Reklama qilinayotgan dorilarning ta’siriga ishonasizmi?

Reklama qilinayotgan dorilarning ta’siriga ishonasizmi?

Reklama qilinayotgan dorilarning ta’siriga ishonasizmi?

DO`STLARGA ULASHING:

Yoxud “fuflomitsinlar” nima?
Televizor qarshisida o‘tirganimda dori vositalari reklamasi ketma-ketligi boshlansa: “Yurtimizga kelgan xorijlik sayyohlar “o‘zbekistonliklarning hammasi kasalmandmi? Nuqul dorilar reklamasini tomosha qilar ekan” deb ajablanishi aniq” degan o‘ydan kulgim qistaydi. Ammo xorijlik sayyohlar telekanallarimiz, radio va matbuot, hatto katta ko‘chalarda joylashgan bannerlardagi dori vositalari reklamasini ko‘rib unchalik hayratlanmasa kerak. Chunki dunyo bo‘yicha dori vositalari reklamasi eng katta daromad manbai ekani hech kimga sir emas. Masalaning bu jihatini qo‘ya turaylik. Kim qancha daromad qiladi va nimaning evaziga, bu uning ishi. “Eplagan qandini ursin”. Ammo “qandni urish” faqat o‘z manfaati, to‘g‘rirog‘i “man faqat!” istagi yo‘lida bo‘lsa, bu endi na insoniylikka va na qonun-qoidalarga to‘g‘ri keladi.

Bir dardga ming dori

Daromadi gapni cho‘zdik, muddaoga ko‘chaylik, bugun dori vositalariga haddan ortiq ehtiyoj bog‘laganmiz. Ob-havo o‘zgarib, boshimizda og‘riq simillasa ham dori ichamiz. Beshik to‘yida ustma-ust tog‘oralarni “bo‘shatib”, bo‘kib qolsak ham dori ichamiz. O‘qituvchisi ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirolmayotgan farzandimiz ustidan shikoyat qilsa ham avval muammoni dori bilan “bartaraf” qilishga urinamiz. Xullas, dorilarni yagona najot kemasiga aylantirib olganmiz. Hamma narsa ko‘nglimizga ko‘ra bo‘lganidek, yonverimiz ham dorixonalarga to‘lib ketgan. Uyimdan katta ko‘chaga chiqadigan 200-300 metrcha keladigan masofa oralig‘ida to‘rtta dorixona joylashganini ko‘rib kulishgayam, kuyishgayam hayronman.

Bolalik paytlarimizni eslayman. Shamollab qolsak, onam “Aspirin” yoki “Paratsetamol” degan dori ichirardilar. Shifokorning nina dorisi ham shamollash va grippga bitta edi – “Pensellin”. Bo‘ldi. Boshqa dorini bilmay katta bo‘ldik. Kattalarning ham bosh og‘riqdan boshqa dardi yo‘q edi, bizningcha. “Analgin” dorisini ichib, bir uxlab turishsa, olam guliston edi. Bugun esa “shamollab qolibman, chog‘i, biror dori tavsiya…” deb dorixona sotuvchisiga murojaat qilsam, gapim oxiriga yetmay oldimga besh-oltita dori vositasini “shap-shap” etib tashlaydi: “Bu “Nimesil”, og‘riq qoldiradi, tinchlantiradi. Bunisi “Gripxot”, shamollash simptomlarini yo‘qotadi. Bu esa “Nolgrip”, “Bolnol”…”

Peshtaxtadagi dorilarni ko‘rib boshim aylanib, ko‘zim tinib ketadi. Provizor-sotuvchi esa tinmay nomiga til kelishmaydigan dorilarni tavsiya qilib, xususiyatlarini tavsiflaydi. Qoyil, deyman labi-labiga tegmayotgan dorixona sotuvchisiga qarab, she’rni ham bu qadar mahorat bilan yodlash mushkul-ov… Mayli, ishi shu bo‘lganidan keyin hamma dori vositasining tavsifini yoddan bilishi kerak, deysizmi? Haqsiz. Ammo masala bunda ham emas. Provizor-sotuvchi tavsiya qilayotgan dori vositalarining aksariyatining tarkibi bir xil. Nomi va narxlari har xil.

Sababi bilan siz ham qiziqqaningiz aniq, javobi esa odatdagiday: “Bu dori falon davlatda ishlab chiqarilgan, bunisi pismadon davlatda. Bu falon muddat orasida ta’sir qiladi, bunisi pismadon”… Hech narsaga tushunmay, bir amallab jilmayishga urinib dorixonadan chiqib ketaman. Ba’zan oddiy shamollash yo bosh og‘rig‘iga dorixonadan yelim xaltani to‘ldirib dori sotib olamanu, aksariyatini ichmay qolib sog‘ayaman.

“Fuflomitsinlar” haqida eshitganmisiz?
Internet tarmog‘ida “Fuflomitsinlar”ya’ni “Hech qanday samarasiz va ta’siri yo‘q dori preparatlari” degan ro‘yxatga tasodifan ko‘zim tushdi. Bu ro‘yxatdan ayni paytda reklamasi avjga chiqqan, shifokorlar va provizorlar birinchi o‘rinda tavsiya qiladigan dori vositalaridan tortib, bolaligimizdan beri nomi tanish dori-darmonlargacha bor ekan. Tag‘in har bir keltirilgan dori vositasi tarkibini izohlay turib, “Bu vosita dori emas, shunchaki, biologik faol qo‘shimchalardan iborat” deyilgani kishini o‘ylantiradi. Dori vositasi yuz foiz kimyoviy modda bo‘lsagina ta’sir ko‘rsatadimi, ajabo? Bunisiga ham “xo‘p” deylik, internet tarmog‘idagi “Eng kuchli samara beruvchi dori vositalari” degan ro‘yxatda ham “Fuflomitsin”lar safidan joy olgan dori vositalarini uchratish mumkin. Chalg‘ib ketdingizmi? O‘zimning ham boshim aylanib ketdi, to‘g‘risi.

Ayni mavzu atrofida izlanib yurgan kezlarimda, Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi guruhlardan birida dori vositalari haqida mulohaza o‘rtaga tashlandi. “Nima deb o‘ylaysiz, bugun dorixonalarda sotilayotgan dori vositalarining hammasi foydalimi?” mazmunidagi so‘rovnomada aksariyat foydalanuvchilar dori preparatlarining foydasiga ishonmasligi, aksincha, dori vositalari inson organizmini zaiflashtirib, kasallikka chalinuvchan qilib qo‘yishi xususida mulohazalar qoldirgan.

Xususan, Nargiza Avazxonova ismli foydalanuvchi shunday deydi: – Dori vositalarining turgan-bitgani zarar. Ayniqsa, antibiotiklar inson organizmining kushandasi. Aksariyati jigarni yemiradi. Jigar shikastlansa insonning butun a’zolari faoliyati izdan chiqadi-ku!

Eng yaxshi dori bu – xotirjamlik va to‘g‘ri ovqatlanish, – deydi Nurmuhammad Odilov ismli feysbuk foydalanuvchisi. – Dorilar faqat ishlab chiqaruvchilar manfaati uchun xizmat qiladi. Bir a’zoga foyda qilsa, to‘rt a’zoga zarar ko‘rsatadi.

Respublikamizda dori vositalarini sifatini nazorat qilishni davlat tizimi tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi sifatsiz va qalbaki dori vositalarini iste’molchiga yetib borishini oldini olishdan iborat.

Qizig‘i shundaki, uzoq davom etgan munozarada feysbukning o‘zbek segmenti foydalanuvchilarining aksari yakkash xulosa atrofida birlashdilar – reklama qilinayotgan va dorixonalarda sotilayotgan dori vositalarining ko‘pchiligi samarasiz. Issiq jon, kasal bo‘lmaslikdan hech kim himoyalanmagan. Betob bo‘lganda faqat shifobaxsh giyoh va o‘tlar bilan davolanishni ma’qul ko‘rishini ta’kidlaydi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari.

Haqli savollar tug‘iladi: Bugun shifokorlar tomonidan bemorlarga tavsiya qilinayotgan va dorixonalarda sotilayotgan dori vositalarining samaradorligi qay darajada? “Fuflomitsinlar” atamasiga zamonaviy farmatsevtika qanday qaraydi? Dorixona sotuvchisi shifokor tavsiya qilgan dori vositasi o‘rniga o‘zboshimchalik bilan boshqa dori vositasini xaridorga sotishga haqqi bormi? Ushbu savollarga Sog‘liqni saqlash vazirligi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazi” Axborot – tahlil bo‘limi boshlig‘i Muhabbatxon Ibragimova shunday javob beradi:

“O‘zbekiston Respublikasi dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, dori vositalar va tibbiy buyumlar laboratoriya va klinik sinovlardan o‘tkazilib, sifati kafolatlanganligidan so‘nggina ular belgilangan tartibda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qayd etilib, davlat reyestiriga kiritiladi. Shundan so‘ng, ishlab chiqarish, sotish, tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etiladi. Shuning bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 6 iyuldagi “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibotini soddalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 318-sonli qaroriga muvofiq, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan va chet eldan keltirilayotgan har bir dori vositasining muvofiqlik sertifikatlari mavjud bo‘lgan, hamda saqlash, tashish me’yoriy hujjatlar talablari asosida amalga oshirilgan dori vositalarigina tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat beriladi. Dorixonalar orqali qo‘llash uchun yaroqsiz (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan) dori vositalarini sotuvga chiqarilganligi to‘g‘risida aniq asoslantirilgan ma’lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirda, bunday dori vositalarini muomalaga chiqargan aybdor shaxslarga jazo choralari belgilanganligi kafolatlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi “Aholini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlashni yaxshilash to‘g‘risida”gi qarori bilan “Cheklangan narx bo‘yicha realizatsiya qilinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalar va tibbiy buyumlar ro‘yxati” tasdiqlangan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan quydagi ro‘yxatlar tasdiqlangan:

*Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 19 oktyabrdagi 113-sonli buyrug‘i bilan, Adliya vazirligida 2017 yil 8 noyabrda 2946-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Shifokor retseptisiz sotiladigan dori vositalarining ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi ro‘yxat”;
*Sog‘liqni saqlash vazirining 2016 yil 11 yanvardagi 28-son buyrug‘i bilan “Asosiy dori vositalari ro‘yxati”;
*Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 21 noyabrdagi 71-sonli “Barcha dorixonalarda bo‘lishi majburiy bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxati”.

O‘zbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasiga muvofiq, davolash-profilaktika muassasalari, dorixonalar hamda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi, realizatsiya qiluvchi va qo‘llovchi tashkilotlar dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya reaksiyalar aniqlangan barcha holatlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligini yozma shaklda xabardor qilishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida aniqlangan nojo‘ya reaksiyalarga baho beradi, baholash jarayonida nojo‘ya reaksiyaning klinik ko‘rinishlari va dori vositasining qo‘llanilishi o‘rtasidagi sabab-oqibat bog‘lanishlari, shuningdek kutilayotgan foydaning dori vositalari qo‘llanilishining ehtimol tutilgan xavfiga nisbati aniqlanadi.

Kutilayotgan foydaning dori vositalari qo‘llanilishining ehtimol tutilgan xavfiga nisbatining o‘zgarishiga ta’sir etuvchi faktlar aniqlangan taqdirda ishlab chiqaruvchilar va ularning vakillari salbiy oqibatlarni bartaraf etishga, odamning hayotiga yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilishining oldini olishga, bunday dori vositalarining qo‘llanilishidan muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rishi shart.

Dori vositasi qo‘llanilganda dori vositasining xavfsizligi va samaradorligiga doir belgilangan talablarga uning nomuvofiqligi to‘g‘risidagi dalillar aniqlangan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bunday dori vositasini muomaladan chiqarish yoki uning qo‘llanilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadi. “Fuflomitsinlar ro‘yxati” degan tushuncha mavjud emas.

Sog‘liqni saqlash vazirligining 191-sonli Davolash-profilaktika muassasalarida shifokor tomonidan tavsiya etiladigan dori vositalari dorixonalarda mavjud bo‘lmagan hollarda bemorlarga ularning o‘rnini bosuvchi, ta’sir etuvchi moddasi bir xil bo‘lgan boshqa analoglarga almashtirilishi mumkinligi belgilangan.

“Fuflomitsinlar” ya’ni samaradorligi bo‘lmagan dori vositalari ro‘yxati haqida mutaxassislardan tayinli javob olishning imkoni bo‘lmadi. Shifokorlar va provizor-sotuvchilar bilan muloqotda bo‘lganimizda internet tarmog‘ida “Fuflomitsinlar” degan ro‘yxatga ko‘zi tushmaganini va bunday so‘zni bizdan eshitayotganini ta’kidlab, ortiqcha izohga o‘rin qoldirmadilar.

Tibbiyot fanlari doktori Dildora Haydarova: – Bunday ro‘yxat haqida eshitmagan ekanman. Har bir inson organizmi individual bo‘ladi. Ya’ni bir insonga ijobiy ta’sir etgan dori vositasi boshqa kishiga ta’sir qilmasligi yoki aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Dori vositalari haqida gap ketganda foydali yo foydasiz deb keskin hukm berishning iloji yo‘q.

Dilorom Sa’dullayeva, psixolog: – Insonni ruhiyat boshqaradi. O‘zini ruhan qo‘llab-quvvatlagan, darddan forig‘ bo‘lishiga qat’iy ishongan bemorning sog‘ayishiga dori vositalari shunchaki sabab bo‘lar ehtimol. Eldan oshirib bir so‘z aytish mushkul – “Ixlos – xalos”. Asl salomatlikning kuchi ruhiyat va fikrda. Buyuk tabib ibn Sino ruhiyatni davolamay turib jism dardini davolash mushkulligini ta’kidlaydi. “Ixlos bilan ichsang ariqdagi suv ham shifo” degan gap ham bejiz emas.

Nihoyat…
Dori vositalaridan foydalanmaslik va ularning qay biri foydali yo foydasiz ekanini mulohaza qilib bosh qotirmaslikning yagona yo‘li – kasal bo‘lmaslik. “Kasal bo‘lmaslikning iloji yo‘q-da” deb, so‘zimizni bo‘lmay turing. Iloji bor. Qalb xotirjamligi, shukronalik, sevish, sevilish, sog‘lom turmush tarzi, harakatchanlik, to‘g‘ri ovqatlanish, tabassum va yaxshi narsalarni o‘ylash – betob bo‘lmaslikning kafolati. Muhimi o‘zingizni yaxshi ko‘ring, qadrlang va uzoq umr ko‘ring.

Umida ADIZOVA tayyorladi
Manba: Azon.uz

Reklama qilinayotgan dorilarning ta’siriga ishonasizmi?