SEYSMIK TOʻLQINLAR haqida to’liq ma’lumot oling
SEYSMIK TOʻLQINLAR — zilzila oʻchogʻi, portlash, kuchli zarba va b. tebranish hamda silkinish manbalaridan tarqaladigan tebranishlar. Kuchli zilzila oʻchogʻiga yaqin joylarda Seysmik toʻlqinlar sekundning 1/10 ulushiga teng vaqtda vayron qiluvchi kuchga ega boʻladi. Epitsentrdan ancha uzoq masofadagi St. elastik toʻlqinlar hisoblanadi. Deformatsiya turiga koʻra, boʻylama, koʻndalang va sirtki toʻlqinlar; tarqalishiga koʻra, toʻgʻri, aks etadigan, singan, refraksion, difraksion va almashinuvchi toʻlqinlar; tarqalish vaqtiga koʻra, muntazam va nomuntazam toʻlqinlar; seysmik razvedkada foydalanilishiga koʻra, foydali va xalaqit beruvchi toʻlqinlarga boʻlinadi. Eng koʻp tarqalgani boʻylama toʻlqinlar va koʻndalang toʻlqinlardir. Boʻylama Seysmik toʻlqinlar harakati natijasida muhitning hajmi oʻzgaradi — siqiladi hamda choʻziladi. Muhit zarrachasining tebranishi toʻlqin tarqalish yoʻnalishi boʻylab sodir boʻladi. Koʻndalang Seysmik toʻlqinlar muhitda hajmiy oʻzgarishlar hosil qilmaydi, muhit zarrachasining tebranishi toʻlqin tarqalishi yoʻnalishiga perpendikulyar boʻladi. Boʻylama toʻlqinlar yer qobigʻi, mantiyasi va yadrosini, koʻndalang toʻlqinlar esa faqat yer qobigʻi va mantiyasini kesib oʻtadi. Yerning yadrosi suyuq holatda boʻlganligi uchun undan koʻndalang toʻlqinlar oʻta olmaydi. Toʻlqinlar har xil tezlik bilan tarqaladi. Eng tez tarqaluvchi toʻlqin boʻylama toʻlqin. Seysmik toʻlqinlarning umumiy quvvati magnituda (M) bilan belgilanadi (q. Zilzila). Yer yuzasida Seysmik toʻlqinlarning tarqalishini kuzatish yerning tuzilishini oʻrganishga imkon beradi. Neft va gaz konlari geologiyasini oʻrganish, turli strukturalarni topish va ularni chuqur parmalashda, muhandislik geologiyasining muhim masalalarini hal etishda Seysmik toʻlqinlar xisobga olinadi.
Qahhorbek Abdullabekov.
Malumotlar
SEYSMIK TOʻLQINLAR