Tromboz nima va uni qanday bartaraf etish mumkin? haqida malumot
Tromboz – organizmning turli sohalaridagi vena qon tomirlarida qonning qotib qolishi yaʼni lahta hosil boʻlishidir. Koʻpincha tromb son, boldir yoki chanoq sohalarida paydo boʻladi. Tromb natijasida qon oqimi qisman yoki toʻliq buzilishi mumkin. Agar tromb joyidan koʻchsa, qon oqimi bilan birgalikda boshqa aʼzolarga borib tiqilib qolishi mumkin, bunday holat inson hayotiga xavf tugʻdiradi. Shu sababli tromboz holatini zudlik bilan bartaraf etish lozim.
Oyoqlarda paydo boʻlgan tromboz natijasida posttromboflebitik sindrom kelib chiqishi mumkin, bunda bemorda oyoqlarda kuchli shish, qattiqlashish va teri yalligʻlanishi kuzatiladi. Sekin astalik bilan oyoqlarda yaralar paydo boʻla boshlaydi.
Tromboz kimlarda koʻproq kuzatilishi ehtimoli yuqori?
Deyarli barcha insonlarda tromboz kelib chiqishi mumkin. Tromb hosil boʻlishi ehtimoli quyidagi holatlarda yuqori boʻladi:
- Travma, suyaklar sinishi yoki operativ jarayon natijasida venalarning jarohat olishi;
- Kam harakatlilik natijasida qon oqimining kamayishi;
- Qonda esterogenlar miqdori yuqori boʻlishi (gormonal preparatlar koʻp qabul qilish);
- Ayrim kasalliklar: yurak, oʻpka kasalliklari, Kron kasalligi, yarali kolit, saraton.
- Nasliy omil: oilada trombozdan aziyat chekuvchi insonlar boʻlsa.
- Ortiqcha tana vazni, oyoqlarda bosimni oshishiga olib keladi.
- Qon ivish xossasining nasliy buzilishi.
- Tamaki mahsulotlari qabul qilish – qon aylanishiga salbiy taʼsir etadi.
Avval trombozdan aziyat chekkan insonlarda qayta tromb hosil boʻlishi ehtimoli yuqori boʻladi.
Trombozni qanday aniqlab olsa boʻladi?
Koʻpincha insonlar qon tomirlar ichida tromb hosil boʻlganligini sezishmaydi, toki teri ostidan qon tomirlarning tashqi belgilari paydo boʻlmagunga qadar. Tromboz holatining simptomlari quyidagilar:
- Zararlangan sohada kuchli ogʻriq boʻlishi;
- Tromb hosil boʻlgan sohada qizarish va mahalliy haroratning koʻtarilishi;
- Venalar teri ostidan kuchli namoyon boʻlishi.
- Agar tromb oyoqda paydo boʻlsa oyoqlarni bukib yozganda ham kuchli ogʻriq kelib chiqadi.
Shifokorga qachon murojaat etish kerak?
Yuqorida sanab oʻtilgan belgilar paydo boʻlishi bilan davolovchi shifokorga murojaat eting. Mutahassis sizni flebolog yoki qon tomir jarrohiga yuborishi mumkini. Agar yuqoridagi belgilarga hansirash, koʻkrak sohasida ogʻriq va diskomfort hissi, yoʻtal, koʻp ter ajralishi, bosh aylanishi yoki hushdan ketish holatlari, lablarning koʻkarishi kabi holatlar ham qoʻshilsa, darhol tez tibbiy yordamga qoʻngʻiroq qiling. Bunday belgilar oʻpka qon tomirlari emboliyasidan dalolat beradi.
Tromboz davosi
Tashxis qoʻyish uchun bir necha tekshiruvlardan oʻtish talab etiladi. Qon analizlari, MRT, KT, flebografiya, qon tomirlar UTT (UZI) tekshiruvi kabilar. Tekshiruvlar yordamida tromb aniqlanishi va uning harakatchan yoki harakatchan emasligi haqida maʼlumotga ega boʻlishi mumkin.
Shifokor qonni suyultiruvchi preparatlar buyurishi mumkin, bundan tashqari oyoqlarda bosimni kamaytirish uchun maxsus kompression bogʻlamalardan foydalanish ham tavsiya etiladi. Ogʻri holatlarda jarrohlik yoʻli bilan tromb olib tashlanadi – trombektomiya.
Uy sharoitida trombozni davolash
Shifokor buyurgan preparatlardan tashqari quyidagi tavsiyalar ham tromboz davosida muhim ahamiyat kasb etadi:
- Hayot tarzini oʻzgartirish, koʻproq yurish – oyoqlarda qon aylanishini yaxshilaydi, yangi tromblar hosil boʻlish ehtimolini kamaytiradi;
- Zararlangan oyogʻingizni balandroq holatda koʻtarib uxlang. Bunday holat oyoqlarda bosimni kamaytiradi;
Toʻgʻri ovqatlanish ratsioniga amal qiling – koʻproq mevalar, koʻkatlar va sabzavotlar isteʼmol qiling. Ular tarkibida mineral va vitaminlar koʻp saqlanadi.
Tarkibida K vitamin koʻp boʻlgan mahsulotlarni isteʼmol qilishda ehtiyot boʻling, masalan mol jigari, brokkoli, karam, koʻk piyoz, shpinat va boshqalar. Albatta diyeta tuzishda shifokor yordamidan foydalaning. Har qanday vitamin preparatlarini qabul qilishda shifokor koʻrsatmasi kerak boʻladi.
Tromb hosil boʻlishi profilaktikasi
Profilaktik chora tadbirlar juda oson. Shunchaki bir joyda uzoq muddat oʻtirmang, koʻproq jismoniy mashqlar bajaring, koʻproq piyoda sayr eting.
Agar uzoq muddat oʻtirishga majbur boʻlsangiz (masalan avtomobilda uzoq yoʻl yurish) oyoqlarni yengil harakatlar yordamida mashq qildiring. Bundan tashqari ortiqcha vaznga ega boʻlgan insonlar vazn tashlash hamda zararli odatlardan voz kechish tavsiya etiladi.
Kasalliklar
Tromboz nima va uni qanday bartaraf etish mumkin?