Siyerra Leone Respublikasi

Siyerra Leone Respublikasi
siyerra leone respublikasi 65cb339b3ced6

slr 640x400 1

Siyerra Leone Respublikasi

Mundarija скрыть
Siyerra Leone Respublikasi
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Maydoni: 71 740 kv. km.
Aholisi: 5 363 000 dan ortiq.
Poytaxti: Fritaun shahri.
Boshqaruv shakli: respublika.
Davlat boshligʻi: prezident.
Maʼmuriy tuzilishi: 3 ta oʻlka (province)ga va Gʻarbiy viloyatga boʻlinadi.
Yirik shaharlari: Fritaun, Kenema, Makeni, Kondu, Bo.
Pul birligi: leone.
Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Gʻarbiy Afrikada, Atlantika ummoni sohillarida joylashgan. Gvineya va Liberiya bilan chegaradosh. Atlantika ummoniga yaqin hududlari asosan tekisliklardan iborat, qishloq xoʻjaligi uchun qulay shart-sharoitga ega. Shimoli-sharqiy hududlarda esa Leono-Liberiya tizmalari va boshqa togʻlar, qir-adirlar koʻp. Qirlarning oʻrtacha balandligi 600 metr. Mamlakatning eng baland nuqtasi Bintimani choʻqqisida (1945 m). Shimoliy hududlar ham togʻli. U yerda Futa Jallon tizmasi tarmoqlari yastangan.
Iqlimi – subekvatorial, issiq va namchil. Oʻlka Gʻarbiy Afrikaning eng seryogʻin hududlaridan biri hisoblanadi. Sohil boʻyi hududlarida yillik yogʻin miqdori 4000–4500 mm ni, mamlakat ichkarisida esa 2000–2500 mm ni tashkil etadi. Qishi quruq, yozi yogʻingarchiliklar bilan oʻtadi. Atlantika ummoniga yaqin joylarda oylik oʻrtacha harorat 24–27 daraja issiq boʻladi. Ichki hududlar nisbatan salqinroq (+20–+23 daraja).
Daryolari koʻp. Asosiylari – Kolente, Kaba, Rokel, Jong, Mabole, Seva, Moa va Makona.
Savannalarda changalzor-butalar va bao­bab daraxtlari oʻsadi. Namchil ekvatorial oʻrmonlar sharqdagi togʻliklar va janubdagi oʻngirlardagina saqlangan. Ular mamlakat hududining besh foizini egallagan, xolos.
Tarixiy sanalari. Siyerra Leone hududida qadimdan odamlar yashab kelgan. Bu yerga yevropaliklardan birinchi boʻlib 1462 yili portugaliyaliklar yetib kelib, unga “Siyerra Leone” (Sherlar togʻi) nomini beradi. XVI asrda ingliz qul savdogarlari kelib, 1662 yili dastlabki qalʼani qurdi. XVIII asrda qul savdosi rasman taqiqlangach, ozod boʻlgan bir necha yuz kishi “erkinlar shahri” – Fritaun qoʻrgʻoniga asos soladi. 1808 yili Fritaun va uning atrofidagi yerlar, keyinchalik butun mamlakat Angliya mustamlakasiga aylangan. 1898 yili mahalliy xalq mustamlakachilarga qarshi katta qoʻzgʻolon koʻtaradi. Angliya hukumati yuborgan armiya qoʻzgʻolonchilar­dan ­2 ming­ kishini qirib, 100 ga yaqin qishloqni yakson etadi, 98 qabila boshligʻini otib tashlaydi. Birinchi jahon urushidan soʻng mahalliy ishchilar kasaba uyushmalarini tuza boshladi. Ikkinchi jahon urushidan keyin milliy ozodlik kurashi kuchaydi. Siyosiy partiyalar tuzildi. 1955 yilgi gʻalayonlar natijasida Angliya hukumati biroz yon bosishga majbur boʻldi. 1961 yil 27 aprelda Siyerra Leone Britaniya Hamdoʻstligi doirasida mustaqillikka erishdi.
Mamlakat 1961 yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. Milliy bayrami: 27 aprel – Mustaqillik kuni. Oʻzbekiston mustaqilligini 1991 yil 21 dekabrda tan olgan.
Iqtisodi. Mamlakat qishloq xoʻjaligi, minerallar va baliqchilik manbalariga ega. Shunday boʻlsa-da, dunyoning eng qashshoq oʻlkalaridan biri boʻlib qolyapti.
Ishchilarning deyarli yarmi qishloq xoʻja­ligida band. Sholi, qahva, kakao, palma, yeryongʻoq yetishtiriladi. Chorvachilik va baliqchilik bilan shugʻullanishadi. Sanoatda olmos qazib olish va poyabzal ishlab chiqarish asosiy oʻrinni egallaydi. Olmos, kakao, qahva va baliq xaridorlari – Belgiya, AQSH, Hindiston, Fransiya va Niderlandiya.
Oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari, yonilgʻi sotib oladi. Siyerra Leonega asosan Xitoy, AQSH, Belgiya, Buyuk Britaniya, Kot d’Ivuar, Hindiston va Tayland tovar yetkazib beradi.
Mamlakat Afrika, Karib havzasi va Tinch okeani hududi mamlakatlari xalqaro iqtisodiy tashkilotiga aʼzo.
Aholisi. Yigirmaga yaqin aborigen qabilasi aholining deyarli toʻqson foizini tashkil etadi. Bundan tashqari kreollar (oʻn foizga yaqin), oqtanlilar, arablar va hindlar ham bor.
Rasmiy tili – ingliz tili. Biroq uni koʻpchilik bilmaydi. Janubda mende, shimolda temne tili yoyilgan. Ingliz tiliga asoslangan kreol tili – krioni toʻqson besh foizga yaqin aholi tushunadi. Shu sababli u millatlararo soʻzlashuv tiliga aylangan.
Dini. Aholining 71 foizdan koʻprogʻi ­­(4 mil­lion­dan ortiq kishi) musulmonlardir. Shuningdek, mahalliy dinlarga eʼtiqod qiluv­chilar (yigirma foizga yaqin), nasroniylar (oʻn foizga yaqin) bor.
Oʻn sakkizinchi asrda hozirgi Gvineya hu­dudida yashovchi fulani va mende qabilalari taʼsirida Siyerra Leone shimolida yashovchi temne qabilalari Islom dinini qabul qilgan.
Britaniya oʻlkani mustamlakaga aylantirgach, nasroniy dinini yoyishga eʼtibor qaratdi.
1961 yili Siyerra Leone mustaqillikni qoʻlga kiritgach, Islom dini yana keng tarqala boshladi. 1960 yili musulmonlar aholining 35 foizini tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatgich 2000 yili 60 foizga, 2008 yili esa 70 foizdan oshdi.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
oriftolib.uz
“Hidoyat” jurnalining 2015 yil 2-sonida chop etilgan.

Siyerra Leone Respublikasi