SIYGʻOQLIK

SIYGʻOQLIK

SIYGʻOQLIK, siydik tuta olmaslik — siyish ehtiyoji boʻlmagan holda siydik chiqarish kanalidan beixtiyor siydik ajralishi; turli urologik, ginekologik va nevrologik kasalliklarda kuzatiladi. Doimiy (mutloq), qisman (nisbiy) hamda tungi Siygʻoqlik tafovut qilinadi. Doimiy Siygʻoqlikda siydik qovuqqa yigʻilmay, toʻxtamasdan oqib turaveradi. Bu koʻpincha qovuq va siydik chiqarish kanalining nuqsonlarida boʻladi. Qisman Siygʻoqlikda siydik beixtiyor oz-ozdan keladi. Kishi qattiq yoʻtalganida, kulganida, aksirganida yoki ogʻir yuk koʻtarib zoʻriqqanida siyib yuboradi. Bunday holat koʻpincha ayollarda tugʻruq chogʻida siydik yoʻllari shikastlanishi oqibatida roʻy beradi. Tungi Siygʻoqlik — uyquda beixtiyor siyib qoʻyish, asosan, yosh bolalarda uchraydi. Bunga fimoz, sistit, siydiktanosil organlari kasalliklari, shuningdek, markaziy nerv sistemasidagi vaqtincha funksional oʻzgarishlar sabab boʻladi va bola 12—16 yoshga yetganda barham topishi ham mumkin. Biroq bunga befarq boʻlmay, iloji boricha tungi Siygʻoqlik sababini ertaroq aniqlash va, zarur boʻlsa, davo tadbirlarini koʻrish lozim; bu qancha barvaqt boshlansa, natija shuncha yaxshi boʻladi. Siygʻoqlikning har qanday turida ham vrachga murojaat qilish zarur, u S. ga sabab boʻlayotgan omillarni aniklaydi va tegishli davo muolajalarini buyuradi.

Ensiklopediya.uz
SIYGʻOQLIK