Tarqoq skleroz haqida malumot

Tarqoq skleroz haqida malumot

Farzandim tarqoq skleroz (рассеянный склероз) kasalligi bilan bir necha yillardan buyon qiynalib keladi. Ushbu kasallikning kelib chiqish sabablari, klinik belgilari, davolash profilaktikasi, asorat va oqibatlari to‘g‘risida ma’lumot bersangiz.

Ushbu xastalik markaziy asab tizimining tarqoq nevrologik alomatlari bilan kechuvchi surunkali va rivojlanuvchi kasallik bo‘lib, asab tizimida miyelin moddasi jarohatlanishi tufayli kelib chiqadi. Miyelin bosh miya, orqa miya va periferik asab tizimi neyroglial hujayralarining asosiy tarkibiga kiradi va bu oqsil hamda lipid moddalaridan iborat. Uning asosiy vazifasi – asab tolalari bo‘ylab impulslar o‘tishini ta’minlash. Shuning uchun miyelin moddasi jarohatlansa, turli tarqoq nevrologik alomatlar hosil bo‘ladi va rivojlanib boradi. Ushbu modda orqali parchalangan joylarni astrotsitlar va mikroglial hujayralardan tashkil topgan sklerotik (chandiqsimon) tugunchalar egallaydi. Kasallik ko‘pincha boshlang‘ich bosqichlarda xuruj va remissiya (tiklanish) alomatlari bilan ifodalanadi, chunki miyelin moddasi qayta tiklanish xususiyatiga ega. Lekin kasallikning kechki bosqichlarida sklerotik tugunchalari miyelin moddasi tiklanishiga xalaqit beradi va kasallik surunkali rivojlana boshlaydi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 3 milliondan ortiq bemor tarqoq skleroz kasalligi bilan xastalangan. Lekin kasallikning turli mintaqalararo tarqalishida katta farq bor. Hozir tarqoq skleroz epidemiologiyasini tahlil qilish natijasida dunyo bo‘yicha 3 ta zona aniqlangan. Birinchisi – kasallik juda ko‘p uchraydigan zona. Bunga Yevropa va AQSH shimoli, Kanada va Avstraliyaning janubi, Rossiya va Yangi Zelandiya davlatlari kiradi. Ushbu davlatlarda 100 ming nafar aholiga 50 tadan ortiq tarqoq skleroz kasalligi to‘g‘ri keladi. Ikkinchisi – kasallik soni 100 ming aholidan 10-50 tasida uchraydi, bunga Janubiy Yevropa, AQSH janubi va Afrika shimolini kiritish mumkin. Uchinchi zonaga esa kasallik juda kam uchraydigan mintaqalar – Osiyo, Janubiy Amerika va Janubiy Afrika kiradi (100 ming aholiga 10 tadan kam). Ushbu mintaqalar orasida O‘zbekiston ham bor. Respublika nevrologlaridan olingan hisobotlarga qaraganda, kasallik mahalliy aholimizda deyarli kuzatilmaydi.

Kasallik kelib chiqishiga ko‘plab omillar sabab bo‘ladi. Birinchidan – bu ob-havo omili bo‘lib, kasallik ko‘proq sovuq va sernamlik joylarda uchraydi. Ikkinchidan – ushbu mintaqalarda ovqat tarkibida ba’zi bir moy kislotalarining yetishmovchiligi. Uchinchidan – irsiy omillar. Agar oilada bir bemor bo‘lsa, bu avlodda kasallik ko‘payishi nisbatan 10-15 foizdan ortiqroq. To‘rtinchisi – infeksion omil hisoblanadi. Kasallikning kelib chiqishida viruslar rol o‘ynaydi, degan ma’lumotlar ham mavjud. Shu jumladan, qizamiq, gerpes va boshqa viruslar nazarda tutiladi. Lekin bu to‘g‘rida hozirgacha aniqlik yo‘q. So‘nggi tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, tarqoq skleroz kelib chiqishida ba’zi bir millatlararo bo‘lgan immunogenetik omillar katta ahamiyatga ega.

Yuqorida berilgan ma’lumotlarga asosan tarqoq skleroz sabablari hozirgacha aniq emas. Lekin kasallik patogenezi (asab tizimidagi o‘zgarishlar mexanizmi) yaxshi aniqlangan. Bu autoimmun jarayon va uning asosida bemor organizmida o‘zini miyelinga qarshi jarohatlantiruvchi moddalar ishlab chiqilishi turadi. So‘nggi yillargacha tarqoq sklerozni tashhis qilish asosan klinik alomatlarga tayanib kelinmoqda edi. Lekin klinik alomatlar, ayniqsa, boshlang‘ich etaplarda juda o‘zgaruvchan va noaniq bo‘lib o‘tadi. Shuning uchun ham kasallikni o‘rganishga katta hissa qo‘shgan taniqli fransuz nevrologi Jan Martin Sharko tarqoq sklerozni “katta yolg‘onchi” deb atagani bejiz emas. Lekin hozirgi yader-magnit rezonans kompyuter tomografik usuli tarqoq sklerozning dastlabki davrlarini aniqlashda katta yordam beradi. Agarda bu tekshiruv natijasida miyada kamida ikkita sklerotik tuguncha topilsa va ba’zi bir klinik alomatlar aniqlansa, tashhis to‘g‘ri deb hisoblanadi. Kasallikning rivojlangan bosqichlarida nevrologik alomatlar salbiy darajada o‘zgarib, nistagm, harakat buzilishi, nutq o‘zgarishi, patologik reflekslar paydo bo‘lishi va psixologik o‘zgarishlar kuzatiladi. Bu bosqichda klinik belgilar asosida ham tashhis qo‘yish mumkin, lekin bemorni davolashda katta muammolar tug‘iladi.

Umuman olganda tarqoq sklerozni davolash jarayonida yechilmagan qiyinchiliklar mavjud. Kasallikning o‘tkir davrida maxsus sxemalarga asosan gormonal preparatlar (metilprednizolon, prednizolon, adrenokortikotrop gormon) ishlatiladi. Remissiya davrida esa bo‘lajak xurujlarning oldini olish uchun beta-interferon preparatlaridan foydalaniladi. Agar kasallik boshlang‘ich davrida aniqlansa, davolash natijalari yaxshi bo‘ladi. Lekin dunyoda hozirgacha tarqoq sklerozni butunlay davolash usullari topilmadi.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, klinik nevrologiya – bu juda keng va tez rivojlanib borayotgan soha. Nevrolog olimlar juda ko‘p kasalliklarni davolashda ijobiy natijalarga erishmoqda. Umid qilamizki, tarqoq sklerozni davolashda ham yangi samarali usullar yaratilib, amaliyotga kirib keladi.

© Baxtiyor G‘AFUROV, professor.
«O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Dyushenn va Erb falaji

 

Kasalliklar
Tarqoq skleroz