SHOʻROI ISLOMIYA
«SHOʻROI ISLOMIYA» («Islom kengashi») — Turkiston taraqqiyparvar ziyolilarining ijtimoiysiyosiy tashkiloti (jamiyati). 1917 yil 14-martda Toshkentda tuzilgan va 1918-yil bahorigacha faoliyat olib borgan. Unga dastlab Abdulvohidqori Abduraufqori oʻgʻli, keyinchalik Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev rais qilib saylangan. Tashkilot faoliyatida Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxoʻja Behbudiy, Mustafo Choʻqay, Ahmad Zakiy Validiy, Islom Sulton Shoahmedov, Toshpoʻlat Norboʻtabekov kabi maʼrifatparvarlar faol qatnashgan. Tashkilot tashabbusi bilan Butun Turkiston musulmonlarining 1qurultoyi oʻtkazildi (1917-yil apr.). Qurultoyda qabul qilingan tashkilot dasturida oʻlka musulmonlari orasida islohotlar oʻtkazish gʻoyalarini tarqatish, mintaqadagi barcha musulmonlarni yagona fikr va maslak asosida birlashtirib, Turkistonga muxtoriyat maqomini berish uchun kurash vazifasi qoʻyilgan. 1917-yil apr. oyidayoq tashkilotning Samarqand, Qoʻqon, Namangan, Andijon, Margʻilon, Skobelev (Fargʻona), Marv, Turkiston, Oqmachit, Oʻsh va boshqalar shaharlarda shoʻbalari tuzilgan. Tashkilot «Shoʻroi islom» nomli gaz. ham chiqargan. 1917-yil mobaynida Turkiston musulmonlarining yana 3 qurultoyi oʻtkazilgan. Biroq taraqqiyparvar ziyolilar (jadidlar) bilan eskilik tarafdorlari boʻlgan ayrim ulamolar (qadimchilar) oʻrtasidagi kelishmovchiliklar «Shoʻroi islomiya» tashkiloti safida tarafkashlik yuz berishiga olib keldi. 1917-yil iyunda tashkilotdan bir guruh ulamolar ajralib chiqib, Qoʻqon va Toshkentda yangi jamiyat — «Shoʻroi ulamo»ta asos solishgan. Turkiston va Qozogʻiston musulmonlarining Toshkentda oʻtgan qurultoyi (1917-yil 17—20-sentyabr)da har 2 tashkilot oʻzaro birlashganligini eʼlon qilgan boʻlsa ham, aslida tom maʼnodagi birlashuv boʻlmagan. Oktyabr toʻntarishilan soʻng «Shoʻroi islomiya» oʻz qarorgohini Toshkentdan Qoʻqonga koʻchirishga majbur boʻlgan (1917-yil noyab.). Tashkilot aʼzolari Turkiston muxtoriyati hukumatini tuzishda faollik koʻrsatishgan. Muxtoriyat hukumatini bolsheviklar agʻdargach, tirik qolgan «Shoʻroi islomiya» aʼzolari taʼqibga uchragan. «Shoʻroi islomiya» tashkiloti sovet rejimi tomonidan taʼqiqlansa ham, uning Nosirxon Toʻra, Sadriddinxon Sharifxoʻjayev, Mirodil Mirzaahmedov va boshqalar faollari Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat saflariga qoʻshilib, istiqlolchilarning gʻoyaviy mafkurachilari sifatida faoliyat koʻrsatishgan.
Ensiklopediya.uz
SHOʻROI ISLOMIYA