TOGʻAY

TOGʻAY

TOGʻAY — odam, baʼzi umurtqasiz hayvonlar va umurtqali hayvonlardagi biriktiruvchi toʻqima turi; kollagen tolalar, qujayralararo zich moddadan iborat boʻlib, unda Togʻay hujayralari (xondroblastlar va xondrotsitlar) joylashgan. Tayanch funksiyasini bajaradi. Odam va hayvonlarda Togʻay hamma suyaklarning tutashgan joyida, qovurgʻaning koʻkrakdagi uchida, quloqda, traxeya va bronxlar devorida va b. sohalarda uchraydi. Gialin, elastik va tolali Togʻay farqlanadi. Nafas yoʻllari, qovurgʻalarning oldingi uchlari gialin Togʻay ; hiqildoq, tashqi eshituv yoʻli, quloq suprasi elastik Togʻaydan iborat. Umurtqalar tanasining orasi tolali Togʻaydan tuzilgan. Embrionda Togʻay skeletning koʻp qismini tashkil qiladi, voyaga yetgan organizmda (T. li baliqlardan tashqari) suyaklarning boʻgʻim yuzasinigina qoplab turadi va qovurgʻalar, hiqildoq, kekirdak, bronxlar, quloq suprasi, burun va b. joylarda uchraydi.

Ensiklopediya.uz
TOGʻAY