Piyoda yurishning yana bir foydali xususiyatlari haqida ma`lumot berildi
Piyoda yurish insonlarni ortiqcha xarajatdan xalos qilishdan tashqari yana qanday foydali tomonlari bor? Piyoda yurishning nafi haqida qanday tibbiy tavsiyalar berilmoqda? Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Aholining sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova inson o`zini yaxshi his qilishi va tashqi ko`rinishining ko`rkam bo`lishida ham piyoda yurishni odat qilishi juda muhim, deya ta`kidlaydi.
— Yayov yurganda gavdaning barcha muskullari harakatga keladi. Yurish ichki organlarga ham ta`sir o`tkazmay qolmaydi, ularning faoliyatini kuchaytiradi, natijada organizmda moddalar almashinuvini yaxshilaydi, — deydi B.Odilova. — Yana bir jihati, u yurak tomirlarini, shuningdek, nafas va asab tizimini mashq qildiradi.
Ertalab ishga ketadigan payt piyoda yurish ham juda foydali. Bu vaqtda havo toza bo`ladi, kishi kechasi uxlab, dam olgani sababidan charchamasdan 30-40 daqiqa bemalol yayov keza oladi.
Ishxonadan charchab chiqqaningizdan keyin ham iloji bo`lsa, avtobusga shoshilmang. Yo`lning bir qismini piyoda bosing. Chunki faol harakat qilish odamni tinchlantiradi, kishining charchog`ini oladi.
— Piyoda yurishning ham o`ziga yarasha me`yor va qoidalari mavjud bo`lsa kerak…
— Albatta, piyoda yurishda quyidagilarga ahamiyat berish ayni muddao:
- ️Bir kunda 4 marotaba 10 daqiqadan piyoda yurishni odat qilsangiz, qon bosimingiz me`yorda bo`ladi.
- ️Tez-tez qadamlar bilan kuniga 120 odim tashlasangiz, 15 daqiqada 100 kkal.dan xalos bo`lasiz! Mana, sizga ozishning arzon va qulay usuli!
- ️Asabiy ish kunining “yuk”laridan xalos bo`lmoqchimisiz? Unda har kuni 20 daqiqagina piyoda yuring. Natija sizni albatta xursand qiladi.
- ️Chekishni tashlashni istaganlar ham xumor tutganda 20 daqiqa piyoda yursalar, bu xohish ayni shu daqiqalarda o`z-o`zidan yo`qolarkan.
- ️Amerikalik olimlar 45 daqiqa davomida marafonda qatnashgan ishtirokchilarning 50 foizi shamollashni engib o`tkazishganini ta`kidlashadi. Chunki aynan piyoda yurganimizda mikroblar va viruslar taslim bo`larkan. Demak, ayni kunlarda sayr qilishni unutmang!
- ️Britaniyalik olimlarning aniqlashicha, har kuni 1 soat davomida piyoda sayr qilgan kishilar yurak xastaliklariga kamroq duchor bo`lisharkan.
️Quyidagilarni hisobga olgan holda, piyoda sayr qilishni odatga aylantirish vujudimizdagi ko`plab muammolarga echim bo`lishini bemalol ayta olamiz.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Piyoda yurishning yana bir foydali xususiyatlari haqida ma`lumot berildi