QANGʻLI

QANGʻLI

QANGʻLI, qangli, qangqali — turkiy xalqlar tarkibidagi bir guruh qabilalarning umumiy nomi. Qangʻlilar oʻzbeklarning 92 urugʻi tarkibida ham uchraydi. Chingizxon istilosiga qadar Qangʻlilar Ural togʻidan gʻarbda, Emba va Ural daryolari oraligʻida joylashgan hududda yashaganlar. Mahmud Koshgʻariyning «Devonu lugʻotit turk» asari va 10-asrgacha yozilgan Xitoy manbalarida, jumladan, mil. 2—9-asrlarda mavjud boʻlgan turkiy qabilalar orasida Qangʻli atamasi uchramaydi. Bu atamani ilk bor Yuan sulolasi tarixi («Yuan shi»)da uchratish mumkin (13-asr). Unda Qangʻli Xan davridagi (mil. av. 2-asr — mil. 2-asrlar) gavchelar deb qayd , etilgan. Vey sulolasi tarixida («Vey shu») mil. 3—5-asrlarda «gavche» («baland arava» maʼnosida) lar 2 qismga boʻlingani aytilgan. Ulardan biri di (qad. oʻqilishda diyek, yaʼni turk), byaoxe (uygʻur), xolyu (xogursu), xopi (xipni, chibni), xugu (qirgʻiz), biqiszin (iltekin) kabi 6 qabiladan, 2si chifuli (chipli), tulu («tur», ichjan (iljon, ilxon), dalyan (tarlon), kuxe (qugʻa), dabogan (tarbakan, davgan), alun (oyrun), moyen (muyen, bayon), sifen (irkin), fufulo (boʻrkli), chiyun (qiyun, kiyen) va yushupi (yusib, yushib) kabi 12 qabiladan iborat boʻlgan. Baʼzan gaochelar sharqiy turklar yoki uygʻur deb ham atalgan.

Ensiklopediya.uz
QANGʻLI