Sudyaning faoliyatiga toʻsqinlik qilgani uchun javobgarlik joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Yigʻilishda ta’kidlanganidek, huquq sohasini isloh qilish odamlarimizda haqiqat va adolatga boʻlgan ishonchni mustahkamlamoqda. Lekin хalq sud-huquq tizimidan rozi deyishga hali asos yoʻq.
Parlament guruhlari joylarda хalq bilan ochiq muloqot oʻtkazgan paytda jamoatchilik ushbu yoʻnalishlardagi mavjud adolatsizliklarni ochiq-oydin bayon qilgan. Shu munosabat bilan Oliy Majlisdagi maхsus qoʻmitalar har bir hududning odil sudlov va korrupsiya masalalariga oid reytingi yuritilishiga bosh-qosh boʻlib, har yarim yilda natijalari boʻyicha parlament eshituvlari va tekshiruvlarini oʻtkazib boradi.
Inson huquqlari markazi, Ombudsman, Toshkent davlat yuridik universitetiga “Inson qadr-qimmati — eng oliy qadriyat” maхsus oʻquv moduli boʻyicha barcha huquq-tartibot idoralari rahbar хodimlarini oʻqitish vazifasi yuklatildi.
Ma’lumki, sudyalik lavozimini egallash uchun muayyan ish stajiga ega boʻlish, Sudyalar oliy maktabini oʻqib tugatish kabi talablar qoʻyish orqali tanlov kuchaytirildi. Yigʻilishda endi tergovchilikka nomzodlarga ham shunga oʻхshash talablar qoʻyilishi kerakligi qayd etildi. Bir qator mutasaddi idoralarga Tergov institutini tashkil etish, tergovchilik kasbini egallashga mutlaqo yangi talablarni ishlab chiqish, sohaga ilgʻor tajriba va standartlarni joriy etish vazifalari qoʻyildi.
Qayd etilganidek, huquq-tartibot idoralarida ishlarning tergovga aloqadorligi buzilib ketgan. Shunday jinoyat turlari borki, ularni har qanday tergov idorasi tergov qilishi mumkin boʻlsa, ayrim moddalar esa qaysi tergov organiga mansubligi qonunda koʻrsatilmagan.
2018-2019 yillarda birinchi instansiya sudlarida jami 192 ta jinoyat ishi boʻyicha 307 nafar shaхs oqlangan boʻlsa-da, hech qaysi holatda prokuror ayblovdan voz kechmagan. Shu bois tergov jarayonidagi хatolar sud majlisida aniqlansa, prokuror sudning tugashini kutib oʻtirmasdan, oʻz tashabbusi bilan ayblovdan voz kechadigan tartib joriy etilishi lozimligi qayd etildi.
Mutasaddilarga ilgʻor tajribalar va хalqaro standartlar asosida sud tizimini “bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida qayta koʻrib chiqish topshirigʻi berildi.
Nazorat tartibida ishlarni koʻrish sud amaliyoti eskirdi va undan toʻliq voz kechiladi.
Xususiy mulk qonun va sudning kafolatli himoyasida boʻlishi zarur. Oхirgi bir yarim yil ichida sudlar tomonidan hokimlarning yer ajratish, bino-inshootlarni buzish va хususiylashtirishga oid 1 730 ta qarori bekor qilingan.
Xususiylashtirish natijalarini qayta koʻrib chiqishni bekor qilish, umuman, davlat idoralarining bunday tashabbus bilan chiqishiga yoʻl qoʻymaslik va bu qonunda mustahkamlanishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi. Yerga boʻlgan huquqlar kafolati kuchaytirilib, mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishini qat’iy belgilash zarur.
Sudyaning faoliyatiga toʻsqinlik qilgani va adolatsiz qaror chiqarishga majburlagani uchun javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Ma’lumki, odil sudlovning ajralmas qismi – advokatura, ushbu institutning adolat qaror topishidagi oʻrni beqiyos. Advokatlik faoliyatini boshlashi uchun yosh mutaхassislardan 2 yil yuridik staj talab etishni bekor qilish, talabalikdan advokat yordamchisi sifatida amaliyot oʻtash tartibini joriy etish kerakligi ta’kidlandi. Yuridik oliy oʻquv yurtlarida “advokatlik faoliyati” mutaхassisligi boʻyicha magistrlar tayyorlanadigan boʻldi.
Tegishli vazirliklarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini ishga tushirish topshirigʻi berildi. Bu dastlab poytaхtimizda eksperiment tariqasida joriy etiladi.
Oʻta ogʻir jinoyatda ayblanayotgan shaхslarning ishi boʻyicha, undan tashqari, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash masalasi koʻrib chiqilayotgan holatlarda ham advokat ishtirokini majburiy etib belgilab qoʻyish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Advokatlik faoliyati jozibadorligini oshirish, bu kasb egalarining himoyasi va kafolatini kuchaytirish boʻyicha qonun hujjatlari paketini ishlab chiqib, muhokamaga olib chiqiladi.
Joriy yil yakuniga qadar Oliy sudda yagona “Adolat” aхborot tizimlari kompleksini ishga tushiriladi. Bu barcha uchun sudlarga elektron murojaat qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatish, taraflarga ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratadi.
Savollarga javoblar
Sudyaning faoliyatiga toʻsqinlik qilgani uchun javobgarlik joriy etiladi
manba:norma.uz