TEATR DEKORATSIYASI SANʼATI

TEATR DEKORATSIYASI SANʼATI

TEATR DEKORATSIYASI SANʼATI, ssenografiya — tasviriy sanʼatning teatr sanʼati bilan bogʻliq sohasi; dekoratsiya, liboslar, yorugʻlik, sahna texnikasi vositasida spektaklning tomosha obrazi (koʻrinishi)ni yaratish sanʼati. Teatr rassomi sahnada koʻrsatiladigan har bir koʻrinish, joy, kiyim va b. ning eskizlarini yaratadi, shu eskizlar asosida dekoratsiya va liboslar tayyorlanadi. Rassom illyuziya yordamida tomoshabinda turli taassurotlar tugʻdiradi, tarixiy davr, tarixiy sharoit toʻgʻrisida toʻgʻri tasavvurlar hosil qilinishiga erishadi. Teatr dekoratsiyasi sanʼati teatr, dramaturgiya, tasviriy sanʼat taraqqiyoti bilan bogʻliq holda rivojlandi. Qad. marosim, oʻyinlarda uning ilk koʻrinishlari (libos, niqob va b.) namoyon boʻldi. Yunoniston teatrida mil. av. 5-a. dayoq yordamchi qurilmalardan tashqari hajmli shakllar bilan tasviriy dekoratsiyalar qoʻshib ishlatilgan; Qad. Rim teatrida bu sanʼat rivojlantirilgan, ilk bor parda qoʻllanilgan. Oʻrta asrlarda Osiyo (Hindiston, Xitoy, Yaponiya va b.) mamlakatlarida sahnani shartliramziy tarzda bezash hukmron boʻlgan. Uygʻonish davrida Italiyada perspektivali dekoratsiyalar shakllandi, shahar maydoni yoki uzoklarga ulanib ketgan koʻchalar, oʻzgarmas joylar romlarga tortilgan rasmlar yordamida yaratildi (Bramante, B. Perussi, S. Serio va b.). 17-a. boshlarida sahna mexanizmlari keng qoʻllanila boshlandi, aylanuvchi 3 tomonli prizma shaklidagi qurilma tomoshabin koʻz oldida dekoratsiyalarni almashtirish imkonini berdi. Texnikaning takomillashishi sahna orti (kulis) va sahna — qutini yuzaga keltirdi. 17a. oʻrtalaridan sahnada yon dekoratsiyalar paydo boʻldi va butun Yevropaga tarqaddi. Buyuk Britaniyada (sagʻna maydoni yuqori, quyi va orqa sahnalar, tomoshabin tomon turtib chiqqan sahna oldi — prosseniumdan iborat) maxsus teatr binosi shakllandi. Klassitsizm davrida voqeaning joy va vaqt birligi qonuniga boʻysundirilishi oʻzgarmas dekoratsiyalar prinsipini qaror topishiga olib keldi. Hindiston, Hindixitoy mamlakatlari teatrlarida spektaklni bezatish libos, niqob, grimlar bilan cheklandi (bu anʼana 20-a. gacha davom etdi). 19-a. 1choragida Fransiya, Buyuk Britaniya teatrlarida diorama va panorama gazli yoritgichlarning yangi shakllari bilan uygʻunlashtirgan holda qoʻllaniladi. Texnikaning murakkablashishi boʻlim (akt)lar orasida parda, elektr yoritgich (1849)ni qoʻllashga, zamonaviy mavzudagi asarlarni sahnaga qoʻyilishi real hayotni aniq aks etgirishga olib keldi. 19-a. oxiridan rassomlar teatr bilan hamkorlikda sahna sanʼatining boshqa sanʼatlar qatorida tutgan oʻrnini belgilovchi oʻziga xos krnuniyatlarini tadqiq qildilar. 20-a. da Teatr dekoratsiyasi sanʼati sahna texnikasi — sintetik materiallar, lyuminessent boʻyoqlar, kollaj, foto va kinoproyeksiya, koʻzgular tuzilmasi, murakkab yorugʻlik qurilmalari va gʻ. k. bilan boyidi. 60y. lardan deyarli hamma yerda «sahnadan tashka ri» dekoratsiyalar, «sahna — arena»larga eʼtibor kuchaydi. 70y. lar Teatr dekoratsiyasi sanʼati xalq sanʼati bilan yoʻgʻrilgan ohanglarni qoʻllashi bilan ajralib turadi, marosim niqobgrimlari, qoʻgʻirchoq liboslari dekoratsiyaning ajralmas qismiga aylandi. Teatr dekoratsiyasi sanʼati ustalarining dramaturgiya asosida rej. va rassom tasavvuridagi erkin sahna asarini yaratishga intilishi ortdi. 20-a. T. d. s. rivojlanishi jarayonida sahnalashtiruvchi rassom spektaklning mualliflaridan biriga va «Teatr dekoratsiyasi sanʼati»ni spektaklning tasviriy rejissura (ssenografiya)si degan tushunchaga aylantirdi. Bu xususiyatlar turli oqimlar kurashi jarayonida rivojlandi, hajmlifazoviy dekoratsiyalar, spektaklning tomosha obrazi rangtasvirni qoʻllash hisobiga koʻrkamlashdi va taʼsirchanligi yanada ortdi. Teatr dekoratsiyasi sanʼatiga dastgox. rangtasviri ustalari katta hissa qoʻshdilar. Xalq sanʼatining uslublashtirilgan shakllariga qizikish oʻrnini saxna voqealarining ichki mantigʻiga boʻysundirilgan bezak tuzilishini izlash egalladi. Teatr dekoratsiyasi sanʼatida keksa avlod rassomlari bilan bir qatorda yosh rassomlar ham muvaffaqiyatli ijod qilmoqda.

Ensiklopediya.uz
TEATR DEKORATSIYASI SANʼATI