishni matematikadan oltin medal bilan bitirgach, Stainlas kolledjida matematikadan dars bera boshlagan. 1837-yilda Parij Politexnika maktabiga astronomiya kafedrasiga ishga kirgan. Olim Aragoning taklifiga ko‘ra esa, 1839-yilda Parij rasadxonasida faoliyat boshlagan. Aynan shu yili uning astronomiyaga oid dastlabki asari — «Sayyoralarning yo‘llaridagi asriy o‘zgarishlarning tadqiqi» nomli risolasi nashrdan chiqqan.
U o‘zi mustaqil ravishda kimyo bilan shug‘ullanib, qator tadqiqotlar olib borgan. Biroq, o‘sha davrda Yevropa ilm-fanida eng katta qiziqish bilan o‘rganilayotgan mavzu — Uran orbitasining anomaliyalari va undan keyingi sakkizinchi sayyoraning mavjudligi to‘g‘risidagi bahslar tufayli, astronomiyaga kuchli qiziqish bilan kirib kelgan. Leverye 1842-yilda, Fransua Aragoning taklifiga binoan, Uran orbitasidagi anomaliyalarga ko‘ra, unga ta’siri taxmin qilinayotgan sayyoraning orbitasini va koinotdagi joylashuv nuqtasini matematik usul bilan hisoblash ishlariga kirishdi. Uzoq mehnatdan so‘ng, avval 1845-keyin esa 1846-yilda, Urandan keyingi sayyoraning taxminiy koordinatalari haqidagi hisobotlarni Parij Fanlar Akademiyasiga taqdim qildi. Ayni vaqtda hisobotlaring bir nusxasini Berlin rasadxonasiga, astronom olim Iogann Gallega ham yubordi. Leverye yuborgan matematik hisoblashlar asosida olmon olimi Galle 1846-yilning 23-sentyabrida Neptunni aynan Urban Leverye ko‘rsatgan joyda (juda kichik farq bilan) topishga muvaffaq bo‘ldi. Bu amalda sakkizinchi sayyora — Neptunning kashf etilishi edi. Ushbu xizmatlari uchun Urban Leverye fransuz hukumati tomonidan «Osmon mexanikasi professori» unvoni bilan taqdirlandi. Leveryeni Fransuz Fanlar Akademiyasiga qabul qilishdi. Fransiya qiroli Lyudovik va Prussiya qiroli Filipp, Leveryeni faxriy nishonlar va zodagonlik unvonlari bilan taqdirlashdi. 1854-yildan e’tiboran esa, Urban Leverye Parij rasadxonasining direktori etib tayinlandi. Shuningdek u Qirollik Astronomiya Jamiyatining oltin medallari bilan ikki marta — 1868 va 1876-yillarda taqdirlangan.
Urban Leverye, Neptunning kashf qilinishdagi ishtirokidan tashqari, yana ko‘plab boshqa astronomik tadqiqotlari, xususan, Merkuriyning Quyosh diskidan o‘tishi (1845) va «Faya» kometasining trayektoriyasi hamda, «Leksel» kometasining trayektoriyasi haqidagi ilmiy tekshirishlari (1843), tegishli risolalarda e’lon qilingan.
Uning hayoti va astronomik kuzatishlariga oid asarlari — «Esdaliklar«, «Parij rasadxonasi solnomasi» hamda, «Kuzatuvlar» risolalari 1855-1867 yillarda nashrdan chiqqan.
Urban Leverye 1877-yilning 23-sentyabrida Parijda vafot etgan.
Uning sharafiga, Oy va Marsdagi krater, Neptunning halqasi va asteroid (1997)Leverye nomlangan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
O’tmishning buyuk olimlari
Urban Leverye
Manba:orbita.uz