SHIMOLIY AMERIKA KORDILYERA TOGʻLARI

SHIMOLIY AMERIKA KORDILYERA TOGʻLARI

SHIMOLIY AMERIKA KORDILYERA TOGʻLARI — Kordilyera togʻlarining Shim. Amerika materigining gʻarbiy chekkasi boʻylab choʻzilgan qismi. Uz. 9000 km, eni 800 km dan (Kanadada) 1600 km gacha (AQSHda). Turli yosh va jinsli geologik strukturalardan tuzilgan: Kolorado platosi va Qoyali togʻlar qattiq tokembriy massivlaridan, Yukon va Makenzi togʻ massivlari choʻkindi va metamorfik paleozoy jinslarining qalin qatlamidan, SyerraNevada togʻlari mezozoy batolitlari, Gʻarbiy mintaqa tizmasi vulkanogen jinslardan tashkil topgan. Rangli metallar, simob, oltin, neft, toshkoʻmir konlari bor. Sh. A. K. t. 3 ta boʻylama orografik mintaqaga boʻlinadi. Sharqiy yoki Qoyali togʻlar mintaqasi Bruks, Makenzi, Sharqiy SyerraMadre va Qoyali togʻlarning baland tizmalaridan iborat boʻlib, Tinch okean, Meksika qoʻltigʻi havzasi va Shim. Muz okeani havzalari orasida suvayirgʻichdir. Eng baland joyi 4399 m (Qoyali togʻlardagi Elbert choʻqqisi). Gʻarbiy yoki Tinch okean mintaqasi okeanboʻyi tizmalari va togʻ oraligʻi depressiyalaridan iborat. Unga Alyaska tizmasi (MakKinli togʻi, 6193 m, materikning eng baland choʻqqisi), Aleut, Qirgʻoqboʻyi, Kaskad togʻlari, SyerraNevada, Gʻarbiy SyerraMadre, Koʻndalang Vulkanli Syerra [Orisaba (5700 m), Popokatepetl (5452 m) vulkanlari], Janubiy SyerraMadre togʻlari kiradi. Materikning chekka gʻarbiy sohili boʻylab choʻzilgan tizmalar kuchli parchalangan va asosan, oʻrtacha balandlikdagi togʻlardan iborat. I ch k i mintaqa Tinch okean tizmalaridan sharkda joylashgan Yukon, Freyzar, Kolumbiya, Katta Havza, Kolorado plato va yassitogʻlaridan, Meksika togʻligidan iborat boʻlib, ular chuqur tektonik depressiyalar bilan ajralgan.

Ensiklopediya.uz
SHIMOLIY AMERIKA KORDILYERA TOGʻLARI