SHAHAR

SHAHAR

SHAHAR — aholisi, asosan, sanoat, savdo, shuningdek, xizmat koʻrsatish, boshqaruv, fan va madaniyat sohalarida band boʻlgan yirik aholi manzilgohi. Shahar — bevosita qishloq xoʻjaligi bilan band boʻlmagan aholi toʻplangan markaz. Shahar atrofidagi tumanlar uchun maʼmuriy va madaniy markaz boʻlibgina qolmay, balki ularning joylashishi va oʻsishiga ham katta taʼsir koʻrsatuvchi omil hamdir. Aholi punktlariga Shahar maqomi berilishi uchun aholi soni, bajaradigan funksiyasi: sanoat ishlab chiqarish, tashkiliy-xoʻjalik, madaniy-siyosiy, maʼmuriy va h. k. bosh mezon boʻlib hisoblanadi. Aholi manzilgohlarini Shahar toifasiga oʻtkazish maʼlum qonuniy tartibda amalga oshiriladi va chegarasi belgilanadi. Turli mamlakatlarda Shahar maqomini olish mezoni turlicha, mas, Daniya va Ispaniyada aholi soni 250 kishi, Gruziya va Turkmanistonda 5 ming, Tojikiston va Qirgʻizistonda 10 ming, Rossiyada 5—12 ming, Yaponiyada 25 ming kishi boʻlishi kerak. Oʻzbekistonda 7 mingdan yuqori boʻlishi talab etiladi. Aholi soniga koʻra, Shaharlar kichik (50 minggacha), oʻrta (50—100 ming) va katta (100 mingdan ortiq) boʻladi. Oʻzbekistonda 120 shahar, 113 ta shaharcha bor. Shundan 17 tasi katta shaharlar (Toshkent, Samarqand, Namangan, Andijon, Buxoro, Qoʻqon, Fargʻona, Nukus, Qarshi, Urganch, Olmaliq, Angren, Chirchiq, Navoiy, Margʻilon, Termiz, Jizzax), 16 tasi oʻrta va qolganlari kichik shaharlar. Shaharlar bajaradigan vazifalariga koʻra — poytaxt, sanoat, transport, turizm, rekreatsiya, din, fan va ilmiy tekshirish markazlariga boʻlinadi. Shuningdek, respublikaga boʻysunuvchi, muxtor respublika, viloyat, tumanlarga boʻysunuvchi Shahar larga ajratiladi.

Ensiklopediya.uz
SHAHAR