Tug‘ma ichak tutilishi (Mutaxassis bilan suhbat) haqida malumot

Tug‘ma ichak tutilishi (Mutaxassis bilan suhbat) haqida malumot

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti “Gospital bolalar xirurgiyasi va bolalar onkologiyasi” kafedrasi assistenti, Toshkent shahar 2-son bolalar jarrohlik klinik shifoxonasi shifokori, tibbiyot fanlari doktori Jamoliddin SATTAROV bilan suhbat.

tugma ichak tutilishi min

– Bolalarda jarrohlik talab etadigan tug‘ma nuqsonlar, jumladan oshqozon-ichak traktining tug‘ma ichak tutilishi kasalliklari va kelib chiqish sabablari haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Tug‘ma nuqson deganda, anatomik tuzilishning buzilishi va buning natijasida a’zo va tizimlar faoliyatining izdan chiqishi tushuniladi. Tug‘ma nuqsonlar xilining ko‘pligi va klinik manzarasining har xil yoshda turlicha kechishi, ularga aniq tashxis qo‘yishni qiyinlashtiradi va bu jarrohlarni tug‘ma nuqsonlarni mukammalroq o‘rganishga undaydi.

Bolalarda oshqozon ichak tizimi rivojlanishi nuqsonlaridan tug‘ma ichak tutilishi ko‘proq uchraydi. Aslida homilaning 4-12 haftasida oshqozon ichak tizimi shakllanib bo‘lishi kerak. Lekin bu davrda homilaga turli xil (tashqi va ichki) omillar ta’siri sababli oshqozon-ichak traktida nuqsonlar paydo bo‘lishi mumkin.

Masalan:

  • oshqozon-ichak traktining shakllanish nuqsonlari: atreziya, stenoz (ichak torayishi), membrana (to‘liq yoki qisman to‘siq bo‘lishi);
  • ichaklarning tashqi tomondan bosilishi natijasida kelib chiqadigan nuqsonlar (taqasimon va halqasimon oshqozon osti bezi, oshqozon-ichak traktining ikkilanishlari, qorin bo‘shlig‘ining kistoz xosilalari);
  • ichaklar rotatsiyasi (joylashuvi) va fiksatsiyasi nuqsonlari (Ledd sindromi, aynan ingichka ichak buralishi, ichaklarning patologik fiksatsiyasi, o‘rta ichak buralishlari, mezokolikopariyetal churralar, noto‘liq rotatsiya, amalga oshmagan rotatsiya, teskari rotatsiya);
  • mekoniyali ileus va boshqalar tug‘ma ichak tutilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Tug‘ma ichak tutilishining turli shakllari aksariyat holatlarda neonatal (chaqaloqlik davri) va 3 oylikkacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Bunda ko‘plab tug‘ma rivojlanish nuqsonlari va buning ustiga qo‘shimcha somatik kasalliklar tufayli yuzaga keladigan moslashuvning buzilish holati davolash natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Tug‘ma ichak tutilishi katta yoshdagi bolalar va o‘smirlar orasida kuzatilganda kasallikka tashxis qo‘yish murakkabligi tufayli bemor hayotiga xavf soluvchi asoratlarning rivojlanishi operatsiya muolajasini o‘tkazishni va operatsiyadan keyingi davrning kechishini yanada chigallashtiradi.

Yaxshiyamki, zamonaviy tibbiyot sohasida bizning mamlakatimizda ham jahon standartlariga mos keladigan yuqori sifatli tashxislash va davolash ishlari yo‘lga qo‘yilgan va yuqorida aytilgan muammolar muvaffaqiyatli hal etilmoqda. Misol uchun, Respublika perinatal markazida aynan tug‘ma nuqsonlarni tashxislash va davolashda erishilayotgan yutuqlarni e’tirof etish kerak. Shuningdek, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikalarida ham, xususan “Gospital bolalar xirurgiyasi” kafedrasida tug‘ma va orttirilgan kasalliklar bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqot ishlari muvaffaqiyatli olib borilmoqda. Respublikamiz viloyatlarida tug‘ma ichak tutilishini erta tashxislash, ya’ni go‘dak ona qornidaligidayoq aniqlash va kompleks tashxislash usullari va davolash yo‘lga qo‘yilgan. Aynan tug‘ma ichak tutilishi xastaligini davolash yo‘nalishida neonatal xirurgiya, bolalar jarrohligi va gastroenterologiya bo‘limlari reja asosida, tadqiqotlar natijalaridan foydalanib, bolalar jarrohligi mutaxassisligi bo‘yicha talabalar, magistrlar va klinik ordinatorlar tayyorlash bo‘yicha o‘quv jarayonini olib bormoqda.

– Ba’zida yuzaga kelgan tug‘ma yoki orttirilgan nuqsonlarni bartaraf etish uchun jarrohlik amaliyoti zarur bo‘ladi. Jarrohlikni o‘tkazish muddati ham muhim ahamiyatga ega ekan, shundaymi?

– Ha, bu kasallikda jarrohlik muolajasi davolashning asosiy bosqichi hisoblanadi. Ayniqsa, bolalarda ushbu muolajani o‘tkazish uchun muddatni aniq belgilash muhim ahamiyatga ega.

Jarrohlikni amalga oshirishda zaruriy (absolyut) va nisbiy ko‘rsatmalar bo‘ladi. Zaruriy ko‘rsatma bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkin bo‘lgan holatlarda, masalan, orttirilgan yoki tug‘ma ichak tutilishi, destruktiv appenditsit, ichakning churrada qisilib qolishi kabilarda, qorin bo‘shlig‘ida o‘tkir kechayotgan kasalliklarda beriladi.

Nisbiy ko‘rsatma rejali jarrohlik muolajasiga ko‘rsatma bo‘lgan holatlarda, masalan, siqilmagan chov churralari, gipospadiya, polidaktiliya, kindikning tug‘ma oqmalari, kistalari va hokazolarda beriladi. Bu holatda shoshilinch jarrohlik muolajasi o‘tkazishga ehtiyoj bo‘lmaydi.

Jarrohlik o‘tkazish vaqtini aniqlashda bola yoshi katta ahamiyatga ega. Lekin, zaruriy ko‘rsatma bo‘yicha jarrohlik muolajasi hamma yoshdagi bolalarda, chaqaloqlarda va xatto chala tug‘ilgan chaqaloqlarda ham o‘tkazilishi mumkin.

Nisbiy ko‘rsatma bo‘lgan hollarda esa kasallikning xususiyati, bolaning yoshi hisobga olinib, reja asosida jarrohlik muolajasini o‘tkazish muddati belgilanadi. Masalan:

  • Tug‘ma ichak tutilishi – tashhis qo‘yilganidan so‘ng;
  • Bo‘yin tug‘ma oqmalari – 2 yoshdan;
  • Voronkasimon ko‘krak qafasi – 5 yoshdan;
  • Jigar tug‘ma kistalari – tashhis qo‘yilganidan so‘ng;
  • Sariqlik va siydik yo‘llarining oqmalari: to‘liq – tashhis qo‘yilganidan so‘ng, noto‘liq – konservativ usul 6 oygacha natijasizligida operativ;
  • Kindik halqasi churrasi – 6 oylikdan;
  • Qorin oq chizig‘i churralari – 3 yoshdan;
  • Pilorostenoz – tashhis qo‘yilgandan so‘ng;
  • Oshqozon-ichak tizimining ikkilanishlari – tashhis qo‘yilgandan so‘ng;
  • Girshprung kasalligi – 1-2 yoshlardan;
  • Anus va to‘g‘ri ichak atreziyalari, oqmali shakllari – 6-12 oylardan;
  • Megaureter – tashhis qo‘yilgandan so‘ng;
  • Buyrak distopiyalari – klinik ko‘rsatmalarga qarab;
  • Gipospadiya – 1 yoshdan;
  • Epispadiya – 1-2 yoshdan;
  • Chov churrasi – 6 oylikdan;
  • Urug‘don istisqosi – 2 yoshdan;
  • Urug‘ tizimchasi kistasi – 2 yoshdan;
  • Kriptorxizm – 1 yoshdan.

Faqat ayrim hollardagina (misol uchun, kindik churrasida) jarrohlik muolajasini o‘tkazish muddati kechiktiriladi. Chunki kechiktirilgan muddat ichida kasallik yo‘q bo‘lib ketishi yoki muolaja o‘tkazish uchun qulayroq shart-sharoit tug‘ilishi mumkin.

– Bolalarni jarrohlik amaliyotiga tayyorlash jarayonida ota-onalarga ham qo‘shimcha vazifalar yuklanadimi?

– Ota-onalarga nafaqat operatsiya oldidan, balki keyingi davri uchun ham qo‘shimcha vazifalar yuklanadi. Vazifalar bemorning yoshi, kasallik turi, davri va kechishiga qarab belgilanadi. Muhimi, ota-onalar farzandlarini o‘z vaqtida kerakli mutaxassisga olib borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tsalar, biz shifokorlar ham kasallikni aniq tashxislab, tez va samarali davolashga erishishimiz mumkin.

Respublikamizning barcha viloyatlarida homiladorlarni tekshiruvdan o‘tkazish uchun skrining va perinatal markazlari mavjud, bugungi kunda ularga murojaat etib, tug‘ma nuqsonlarni aniqlash va tegishli ko‘rsatmalarni vaqtida olish muhim. Shunda homila taqdirini belgilash (homiladorlikni to‘xtatish yoki bola tug‘ilishiga ruxsat berish) hisobiga og‘ir anomaliyalar sonini kamaytirish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Yaxshisi, ota-onalar tug‘ma nuqsonlarning oldini olish uchun o‘z vaqtida harakat qilganlari ma’qul. Buning uchun yoshlikdan sog‘lom turmush tarziga, ratsional ovqatlanish tamoyillariga amal qilishi, dori-darmonlardan bilib-bilmay foydalanishga chek qo‘yishi, bo‘lajak ona o‘ziga va kelgusidagi bolasi sog‘ligiga befarq bo‘lmaslikni o‘rganishi zarur. Bu boradagi ishlarni homilaning ona vujudida paydo bo‘lishidan avvalroq boshlab, homiladorlik davrida davom ettirib, bola tug‘ilgandan keyin ham og‘ishmay amal qilish zarur bo‘ladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Appenditsit – ko‘richak chuvalchangsimon o‘simtasining yallig‘lanishi

© Jamoliddin SATTAROV, tibbiyot fanlari doktori.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA, jurnalist.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Bolalar immuniteti uchun foydali vitaminlar to’plamining eng ko’p qo’llaniladigan komplekslardan biri Alfavitdir.

Alfavit bu – vitamin va minerallar kompleksidir. Har bir yoshdagi chaqaloq yoki maktab o’quvchisi uchun alohida to’plamlardan birini tanlasa bo’ladi.

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/product/alfavit

Boshqa keng qo’llaniladigan vitaminli komplekslar: Komplivit, Supradin, Magvit, Aminoplyus, Rotafer kids va hk…

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Bolalar immuniteti uchun foydali vitaminlar to’plamining eng ko’p qo’llaniladigan komplekslardan biri Alfavitdir.

Alfavit bu – vitamin va minerallar kompleksidir. Har bir yoshdagi chaqaloq yoki maktab o’quvchisi uchun alohida to’plamlardan birini tanlasa bo’ladi.

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/product/alfavit

Boshqa keng qo’llaniladigan vitaminli komplekslar: Komplivit, Supradin, Magvit, Aminoplyus, Rotafer kids va hk…

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Kasalliklar
Tug‘ma ichak tutilishi (Mutaxassis bilan suhbat)