Oltin va Kumush munosabatlari

Oltin va Kumush munosabatlari

Oltin va Kumush munosabatlari

oltin va kumush munosabatlari 660f0570714c8

O‘zbek romanchiligining mumtoz va shedevr namunasi, Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar»asarida bosh qahramon Otabekning hijriy hisob bilan 1265 yil 26 Javzoda Kumushbibiga yozgan maktubida shunday jumlalar bor: «Men Sizni Kumushka ham qanoatlanmay Oltinbibi deb atamoq fikriga tushdim». Albatta, bu asardagi qahramnolarning o‘zaro sadoqatini aslida hech qanday o‘lchov va qiyos bilan ifodalab bo‘lmaydi. Oilaga sadoqat, vafo, mehr va muhabbatning qiyosini ustoz Qodiriy o‘z qahramoni — Otabek tilidan eng oily va yuksak insoniy qadriyatlar ekanligiga urg‘u bermoqda. Albatta, bu badiiy o‘xshatish. Lekin uning zamirida o‘ta teran ifoda mavjud: insoniyat tarixida va rivojlanish bosqichlarida bu ikki nodir metallar pul va moddiy boyliklar, iqtisodiy salohiyat va davlat qudrati kabi tushunchalarning etaloni sifatida, hamisha muhim va tutgan. Hozirgi zamonda ham davlatning xalqaro maydondagi obro‘ — qudrati haqida gapirilganda, uning oltin zahiralari haqida eslatib o‘tiladi. Shohsupadagi g‘olib sportchilarga Oltin va Kumush medallar taqdim qilinadi.

Meni doimo bu ikki nodir metallning o‘zaro munosabati qiziqtirgan: Kumush va Oltin bir biridan qancha qiymatda farq qilar ekan?

Aytib o‘tilganidek qadim qadim zamonlardanoq bu ikki nodir metallarning insoniyat hayot faoliyatidagi o‘rni katta bo‘lgan. Oltin va kumush koplab mamlakatlarda pul birligining asosi va davlat xazinasining tayanchi hisoblangan. Kundalik turmushdagi va davlatlararo oldi — sotdilar barchasi yoki oltin yoki, kumush nisobi bilan olib borilgan. Bu metallarning o‘ziga xos kimyoviy xususiyatlari hamma zamonda ham ularning qadr qimmatining yuqori bo‘lishiga asosiy sababdir. Jamiyatda pul va iqtisodiy munosabatlarning asosi sifatida oltin va kumushga tayangan «bimetallik» tizim birmuncha noqulay bo‘lgan bo‘lsa ham (chunki ularning nisbati ba’zan yalpi ishlab chiqarish miqiyosiga to‘g‘ri kelmas edi) uzoq vaqt kishilik jamiyatining eng asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichi sifatida saqlanib kelgan. Oltin va kumushning narx navosi ko‘p narsalarga hal qiluvchi ta’sir etadigan omil bo‘lib, ozmuncha urushlarga ham sabab bo‘lgan.

Oltin va Kumushning qiymat munosabatlari doimiy va ancha katta chegaralarda o‘zgarib turgan. Faqat doimiy aniq bo‘lgan fakt shuki, Oltin doimi Kumushdan yuqori baholangan.qiymatning o‘zi katta miqiyosda o‘zgarib turgan, uning eng katta o‘zgarishlari iqtisodiy rivojlanishning eng avj olgan davrlariga to‘g‘ri keladi.

Qadimgi Shumerda Oltin va Kumushning narxlari nisbati 6:1 dan 8:1 gacha chegaralarda o‘zgargan. Gerodot yashagan davrda (eramizdan avvalgi V asr) qadimgi Yunonistonga tegishli manbalarsa 13:1 nisbatlar qayd etiladi. Ilk o‘rta asrlarga kelib (V — VIII asrlar) bu munosabat 18:1 gacha kattalashib ketdi. XV asrga kelib esa nisbat 10:1 gacha mutanosiblashdi. Shuni e’tiborga olish kerakki, bu kabi ma’lumotlarning ko‘pi mutloq e’tirof etilgan qonuniy nisbatlarni ifodalamaydi, ayniqsa so‘z tarixiy davrlar haqida borayotganda, bunday xabarlarning aksariyati tasodifiy xarakter namoyon qiladi. Masalan XII asrda Ispaniyaning Kastiliya o‘lkasidagi asosan musulmonlar yashaydigan Mavritaniya qismida 7:1, nasroniylar yashaydigan qismida esa 12:1 bo‘lgani ma’lum.

Bu munosabatlarning o‘zgarishiga qator faktorlar bosh omil bo‘lgan. Ulardan eng asosiysi ushbu nodir metallarning qazib olish hajmi va axborot tarqatishning samaradorligi hisoblanadi. Ushbu ikki omilning asosiy ta’sir kuchi urush davrlarida keskin ortib, tinchlik davrlarda sezilarli pasayib turgan.

Yaqin o‘tmishda, aynan esa 1970-1995 yillarda bu nisbatning eng yuqori cho‘qqisini kuzatish mumkin bo‘ldi. Ushbu yillarda Oltin va Kumushning qiymatlari nisbati 70:1 dan ham oshgan vaqtlar bo‘lgan. 1999 yilgi birja savdolarida esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 49:1 atrofida baholangan.

Albatta, zamonamizda nodir metallarning narx navosi va ular o‘rtasidagi munosabatlarning ahamiyati, xalqaro birjalardagi valyuta oldi — sotdilariga o‘z o‘rnini berib qo‘ygan bo‘lsada, ularning iqtisodiyotdagi tutgan o‘rni hech ham kamaygan emas! Aksincha, valyuta munosabatlaridan ko‘ra, Oltin va Kumush kabi nodir metallar zahiralari davlat iqtisodiy qudratining eng asosiy ko‘rsatkichlaridan biriga aylandi. Chunki valyuta munosabatlaridagidek ba’zi qaltis va tavakkalchilik faktorlari nodir metallar qiymatlarida hech qanday ahamiyatga ega emasligi — ham tarixiy ham zamonavit haqiqatdir. Hozirda kunda Oltin va Kumushdan iborat muhim iqtisodiy — tayanch qiymatlar qatoriga dolzarblikda ulardan qolishmaydigan Platina va Palladiyni ham qo‘shib ifodalash allaqachon odatiy holatga aylandi. Birja savdolaridagi munosabatlarda asosan Troya unsiyasi miqdorlaridagi nodir metallar uchun AQSH dollarlaridagi narxlar belgilanadi. Masalan, 1-avgust 2013 yil savdolarida bir Troya unsiyasi miqdoridagi oltin oldi/sotdisi uchun $1313.4/$1310.7, shuncha Kumush miqdori uchun esa $20.42/$20.07 narx belgilandi. Oddiy arifmetikadan foydalanib, ular o‘rtasidagi munosabat 64:1 ekanini hisoblab toppish qiyin emas.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Maqolalar
Oltin va Kumush munosabatlari

Manba:orbita.uz