RIM

RIM

RIM, Qadimgi Rim — qad. davlat. Rivoyatga koʻra, Rim shahriga aka-uka Romul va Rem tomonidan mil. av. 754/753-y. da asos solingan. Rivoyatlarda 8 — 6-a. larda hukmronlik kilgan 7 podshoh qayd etilgan. Soʻnggi podshoh Tarkviniy Takabbur quvilgach, respublika tuzumi oʻrnatilgan (mil. av. 510/509-y.). Mil. av. 3-a. oʻrtalariga kelib, butun Italiya hududini tobe etgan Rim yirik davlatga aylangan. U Oʻrta dengiz havzasida gegemon boʻlishga intilgan, bu Rimni Karfagen bilan toʻqnashuviga sabab boʻlgan. Puni urushlaritsan soʻng mil. av. 146-y. Karfagen ustidan gʻalaba qozongan Rim, Oʻrta dengiz havzasining eng yirik davlatiga aylangan. Yirik yer egaligi va qulchilikning rivojlanishi dehqonlar ommasini xonavayron boʻlishiga, qishloq kambagʻallari, qullar qoʻzgʻolonining avj olishiga (Spartak qoʻzgʻoloni) sabab boʻlgan; Rim sh. koʻchalarida fuqarolar urushi boshlanib ketish xavfi tugʻilgan. Rimning ijtimoiy-siyosiy hayotida mil. av. 1-a. da armiya va uning yoʻlboshchilari (L. K. Sulla, G. Mariy, G. Pompei va b.) katta rol oʻynay boshlaganlar. 49—45 y. lardagi fuqarolar urushi davrida Sezar davlatning mutlaq hukmdoriga aylangan; 44 y. respublika tarafdorlarining fitnasi natijasida Sezar oʻldirilgan. Fuqarolar urushining yangi davri Oktavian gʻalabasi bilan tugagan. U mil. av. 27 y. senatdan Avgust unvonini olgan. Avgust hukmronligi davridan boshlab Rim imperiyaga aylangan. Mil. 2-a. da Trayan davrida imperiya sarhadlari oʻzining yuqori choʻqqisiga yetgan. Bosib olingan yerlarda mahalliy aholining qoʻzgʻolonlari, ayni vaqtda varvarlarning mamlakat xududiga bostirib kirishlari bir qancha provinsiyalarni mustaqil boʻlib ajralib chiqishiga va imperiyani Sharqiy va Gʻarbiy qismlarga boʻlinib ketishiga (395) olib kelgan. 476-y. german yollanma askarlari sardori Odoakr Gʻarbiy Rim imperiyasining soʻnggi imperatori Romul Avgustulni taxtdan agʻdargan. Sharqiy Rim imperiyasi Vizantiya nomi bilan yana 1000-y. ga yaqin mavjud boʻlgan.

Ensiklopediya.uz
RIM