OPERA

OPERA

OPERA (lot. opera — mehnat mahsuli, asar) — musiqali dramatik sanʼat janri. Opera qorishma (sintetik) janr boʻlib, oʻzida bir nechta sanʼat turlarini mujassam etadi; unda dramaturgiya, musiqa, tasviriy sanʼat va raqs sanʼati shakllari yaxlit sahnaviy jarayonda uzviy bogʻlanadi. Lekin musiqa ular orasida yetakchi oʻrin egallaydi. Operaning adabiy asosi — librettodagi voqealar musiqiy dramaturgiya vositalari b-n, avvalo, vokal musiqa shakllarida gavdalantiriladi. Qahramonlarning hissiy kechinmalari, asosan, yakkaxon xonandalar ijrosidagi ariya, kavatina kabi tugal musiqa lavhalarida oʻz ifodasini topadi. Opera dagi rechitativ tugal musiqa shakllarini oʻzaro bogʻlab, musiqiy dramaturgiya ja-rayonida muhim vazifalar bajaradi. Turli vokal ansambl (duet, trio va b.)larda qahramonlarning oʻzaro munosabatlari, dramatik voqealar oʻz aksini topadi. Xor roʻy berayotgan voqealarning izoxlovchi vositasi vazifasini bajaradi, uning yordamida xalq hayoti lavhalari gavdalanadi. Operada orkestr ham katta oʻrin egallaydi: vokal shakllarga joʻr boʻladi, mustaqil cholgʻu qism (antrakt, uvertyura, introduksiya va b.)larda vaziyatning mazmunini ochib beradi, har bir sahnaning ruhiy holatini ifodalashga yordam beradi. Operaning tuzilishi uning gʻoyaviy maqsadiga, syujet xususiyatlariga, musiqiy-ijodiy maktab anʼanalari va uslublariga hamda kompozitorning ijodiy tafakkuriga bogʻliq.

Ensiklopediya.uz
Opera

Оставьте комментарий