RADIOBIOLOGIYA

RADIOBIOLOGIYA

RADIOBIOLOGIYA (radio… va biologiya) — ionlovchi nurlarning tirik organizmlar, ular uyushmalari va umuman biosferaga taʼsirini oʻrganadigan fan, radiologiyaning bir boʻlimi. Radiobiologiya tibbiyot, q. x. va sanoatda yadro nurlaridan foydalanish, tirik organizmlar, ayniqsa, insonni ionlovchi nurlardan muhofaza qilishning nazariy asosi. Radiobiologiya infraqizil, yorugʻlik va ultrabinafsha diapazonlarda taʼsir etadigan elektromagnit toʻlqinlari hamda mm va sm diapozonidagi radiotoʻlqinlar taʼsirini oʻrganadigan fotobiologiya bilan bevosita bogʻliq. Radiobiologiya radioaktiv zarrachalarni nurlanayotgan obyektlarning ichki qismiga kirib borib, ularning atom va molekulalardan tashkil topgan barcha tarkibiy qismlariga taʼsir etish xususiyatlarini hamda yuqori energiyaga ega boʻlgan kvantlar va zarrachalar (azarracha, elektronlar, pozitronlar, protonlar, neytronlar va b.) bilan bogliq jarayonlarni oʻrganadi. Ionlovchi nurlarning biologik taʼsirini oʻrganish V. K. Rentgen rentgen nurlarini (1888), A. Bekkerel radioaktivlikni (1896), P. Kyuri va M. KyuriSklodovskaya tomonidan radiy elementining kashf etilishi bilan deyarli bir vaqtda boshlangan. Lekin Radiobiologiya mustaqil fan sifatida faqat 20-a. ning 1-yarmida shakllandi. Bu koʻp jihatdan texnika va yadro fizikasining rivojlanishi bilan bogʻliq. 1925-y. da ionlovchi nurlarning mutagen taʼsiri kashf etilishi radiatsion genetikaning fan sifatida shakllanishiga imkon berdi. 20-a. ning 20—30-y. larida Radiobiologiya sohasida qilingan tadqiqotlar tahlili asosida hujayraning nurlanish dozasidan halok boʻlishini tushuntirish uchun unda sezgir — nishon — moʻljal mavjudligi haqidagi gipoteza ishlab chiqildi. Gipotezaga koʻra, ionlashgan zarrachalarning «nishon»ga tegishi radiatsion effektni paydo qiladi. «Nishon» nazariyasi ingliz olimi D. Li (1946), rus olimi N. V. Timofeyev — Resovskiy va nemis olimi K. Sitter (1947) tomonidan toʻliq ishlab chikilgan.

Ensiklopediya.uz
RADIOBIOLOGIYA