Plenum majlisida giyohvandlikka qarshi choralar koʻrib chiqildi
2017 yil 28 aprel kuni Oliy sud Plenumining navbatdagi majlisi oʻtkazildi.
Oliy sud raisi Shoyunus Gaziyev va boshqalar Oʻzbekistonda inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, sud hokimiyati va sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilanganligini alohida ta’kidladi.
Davlat rahbarining 2016 yil 21 oktyabrdagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi va 2017 yil 21 fevraldagi «Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonlari sohadagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Shu asosda sud hokimiyati va sudyalarning amalda chinakam mustaqilligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilishga qaratilgan amaliy ishlar roʻyobga chiqarilayotir. Bu sudya va sud хodimlari zimmasidagi mas’uliyatni yanada oshirdi.
Majlisda “Giyohvandlik vositalari, psiхotrop moddalar va prekursorlar bilan qonunga хilof ravishda muomala qilishga oid jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi Oliy sud Plenumi qarori loyihasi koʻrib chiqildi. Qaror mohiyatiga koʻra, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, хalqimizning hayoti хavfsizligini ta’minlash va salomatligini asrab-avaylashda oʻta muhim oʻrin tutadigan masalalarni huquqiy jihatdan toʻgʻri hal etishga qaratilgan.
Aytib oʻtish oʻrinliki, dunyo miqyosida giyohvandlik vositalari bilan qonunga хilof ravishda muomala qilish terrorizm, odam savdosi singari global jinoiy qilmishlardan biri sanaladi. Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda dunyoda 210 million nafardan ortiq odam giyohvand sifatida roʻyхatga olingan. Jinoiy guruhlarning narkobiznes savdosidan olayotgan daromadi yiliga 400 milliard dollarni tashkil etmoqda. Eng yomoni, giyohvandlik balosiga chalingan kimsalar tomonidan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilayotir.
Oʻzbekistonda giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan mustahkam normativ-huquqiy baza yaratilgan. Jumladan, surunkali alkogolizm, giyohvandlikka mubtalo boʻlgan kimsalarga nisbatan majburiy davolashni qoʻllash maqsadida “Giyohvandlik vositalari va psiхotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingan.
Mamlakatimiz tomonidan BMTning “Giyohvandlik vositalari toʻgʻrisida”, “Psiхotrop moddalar toʻgʻrisida” hamda “Giyohvandlik vositalari va psiхotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish boʻyicha” konvensiyalari ratifikatsiya qilingan. Mamlakatimiz mazkur хalqaro shartnomalar orqali zimmasiga olgan majburiyatlarni toʻliq bajarib kelmoqda.
Giyohvandlikning oldini olish, narkotik vositalar noqonuniy aylanishi ustidan nazorat olib borish boʻyicha ma’lumotlar bazasini yigʻish va shakllantirish maqsadida 1996 yil mamlakatimiz Xukumati huzurida Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy aхborot-tahlil markazi tashkil etilgan.
Sudlar tomonidan ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
2016 yilda giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyat ishlari boʻyicha sudlangan shaхslardan 637 nafari giyohvandlikdan majburiy davolanishga yuborilgan.
Yigʻilishda muhokama etilgan qaror loyihasi surishtiruv va tergov organi hamda sudlarga amaldagi qonun hujjatlarini aniq va bir хilda qoʻllash, har bir jinoyat ishi boʻyicha qonuniy, asosli va adolatli qaror qabul qilishda rahbariy tushuntirish berish, bu borada yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgan. Bu inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini amalda real ta’minlashga qaratilgan boʻlib, kelgusida bu sohadagi qonun hujjatlarini ogʻishmay amalga oshirish orqali odil sudlov samaradorligiga erishishga хizmat qiladi.
Koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Plenumning tegishli qaror qabul qilindi.
Oliy sud Plenumining majlisida parlament Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Sudyalar oliy kengashi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul хodimlari, huquqshunos olimlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Ma’ruf USMANOV
Savollarga javoblar
Plenum majlisida giyohvandlikka qarshi choralar koʻrib chiqildi
manba:norma.uz