Teofast Paratsels

Teofast Paratsels

Teofast Paratsels

(1493-1541)

teofast paratsels 660f0542118d2

XVI asrda g‘arb tibbiyot va alkimyogarlik fanlari uchrashgan nuqtada yangi arbob: Teofast Paratsels – ajoyib jarroh hakim va alkimyogar, fe’liga ko‘ra tajang va qo‘rs kishi, jarrohlik tig‘i hamda jang xanjarini bir xilda mahorat bilan ishlata oladigan ko‘p qirrali shaxs  paydo bo‘ldi.

«Haqiqiy kimyo oltin qidirishda emas, odamlar uchun dori – malhamlar tayyorlashda namoyon bo‘ladi!» — deb e’tirof etgan edi Paratsels, va bu so‘zlar uning hayotiy shiori bo‘lib qoldi.

Filipp Aureol Teofast Bombast fon Gogengeym, taxallusi – Paratsels, 1493-yilning 10-noyabr kuni Shveytsariyaning Shvits kantoni, Eynzideln shaharchasida tug‘ildi. Erta yoshlaridanoq tibbiyot fanlariga qiziqish bilan o‘qishga kirishib, Germaniya, Fransiya va Italiyadagi ko‘zga ko‘ringan hakimlardan tahsil oldi. O‘qish yillaridayoq Paratsels kimyo bilan jiddiy shug‘ullana boshlagan. U faqatgina tajribalar o‘tkazish bilan cheklanib qolmay, konlarda, shaxta va tog‘-kon sanoati zavodlarida ishlab, amaliy ish tajribasini ham orttirib bordi. Paratsels o‘z faoliyatida eng katta e’tiborni kimyo yutuqlarini tibbiyotga tadbiq etishga qaratdi. Uning bu sayi-harakatlari natijasida, yangi fan yo‘nalishi yatrokimyo[1] paydo bo‘ldi.

 

 

Paratselsning talabalik yillarida universitetlarda kimyo fani alohida fan sifatida o‘qitilmas edi. Kimyoviy hodisalar va tushunchalar asosan, falsafa fanida, moddalarning paydo bo‘lishi va yo‘qolishi haqidagi umumiy tasavvurdagi tushunchalar asosida izohlanib o‘tilardi. Kimyoviy tajribalar bilan esa ko‘p sonli dorixonachilar va alkimyogarlar shug‘ullanishgan. Alkimyogarlar metallarni bir turdan boshqasiga aylantirish (asosan oltin hosil qilish maqsadida bo‘lganlar) jarayonida, yo‘l — yo‘lakay yangidan yangi moddalarni ham kashf qilib, yoki ba’zi moddalarning olinish usullarini ochib borardilar. Bir vaqtning o‘zida, qadimgi yunon olimlari Empedokl, Aristotel, Levkipplarning tabiat falsafasi haqidagi ta’limotlarini ham rivojlantirib borganlar.  Bu ta’limotlarga ko‘ra, tabiatdagi moddalar, ancha sodda qismlarga bo‘linib, ular element deb atalardi. Bunday elementlar Levkipp va Demokrit tushunchasiga ko‘ra mayda zarralar – atomlar bo‘lib, ular modda sifatiga ega bo‘lmay, balki bir biridan faqat o‘lchamlariga ko‘ra farq qiladigan elementlar deb uqtirilgan. Paratsels ham o‘z ishlarida dastavval ana shu tamoyillarga suyangan.

1515 yili Paratsels Florensiyada tibbiyot doktori darajasini qo‘lga kiritdi. Lekin u o‘zining Florensiyada olgan bilimlari bilan qanoatlanib qolmadi. To‘shakda yotgan og‘ir bemorga yordam ko‘rsatishda zamona hakimlari qanchalik no‘noq ekanliklarini kuzatib, Paratsels bu sohadagi bilimlar qadimgi davrlardan beri nihoyatda kam takomillashganini e’tirof etdi va mazkur sohani yangi bosqichga ko‘tarish uchun boshqacha davolash usullari va yo‘nalishlarini joriy qilish kerakligini ta’kidladi. Yangicha tibbiyot tizimini tashkillash uchun Paratsels o‘zining ko‘plab mamlakatlarda ko‘rgan va o‘rgangan tajribalarining eng yaxshi namunalarini birlashtirishga qaratdi.

Paratsels o‘zi qoldirgan ma’lumotlarga ko‘ra, u turli yillarda o‘z zamonasining eng yetuk tibbiyot allomalaridan ta’lim olish uchun Parij, Monpelye shaharlarida bir muddatdan yashadi. Italiya va Ispaniyada bo‘ldi. Lissabonda ma’ruzalar tingladi. Keyin Angliyaga yo‘l oldi. So‘ngra Prussiya, Polsha, Vengriya, Valaxiya va Xorvatiya mamlakatlarini kezib chiqdi. O‘zi bo‘lgan barcha shahar va mamlakatlardagi eng yetuk hakimlardan, davolash san’atining nozik qirralarini o‘zlashtirdi. U faqat hakimlardan ish o‘rganish bilan cheklanmasdan, sartaroshlar, hammomchilar va ruhoniy – duo va muqaddas yozuvlar va suvlar bilan davolaydigan odamlardan ham davolash sirlarini o‘zlashtirishga harakat qildi.

Keyin Paratsels sayohat davomida o‘zlashtirgan va o‘rgangan barcha bilimlarini amalda qo‘llash uchun o‘z shaxsiy faoliyatini boshlab yubordi. Dastavval Daniya qiroli Krsitian armiyasining harakatdagi qismlarida harbiy hakim sifatida ishlab, bir necha yurishlarda qatnashdi. Keyinroq Niderlandiya armiyasida ham feldsher bo‘lib xizmat qildi. Harbiy hakimlik amaliyoti unga katta tajriba to‘plash maydoni bo‘lib, ulkan amaliy ko‘nikmalar hosil qilishiga sababchi bo‘ldi.

1524 yilga kelib Paratsels yurt kezib darbadar yurishni to‘xtatib, Zaltsburgda qo‘nim topdi; lekin bu shaharda ham u atiga bir yil yashadi xolos. Chunki u tomonidan qo‘llab quvvatlangan oddiy dehqonlarning shahar feodallariga qarshi harakati, mahalliy hokimiyat vakillarining g‘azabini qo‘zg‘atdi va u tezkorlik bilan Zaltsburgni tark etishga majbur bo‘ldi.

1526 yilni Paratsels Strasburgda o‘tkazdi. Bu paytda uning hakimlik mahorati haqida Yevropaning ko‘p davlatlari aholisi keng xabardor bo‘lib ulgurgan edi. 1527 yilda uni Shveytsariyaning eng boy va rivojlangan shaharlaridan biri – Bazelga bosh hakim sifatida ishlashga taklif qilishdi. Bazelga kelgan paytidayoq u mahalliy boy savdogarlardan birini anchadan beri qiynab kiyayotgan va shahar hakimlarining amaliyotlari kor qilmayotgan o‘tkir xastalikdan davolab, katta shuhrat qozondi. Bu voqea sabab bo‘lib, Bazel universitetining tibbiyot kafedrasini boshqarishni unga ishonib topshirishdi. Biz yuqorida Paratselsning shaxsiy xulq atvori haqida yozgan edik: u qiziqqon, tajang va qo‘rs kimsa bo‘lib, o‘zi yoqtirmagan narsalar ustidan tez janjallashib ketardi. Shuningdek uning tarixiy ilmiy manbalarga ham munosabati hurmat yuzasidan bo‘lmagan. Bazel universitetida qilgan birinchi ma’ruzasini Paratsels hammani hayron qoldirib, Galen va Ibn Sinoning asarlarini talabalarning ko‘z o‘ngida yoqib yuborish bilan boshladi. U «mening boshmoqlarim ham bu ikki eski va siyqasi chiqqan narsadan ko‘proq biladi[1]» deb qichqirgan ekan.

Bazel universitetida Paratsels kiritgan yangi pedagogik usul shu bo‘ldiki, talabalarga ma’ruzalar ularning ona tilida o‘qilishi joriy etildi. Odatda Yevropaning barcha universitetlarida darslar an’anaviy ravishda – Lotin tilida olib borilar edi. Paratsels ma’ruzalarni olmon tilida o‘qiy boshladi. Bu narsani yangi professor – Paratsels o‘rta asrlarning aqidaparastlikka asoslangan va real voqe’likdan yiroq tibbiy tushunchalariga qarshi kurash deb izohladi.

Paratselsning falsafiy qarashlari uning ko‘plab asarlarida quyidagi shaklda namoyon bo‘ladi: tabiat va inson o‘rtasida muvozanat saqlanishi kerak. Oqilona jamiyat tartibi yuzaga kelishi uchun undagi kishilarning o‘zaro hamjihatlikdagi mehnat faoliyati va moddiy boyliklardan foydalanishdagi teng huquqlilik tamoyillari zarur.

Paratselsning falsafaga oid ishlarida o‘rta asrlarga xos bo‘lgan diniy ta’limotlarga qarshi fikrlar ham mavjud bo‘lib, u xudojo‘ylikka asoslangan va jamiyatdagi har bir ikir-chikirlarga ham ta’sir o‘tkazishga intiladigan cherkov siyosatini qattiq qoralardi. Jamiyatda ham o‘rnashib qolgan aqidaparastlik va barcha narsani din prizmasi orqali talqin qilishga asoslangan tushunchalarni, feodal jamiyatning oddiy fuqaroga nisbatan adolatsizliklarga indamay qarab turishini keskin jumlalar bilan tanqid qilgan. Xususan u shahar ma’muriyati amaldorlarini ham, cherkov ruhoniylarini ham «qoloq» deb atagandi.

Bu kabi erkin fikrlilik va o‘z mulohazalarini ochiq bayon qilish tufayli Paratsels  Bazeldagi mahalliy amaldorlar va ruhoniylarning ta’qibiga uchray boshladi. 1528 yilda u shaharni yashirincha tark etishga majbur bo‘ldi. Chunki unga nisbatan «shakkok» aybi qo‘yildi, sudda jinoyatchi sifatida so‘roqqa tutilishi kerak edi. U Shveytsariyaning Ashentsell tog‘li hududlarida qishloqma-qishloq ko‘chib berkinib yurib, ba’zan yerlik aholini davolash bilan tirikchilik qilib yurdi. U keyinroq Kolmar shaharchasida bir muddat (taxminan 6 oy) to‘xtab, hakimlik bilan shug‘ullandi. Lekin  u yerda ham mahalliy davolovchilar bilan kelisha olmay uzoq tura olmadi. Kolmarda uning shuhrati tez ortib ketgandi. U boshqalar umidsiz deb baholagan bemorlarni oyoqqa turg‘azardi. Uning raqobatchi – dushmanlari paydo bo‘ldi. Uning hurfikrliligi, bilganidan qolmasligi hamkasblarini g‘azabini qo‘zg‘atardi. Bundan tashqari Paratsels alkimyogarlikni ham doimiy kasb qilgan bo‘lib, doimiy har xil tajribalar olib borar edi. Kolmardaligida ham u o‘zining ishqibozlik bilan olib borgan turli sinov tajribalarini deyarli har kuni olib borardi. U  ko‘zlagan maqsadiga erishmaguncha bir tajribani qayta qayt davom ettiraverardi. Uning ishlari natijasida paydo bo‘layotgan turli kimyoviy hodisalar (reaksiya ko‘rinishlari, masalan, yonish, portlash, yoki suyuqlik ajralib chiqishi va ho kazo) ilmiy tushunchasi yo‘q odamlar tomonidan boshqacha ko‘z bilan talqin qilinardi. Paratselsni «ichiga shayton kirib olgan» deb, dahriylikda gumonsiray boshlashdi. Kolmarda katolik cherkovi aqidalari hukmronlik qilardi. Ularga qarshi chiqishning har qanday ko‘rinishi shirk deb e’lon qilingan va bunday fikr va da’volar egasi kofir bo‘lib, cherkov qoidalariga ko‘ra qatl qilingan. Bu narsalar vaqti kelib bizning qahramonimizga ham tahdid sola boshladi. Kolmar katolik cherkovi ruhoniylari Paratselsning payini qirqish harakatiga tushib qolishdi. Shu tufayli Paratsels bu shaharni ham tark etishga majbur bo‘ldi. Darbadar hakimning navbatdagi manzili Eslingen, keyin esa, Nyurnberg shaharlari bo‘ldi. Nyurnbergda u o‘z ilmiy xulosalarini bayon qilgan risolalarni chop ettirmoqchi edi. Bu vaqtga kelib u anchagina qo‘lyozmalar taxlab qo‘ygan, doimiy yukxonasida yuzlab sahifalardagi asarlar ham doimiy shaharma shahar kezardi. U o‘z kuzatishlarini, olgan natijalarini, xulosalarini muttasil qayd qilib borgan. Aytishlaricha u favqulodda ishchanlik bilan, yozuv stolida kunlab o‘tirishi va uxlamasdan yozuv chizuv ishlarini olib borishi mumkin ekan.

Vanihoyat unga omad keldi. U ketma ket to‘rtta kitobini nashr ettirdi. Lekin xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi. Nyurnberg shahar hokimining farmoyishi bilan Paratsels ishlarini chop etish ta’qiqlandi. Bunga Leyptsig universitetining tibbiyot fakulteti professori va boshqa ilmiy xodimlarining e’tirozi sabab bo‘lib, ular Paratselsning tibbiyotga oid yangi g‘oyalarini qabul qila olmadilar. Aksincha o‘zlarining to‘g‘ri deb hisoblagan tibbiy tushunchalariga zid deb baholab, Paratselsni bilimsizlikda ayblashdi.

Shunda Paratsels achchiqlangancha Nyurnberg va uning hokimiyatini haqoratlab u yerdan ham chiqib Insburk shahriga yo‘l oldi. Insburkda Paratsels hakimlik amaliyoti bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan edi. Insburk burgomisteri Paratselsning ahvoliga diqqat bilan, uzoq razm soldi. U bunday yirtiq yamoq ust boshli va qo‘pol muomalali kimsaning tibbiy mutaxassis ekanligiga ishona olmadi. Qo‘llarining tibbiyot ishi uchun o‘ta dag‘al ekanligiga ishora qildi va uni qallob deb atab, shaharni tark etishni buyurdi. Bu orada Paratsels Shtertsingda o‘lat epidemiyasi tarqalganini eshitib, u o‘sha yerga yo‘l oldi. Manzilga yetib borgach, bemorlarning uylarini ko‘zdan kechirib, ularni o‘z usullari bilan davolashga kirishdi va kasallik o‘chog‘ini topishga qattiq harakat qildi.

Lekin epidemiya yo‘q bo‘lib, o‘lat chekingach, Paratsels endi Shtertsingdan ham ketishga majbur bo‘ldi va yana darbadarlik hayoti boshlandi. U joylashmoqchi bo‘lgan barcha shaharlarda mahalliy hokimiyat vakillari uni sovuq kutib olishar edi. Agar Paratsels hokimiyat amaldorlari bilan til topishgan taqdirda ham, katolik cherkovi ta’siri ostida tazyiqlarga duch kelaverar edi. Uni protestantlar ham «yoqimsiz kimsa» deb hisoblashgan. Lekin unga kutilmagan tarafdan omad kelib qoldi.

Paratselsning «Katta jarrohlik» deb nomlangan ilmiy ishi avval Ulm shahrida, keyin esa Augsburgda nashrdan chiqdi. Bu kitob Paratselsning uzoq yillik mashaqqatli mehnatlarini samarasi sifatida katta mashhurlik keltirdi.

Alkimyogarlarga xos mantiqqa asosan Paratsels tabiatdagi hamma moddalar bir-biri bilan birika oladigan mayda zarralar – elementlardan tarkib topgan degan fikrda edi. Agar moddani parchalansa, bu elementlar bir biridan ajralib ketadi. Boshqa alkimyogarlardan farqli ravishda Paratsels, barcha elementlarning boshlang‘ich negizi uchta narsa – oltingugurt  (yonish uchun negiz), simob (bug‘lanish uchun negiz) va tuzlardan (o‘tga chidamlilik negizi) tashkil topadi deb hisoblagan.

Paratsels ta’limotidagi eng katta yangilik esa, u barcha jismlarga, xususan odam organizmiga ham xuddi shunday xususiyat bilan sifat bergan. Uning ta’kidlashicha, odam tanasi ruh, qalb va jasaddan iborat bo‘lib, bu uch elementning muvozanatining buzilishi, xastaliklarni keltirib chiqaradi. Agar organizmda oltingugurt miqdori ortib ketsa, odam o‘lat yoki tutqanoq bilan kasallanadi; simob ortib ketsa, qoqshol kelib chiqadi; agar tuzlar miqdorida o‘zgarish paydo bo‘lsa, oshqozon ichak kasalliklari kelib chiqadi. Hakimning vazifasi esa, bemor tanasidagi ushbu elementlarning munosabatini aniqlash va ularni tartibga keltirishdir. Ularni tartibga solish uchun esa ma’lum kimyoviy preparatlarning ta’siri bilan harakat qilish mumkin. Shu tufayli, kimyoning birinchi navbatdagi vazifasi, davolash uchun foydalanish mumkin bo‘lgan moddalarni qidirib topish bo‘lishi kerak. Bu maqsadda Paratsels o‘z bemorlarida mishyak, mis, qo‘rg‘oshin, simob va surmaning turli birikmalarining ta’sirini qo‘llab ko‘rdi va sinovlar olib bordi. Unga alohida mashhurlik keltirgan natijalardan biri – simob yordamida erkaklar jinsiy a’zolari xastaliklarini davolash usulini ishlab chiqqanligi bo‘ldi.

 

Kimyoviy tajribalar Paratselsning ko‘p vaqtini band qilardi. U tajribani o‘lib borar ekan, natijalarni va jarayonni muttasil aytib izohlab turardi va uning o‘g‘zidan chiqqan barcha so‘zlarini kotib yozib olardi va keyinroq lotin tiliga o‘girib chiqardi.  Tarixchilarning aytishicha, Paratselsning ko‘plab fikrlari tarjima davomida noto‘g‘ri talqin qilingan va ma’nosi buzib yuborilgan. Ko‘p mulohazalarini esa Paratselsning dushmanlari yo‘q qilib tashlashgan ekan.

Paratselsga doimiy ta’qiblar xalal berardi. Uni «odam tanasini kimyoviy tajribaxonaga aylantirib yuborganlik» aybi bilan doimiy tahdid qilishardi. Bu borada albatta cherkov namoyondalari faollik ko‘rsatishardi.

Aytganimizdek, kitob nashrdan chiqqach, Paratselsning ham moddiy ham ijtimoiy mavqei yaxshilana boshladi. Uni endi boyvachchalar ham ko‘rikka taklif qilishardi, unga amaldorlar va mashhur shaxslar davo istab murojaat qilishardi. U Bogemiya qiroli Iogann fon Leypnikni davoladi. Venada esa qirol Ferdinand uni yaxshi kutib olib, o‘zining tan sihatlik darajasini tekshirtirdi.

Uni tan ola boshlashgan vaqtlarda ham darbadar olim kechalari bilan ilmiy ishlarini yozib chiqar edi. Bunga sabab qilib u kunduz kunlari bemorlarni davolashga vaqt ajratolmay qolishdan qo‘rqib, kechasi bu ishlarga ham ulgurishi kerakligini aytgan ekan. u o‘zi egallagan bilimlar va ochgan yangi kashfiyotlarini, topgan davo choralarini boshqalarga ham ma’lum qilishni, jarrohlik amaliyoti uslubiyotini, davolash taktikalarini, dorilarning ta’sir mexanizmlarini batafsil tushuntiradigan ilmiy qo‘llanma tayyorlashni maqsad qilgan edi. Paratsels o‘zi erishgan natijalarga butun jamiyat egalik qilishini va undan keyin ham odamlarga nafi tegishini istardi.

Uning so‘nggi manzili Zaltsburg bo‘ldi. U shahar chetidagi kichik kulbasini ham tibbiyot amaliyoti, ham, kimyoviy tadqiqotlar bilan shug‘ullanishga sharoit yetarli qilib jihozladi. Umrining so‘nggi kunlarigacha odamlarni, ayniqsa jamiyatning kambag‘al va qashshoq qatlamlarini davolash bilan shug‘ullandi. 1541 yilning 24 sentyabr kunida, kasallik tufayli vafot etdi.

Zaltsburgdagi Paratsels qabrida katta lavha o‘rnatilgan. Unda shunday satrlar bilan marhum yodga olinadi: «Bu joyda og‘ir yaradorlarni, moxovlarni, va boshqa davosiz kasalliklarni san’at darajasida davolagan va o‘z mol mulkini  kambag‘allarga taqsimlab berishni vasiyat qilgan ajoyib tibbiyot hakimi,  Filipp Teofast dafn etilgan. 1541 yilning sentabrining 24 kunida u hayotni o‘limga almashtirdi.»


[1] Paratselsning ba’zi so‘zlari axloq me’yorlariga va maqola sifatiga to‘g‘ri kelmasligi uchun, boshqasiga almashtirildi J.


[1] Yatrokimyo, yoki iatrokimyo — XVI — XVIII asrlarda tibbiyot fanlarida hukm surgan ta’limot. Unga ko’ra odam organizmidagi barcha jarayoznlar kimyoiy hodisa sifatida qaraladi, kasalliklar esa, kimyoviy muvozanatning buzilishi deb talqin qilinadi.

XVI asrda g‘arb tibbiyot va alkimyogarlik fanlari uchrashgan nuqtada yangi arbob: Teofast Paratsels – ajoyib jarroh hakim va alkimyogar, fe’liga ko‘ra tajang va qo‘rs kishi, jarrohlik tig‘i hamda jang xanjarini bir xilda mahorat bilan ishlata oladigan ko‘p qirrali shaxs paydo bo‘ldi.

«Haqiqiy kimyo oltin qidirishda emas, odamlar uchun dori – malhamlar tayyorlashda namoyon bo‘ladi!» — deb e’tirof etgan edi Paratsels, va bu so‘zlar uning hayotiy shiori bo‘lib qoldi.

Filipp Aureol Teofast Bombast fon Gogengeym, taxallusi – Paratsels, 1493 yilning 10 noyabr kuni Shveytsariyaning Shvits kantoni, Eynzideln shaharchasida tug‘ildi. Erta yoshlaridanoq tibbiyot fanlariga qiziqish bilan o‘qishga kirishib, Germaniya, Fransiya va Italiyadagi ko‘zga ko‘ringan hakimlardan tahsil oldi. O‘qish yillaridayoq Paratsels kimyo bilan jiddiy shug‘ullana boshlagan. U faqatgina tajribalar o‘tkazish bilan cheklanib qolmay, konlarda, shaxta va tog‘-kon sanoati zavodlarida ishlab, amaliy ish tajribasini ham orttirib bordi. Paratsels o‘z faoliyatida eng katta e’tiborni kimyo yutuqlarini tibbiyotga tadbiq etishga qaratdi. Uning bu sayi-harakatlari natijasida, yangi fan yo‘nalishi – yatrokimyo paydo bo‘ldi.


Yatrokimyo, yoki iatrokimyo – XVI – XVIII asrlarda tibbiyot fanlarida hukm surgan ta’limot. Unga ko‘ra odam organizmidagi barcha jarayonlar kimyoviy hodisa sifatida qaraladi, kasalliklar esa, kimyoviy muvozanatning buzilishi deb talqin qilinadi.

O’tmishning buyuk olimlari
Teofast Paratsels

Manba:orbita.uz