Shakar ko‘p iste’mol qilish zararlimi? haqida malumot
Shakarni ishlab chiqarish dastlab Hindistonda boshlangan. Keyinchalik Arabiston orqali Rim imperiyasiga olib kelingan, XI asrda shakarni Rusiyaga keltirishgan. Bizning ajdodlarimiz shakarqamish shakarini ilk bor tatib ko‘rishganiga 150 yildan oshdi. Eng avvalo shakar shakarqamish sharbatidan olingan, keyinchalik esa uni qand lavlagidan tayyorlaydigan bo‘lishdi. Hazirgi kunga kelib jahonda shakarning 40 foizi qand lavlagidan va 60 foizi shakarqamishdan olinmoqda.
Xo‘sh, shakarning organizmga qanday foydalari bor? Bu mahsulot energiya manbai, u organizmda glyukozaga aylanib energiya uchun sarflanadi. Jismoniy zo‘riqishlarda, ayniqsa kunning issiq yoki sovuq kunlarida dalada og‘ir mehnat qilish, sport bilan shug‘ullanishda shakar iste’mol qilinsa energiyaga bo‘lgan ehtiyoj tezda bartaraf etiladi. Aqliy mehnat bilan mashg‘ul kishilarda ham bosh miyaning uglevodlarga bo‘lgan ehtiyoji ortadi va bunday vaqtda shakar iste’mol qilish orqali uni qondirish mumkin. Shakar kayfiyatni ko‘taruvchi gormon (serotonin) ishlab chiqilishini rag‘batlantiradi va bosh miya hujayralarning oziqlanishini ta’minlaydi.
Shakarning foydasi bilan birgalikda organizmga zarari ham anchagina. Shu haqda to‘xtalamiz.
Yog‘ to‘planishiga olib keladi
Doimiy ravishda me’yordan ortiq shakar qabul qilish organizmda glikogen zahirasini oshiradi, u yog‘ to‘qimasiga aylanadi, qorinda va oyoqlarda to‘plana boshlaydi, shundan so‘ng semirishga (ayniqsa bolalarda) olib keladi.
Soxta ochlik hissini uyg‘otadi
Shakar iste’mol qilinganda qonga tez so‘rilib, glyukoza miqdorini birdan oshiradi, bunga javoban oshqozon osti bezi qo‘shimcha ravishda insulin ishlab chiqara boshlaydi va glyukoza miqdorini tezda tushiradi, bu o‘z navbatida bosh miyada ishtahani ochuvchi hujayralarni qo‘zg‘atadi. Oqibatda ishtaha oshadi va soxta ochlik hissi paydo qiladi, kishi ko‘p miqdorda ovqat yeyishi va shirinliklar iste’mol qilishi doimiy tus oladi. Oqibatda qonda doimiy insulin miqdorining oshishi surunkali qandli diabet kasalligini yoki yurak miokardi infarktini kelib chiqishiga zamin yaratadi.
Shakar tez qarishga olib keladi
Ko‘p miqdorda va uzoq muddat shakar iste’mol qilish terida ajinlar paydo bo‘lishini tezlashtiradi. Chunki shakar teri qoplamasining kollageniga ta’sir qilib uning elastikligini pasaytiradi. Ikkinchidan, shakar erkin radikallar chaqirishi oqibatida organizmning ichki hujayralari nobud bo‘ladi.
Yurak ishiga ta’sir qiladi
Shakar yurak mushaklariga nojo‘ya ta’sir o‘tkazadi, tiamin miqdorining kamayishi yurak mushaklarida distrofik o‘zgarishlarga hamda tomirdan tashqari suyuqlik to‘planishiga olib keladi.
Immunitetni pasaytiradi
Qonda shakar miqdori qanchalik yuqori bo‘lsa, immunitet shunchalik past bo‘ladi. Nima sababdan qandli diabet kasalligida asoratlar ko‘p bo‘ladi, chunki uning asosida shakar miqdorining oshishi yotadi. Shakar ayrim hollarda venoz qon tomirlar varikoz kengayishini keltirib chiqaradi, ko‘z ko‘rish qobiliyatini pasaytiradi, o‘t pufagida tosh hosil bo‘lishi va homiladorlarda toksikozga olib keladi, shuningdek endokrin, asab, buyrak, hazm, suyak va bo‘g‘im a’zolariga salbiy ta’sir ko‘rsatib ko‘pgina kasalliklar kelab chiqishini tezlashtiradi.
Bakteriyalar ko‘payishi uchun sharoit yaratadi
Shakardan tayyorlangan suniy shirinliklarni bolalar xush ko‘rishadi va ko‘p iste’mol qilishlari tufayli og‘iz bo‘shlig‘ida bakteriyalar ko‘payadi, natijada bodomcha bezlar tez-tez yallig‘lanadi. Bakteriyalarning ko‘payishi og‘iz bo‘shlig‘ida kislotalik muhitini oshiradi, bu esa tish emalini buzilishiga, ya’ni tish kariyesi rivojlanishiga olib keladi. Shakar ko‘p iste’mol qiladigan bolalarda tishlari kasallanib va to‘kilib ketishi juda ko‘p uchraydigan holat.
© Saydullo RASULOV, nutritsiolog,
tibbiyot fanlari doktori, professor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.
Kasalliklar
Shakar ko‘p iste’mol qilish zararlimi?