SHIMOL YOGʻDUSI
SHIMOL YOGʻDUSI, qutb yogʻdusi — atmosferaning yuqori siyrak qatlamida hosil boʻladigan yorugʻlanish. Koinotdan katta tezlik bilan kelayotgan zaryadlangan zarralar Yer atmosferasiga kirib kelib, Yerdan 90—100 km balandlikda siyrak havodagi atom va molekulalar bilan taʼsirlashib, ularni qoʻzgʻalgan holatga oʻtkazadi. Qoʻzgʻalgan holatdan boshlangʻich holatiga qaytishda atomlar va molekulalar kvant koʻrinishida yorugʻlik chiqaradi. Shu yorugʻlik yogʻdu boʻlib koʻrinadi. Bunday yogʻdu Yer sharining qutb doirasi ustida kuchliroq sodir boʻladi va osmonning shimol tomonida koʻrinadi (nomi shundan). Shimol yogʻdusi shakllari turlicha (ular yoy, nur, tasma va pardasimon) va oʻzgaruvchan boʻladi. Shimol yogʻdusi rangini uning spektridagi eng kuchli nurlanish chiziqlari belgilaydi. Bu chiziqlar kislorod atomining yashil va qizil chiziqlari hisoblanadi. Shimol yogʻdusi sodir boʻlgan vaqtda kuchli magnit boʻronlari kuzatiladi, atmosfera ionlashib qiziydi, bu esa radioaloqa va obhavoga taʼsir qiladi. Shimol yogʻdusini kuzatish Yer atrofidagi radiatsion holatni oʻrganishga yordam beradi.
Ensiklopediya.uz
SHIMOL YOGʻDUSI