O‘zbekiston hududida ilk marta yadro bombasidan qanday maqsadda foydalanilgan? to’liq malumot oling

O‘zbekiston hududida ilk marta yadro bombasidan qanday maqsadda foydalanilgan? to’liq malumot oling

Oʻtgan maqolalarimizda yadro quroli nimaligi va tarixdagi eng kuchli portlashlar haqida yozgan edik. Sobiq Sovet ittifoqi davrida Oʻzbekistonda Xirosimaga tashlangan bombadan ikki barobar kuchliroq yadro bombasi portlatilganidan xabaringiz bormi? Keling, ushbu maqolada aynan shu mavzuni oʻrganib chiqamiz.

Oʻrtabuloq neft-gaz kondensat koni 1961-yilda Buxorodan 90 kilometr janubroqda, Turkmaniston bilan chegara yaqinidan topilgan. Yaqin atrofda shoʻr koʻllar mavjud, hudud asosan chorva boqish uchun ishlatilgan. U oʻsha hududdagi eng katta gaz konlaridan biri hisoblangan.

O‘zbekiston hududida ilk marta yadro bombasidan qanday maqsadda foydalanilgan?

Oʻrtabuloq neft-gaz kondensat koni Oʻzbekiston xaritasida / wikipedia.org
Yongʻin

Kon aniqlanganidan soʻng, unda burgʻilash ishlari boshlab yuboriladi. 1963-yilda burgʻilash ishlari 2 400 metrga yetib, tarkibida oltingugurt miqdori juda yuqori boʻlgan gaz zaxirasi topiladi. Ushbu chuqurlikda bosim 270–300 atmosfera atrofida boʻladi.

Bunday sharoitda yuqori atmosfera bosimiga chidamli, maxsus poʻlatdan tayyorlangan burgʻilash uskunasi ishlatilishi kerak edi. Biroq ishchilar xatolikka yoʻl qoʻyadi va maxsus burgʻilash uskunasidan foydalanishmaydi.

Oqibatda oddiy burgʻilash uskunasi yuqori atmosfera bosimiga bardosh berolmaydi. 1963-yil 1-dekabr kuni uzilib tushib, erib ketadi va juda kuchli gaz toʻlqini yuzaga otilib chiqadi. Kuchli toʻlqin burgʻilash uskunasining yer sathida turgan qismi va uni ushlab turgan metall konstruksiyani uzib yuboradi.

Otilib chiqqan va alanga olgan gaz fontani / hujjatli filmdan lavha

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, gaz oʻz-oʻzidan yonib ketadi. Boshqa manbalarning taʼkidlashicha esa tirik organizmlarni oltingugurt vodorodi qirib yubormasligi uchun ham unga atayin oʻt qoʻyiladi.

Mavzuga doir: Tarixdagi eng kuchli portlashlar →

Yongʻinni bartaraf qilishga urinishlar

Kondagi bosim kuchliligi sababli olovning balandligi 70 dan 120 metrgacha yetgan. Bu taxminan 40 qavatli binoning uzunligi bilan teng.

Oʻshanda har sutka davomida 10–12 million kubometr gaz yonib ketaverardi. Manbalarga koʻra, Oʻrtabuloq konida bir sutkada yonib ketayotgan gaz Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahri aholisining bir sutka mobaynida sarflaydigan gaz miqdoriga teng boʻlgan.

Yongʻinni oʻchirishga urinishlar boshlanadi. Biroq olovning tafti juda kuchli boʻlgani tufayli unga 200–250 metr masofadan ham na maxsus texnika, na oʻt oʻchirish mashinalari yaqinlasha olardi.

Olovga suv yoki koʻpik sepishning, shuningdek, maxsus texnikalar yordamida yer jinsini surib borishning, boshqa quduq qazib, undan suv haydab koʻrishning iloji yoʻqligi ayonlashgach boshqacha yoʻl tutishga qaror qilinadi.

Otilib chiqqan va alanga olgan gaz fontani / hujjatli filmdan lavha

Oʻsha paytda quduq atrofida tozalanmagan gazning yonishidan havo juda ifloslanadi. Bundan tashqari, atrof kuyindi hidiga toʻlib ketadi. Bunga sabab tunda juda koʻp hasharotlar va qushlar oʻzini olovdan chiqayotgan yorugʻlikka urar, natijada issiqdan kuyib, oyoq ostiga qulab tushaverardi.

Ushbu alangani bartaraf etish uchun oʻt oʻchiruvchilar bosimni pasaytirish xususiyatiga ega qopqoq oʻrnatishni ham taklif qilishadi. Nazariy jihatdan, u oʻrnatilgach gaz oqimi boshqa quvurlarga yoʻnaltirilib, bosimni pasaytirishi kerak boʻladi. Buni bajarish uchun artilleriya ishga solinib, gazni muzlatadigan moddalar solingan oʻq bilan quduq moʻljalga olinadi va germetik qopqoq oʻrnatiladi.

Qisman oʻrnatilgan ushbu qopqoq 1964-yil yanvar oyida kichik gʻalaba boʻlib xizmat qildi. Biroq bu xursandchilik uzoqqa choʻzilmadi — yer yuzasida sulfidga boy koʻp sonli kraterlar paydo boʻladi. Ular orqali zaharli bugʻlar chiqib havo yanada ifloslanadi.

Koʻp oʻtmay kon atrofidagi issiqlikdan himoyalanish uchun buldozerlar yordamida qum tepaliklari barpo etiladi. Shu tariqa quduq salkam 3 yil (taxminan 1 064 kun) mobaynida toʻxtovsiz yonib turadi va yarim milliard kubometrdan oshiqroq gaz isrof boʻladi.

Portlash

Quduqdagi olovni uch yil davomida oʻchirishning iloji boʻlmagach, 1966-yilda uni bartaraf etish uchun yer ostida termoyadro bombadan foydalanishga qaror qilinadi. Bu qaror hukumat darajasida maʼqullangach, missiya bu sohada yaxshi tajribaga ega, neft va gaz sohasida mutaxassis Kamil Mangushevga topshiriladi. Missiyani tashkil etishga 4 oy sarflanadi.

Birinchi navbatda, kon yaqinidan 1 500 metr chuqurlikda quduq burgʻilanadi. Soʻng, Arzamas yadroviy qurol laboratoriyasi tomonidan ishlab chiqilgan 30 kilotonna trotil ekvivalentiga teng maxsus termoyadro bombasi ishlab chiqiladi va quduqqa tushiriladi. Bunday chuqurlikda harorat juda yuqori boʻlgani uchun portlash nuqtasiga tushirilgan yadro bombasi qoʻshimcha ravishda sovitilib turiladi.

Gaz konlarini burgʻilash jarayoni / hujjatli filmdan lavha

1966-yil 30-sentabr kuni ertalab Oʻrtabuloq koni yaqiniga koʻmilgan yadro bombasi portlatiladi. Natijada oʻz oʻrnidan siljigan yer jinslari gaz qudugʻini siqib, uning ustini yopib qoʻyadi. Portlashdan 22–23 soniya oʻtgach olov oʻchadi.

Oʻrtabuloqda portlatilgan yadro bombasining quvvati 30 kilotonnaga teng boʻlib, u Xirosimaga tashlangan bombadan ikki barobar kuchli edi. U yer yuzasidan 1 500 metr chuqurlikda portlatilgani uchun yer yuzasidagi salbiy asoratlari kamroq boʻlgan.

Portlashdan soʻng Oʻrtabuloq koni atrofida yer jinslari koʻchib, hudud juda ham tartibsiz koʻrinishga kelib qoladi. Shundan soʻng bu yerga juda koʻplab maxsus texnika olib kelinadi va yer tekislab chiqiladi. 1969-yildan boshlab esa konni oʻzlashtirish ishlari qayta boshlab yuboriladi.

Keyingi maqolada Oʻzbekiston hududida ikkinchi marotaba portlatilgan yadro bombasini haqida soʻzlaymiz.

Manbalar: energyglobalnews.com, nytimes.com, coffeeordie.com, mediadrumworld.com, kun.uz, wikipedia.org, Тушение газового факела Урта-Булак ядерным взрывом
Maqova surat: wikipedia.org

Boshqa mavzular
O‘zbekiston hududida ilk marta yadro bombasidan qanday maqsadda foydalanilgan?