Nutqning aniqligi va badiiy nutq

Nutqning aniqligi va badiiy nutq

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. Topshiriq
  2. 35-mashq
  3. 36-mashq
  4. 37-mashq
  5. 38-mashq

Topshiriq

Ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarning qanday maqsad bilan nutqqa olib kirilganiga diqqat qiling.

11-sinf Ona-tili darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH
  1. Agar bu sovuq so‘fi kirib kelgan bo‘lmasa, ikki yosh qizning qish bo‘yi to‘plangan ko‘ngil g‘ashliklari biroz sho‘xlik bilan ancha yozilgan bo‘lardi.
  2. Siz, axir, men bilan bir shapaloq yerni talashib, shu to‘g‘rida nari-beri bo‘lishib, shu tufayli shaharga kelib qolgan edingiz…
  3. Uning yuzlari kulgan, tishsiz – kemtik og‘zi sevinch bilan ochilgan edi. Akasi o‘z gapini yedirolmagach – Qurvonbibi bilan maslahat qilib turib – masalani eshon boboga arz qildi. (Cho‘lpon)

Aniqlik sifati badiiy nutqda o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi, chunki badiiy asar, ma’lumki, badiiy tafakkur mahsulidir. Badiiy nutqda obrazlilik asosiy bo‘lganligi uchun so‘z ma’nosidagi siljishlar,
ko‘chishlar ko‘p kuzatiladi. So‘z va u ifodalagan predmet o‘rtasidagi mutanosiblik badiiy nutqda ko‘pincha ochiq va to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Badiiy nutqning asosiy vazifasi estetik ta’sir etishdan
iboratligi uchun so‘zning turlicha qo‘llanishi, tovlanishi, turlanishi, xilma-xil ma’nolarni ustiga olishiga keng imkoniyat yaratadi.

Badiiy nutqda so‘zlar o‘z va hatto ko‘chma ma’nolaridan tashqari ham o‘ziga xos yangidan yangi ma’no qirralarini kasb etishi va shu tarzda badiiy tasvirning yanada aniqligini ta’minlashi mumkin.
Masalan, Miryoqub g‘ururining kaltaklanishidan kelgan bir zaharxanda bilan kuldi, injener esa burungi kular yuzini ham no‘qtalab oldi (Cho‘lpon, «Kecha va kunduz») gapidagi g‘ururning kaltaklanishi va kular yuzini no‘qtalamoq birikmalarida kaltaklanishi va no‘qtalamoq so‘zlari kasb etgan ma’no nozikliklari («g‘ururni azobli darajada poymol qilish», «keskin va tamoman to‘xtatmoq») bilan matnga ham aniqlik, ham ta’sirchanlik baxsh etgan.

Oddiy nutqda Qor yonadi deyilsa, nutqning aniqligi buzilgan bo‘ladi. Chunki qor – yonmaydigan narsa. Ammo Qalovini topsang, qor yonar degan maqolda, ya’ni badiiy nutqda fikr go‘zal, obrazli va
mubolag‘ali ifodalangan. Bunday holatda nutq aniqligining buzilishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas.

35-mashq

Ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarning yangi ma’no nozikliklarini kasb etishiga diqqat qiling. Ularni ma’nodoshlari bilan taqqoslab, uslubiy va mazmuniy farqlarini tushuntiring.
Tun chekindi. Deraza oynasiga kumushrang yog‘du yopirildi. Keyin ufq qizarib, asta quyosh bosh ko‘tardi. Quyosh nurlari xira va kuchsiz edi, ammo u tez ko‘tarildi. Har yer-har yerda uni uvada pardalardek kulrang bulutlar to‘sdi, lekin quyosh yurishini to‘xtatmadi va birdan ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq bo‘lib porlab, bepoyon osmonni yoritdi.

So‘ng yurishini sekinlatib kasalxona tepasiga kelganida bor shu’lasini derazasi ochiq xonaga tushirdi. Shu’la shu lahza karavotda yotgan xushbichim va go‘zal ayol yuzida jilva qildi, qovoqlarini qizartirmoqchi bo‘ldi, lekin tosh qotgan qovoqlar qilt etmadi. Shu’la o‘ziga qadrdon qorachiqlarda akslanmoqni istadi, ammo ularni topa olmadi, u faqat ayolning barmoqlarida paydo bo‘lib qolgan uzukning olmos ko‘zchalaridagina aks eta oldi.

Bu kun quyosh qanchalar porloq va nurafshon bo‘lmasin, unga hech kim muhabbat izhor qilmadi, muloyim nurlarini simirmadi… Baribir, quyoshning bu yerdan uzoqlashgisi kelmadi, u saxiylik bilan nurlarini mo‘l-ko‘l to‘kdi, jimgina yotgan ayol vujudi ko‘zni qamashtirib, yarqirayotgan oppoq nurlarga omuxta bo‘lib ketdi… (Zulfiya Qurolboy qizi)

36-mashq

Gaplarni o‘qing. Ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarning o‘ziga xos tarzda qo‘llanishiga diqqat qiling. Ularning nutq aniqligini ta’minlashdagi o‘rnini baholashga harakat qiling. Bu haqda o‘rtoqlaringiz bilan fikrlashing.

  1. Hay Oynisa, buvingni chaqir! – bolalarga aralashmay bir chekada turgan rangpar, bezgaknamo qizga buyurdi boy. (Oybek)
  2. Kim ekan o‘sha… xabargir? Qaniy?.. – deb u kishi qo‘l cho‘zdilar. (Murod Mansur)
  3. Bir yon: etaklarda, dasht-adirlarda Jonlarga o‘t yoqar qizg‘aldoqzori. Vatanim – ol qizg‘aldoqlar o‘lkasi! (Azim Suyun)
  4. Murodiga yetsinlar, murod qilganlar, Azim, Kunlar yulduzlanmoqda, bu kunlar oylanmoqda. (Azim Suyun)
  5. Farhod serbahs ayolni ko‘rgan zahoti tanidi: Elmira Kamolova, kinoshunos. (Erkin A’zam)

37-mashq

Parchani o‘qing, undagi badiiy tasvirga xizmat qilgan ma’nolarni aniqlang. Ifodalangan g‘oya atrofida fikrlashing.
Savollarga Nurmomo o‘zlari javob beradilar: – O‘qrayib, bo‘zrayib, g‘o‘dayib, gerdayib, kekkayib… O‘h-ho‘, tilimiz qanchalik boy! Bitta tushunchada qancha ifoda! Ha, chiroqlarim, bu so‘zlar ila atalishdan uzoqroq yuring, takabbur bo‘lmang! Takabburlik– johillikdir!

Birov ila uchrashganingizda o‘ng qo‘lingizni ko‘ksingizga qo‘yib: «Assalomu alaykum!» deng. Sizdan oldin salom bersalar, «Vaalaykum assalom!» deya javob qaytaring. Chin insonlik yo‘lidan toymang! Buni o‘shal siz ko‘rib kelgan to‘tiqush ham yaxshi bilur, shunga amal qilur. Shul boiskim, to‘tiqush inson singari burro til, nozik dil paydo qildi. Ha, biz-u sizni oshiq-u shaydo qildi. Shul sababkim, ul dildan sayraydir, uyimiz to‘rida turgan qutlug‘ taxtiravonda yayraydir. Qo‘shaloq tug‘ilgan bu ikki egizak so‘zda – «Assalomu alaykum» birla «Vaalaykum assalom»da yetti olamning kaliti, mehri-yu sehri bor. Aytsangiz, tilsimlar ochilaverar. (Y. Muqimov)

Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Mazasi qochdi 1. Sog‘lig‘i yomonlashdi. Varianti: mazasini qochirmoq. O‘xshashi: tobi qochdi. 2. Biror ish yomonlashdi, inqirozga yuz tutdi. Ma’nodoshi: mazasi ketdi.
Mum tishlamoq mutlaqo gapirmaslik, suhbatda mutlaqo qatnashmaslik. Ma’nodoshi: og‘ziga tolqon solmoq; mog‘ziga qatiq ivitmoq.
O‘xshashi: «lom-mim» demadi; dami chiqmadi; damini chiqarmadi; og‘zini ochmadi.

  1. Qanday nutqda so‘z ma’nolarining ko‘chishi ko‘p kuzatiladi?
  2. Badiiy nutqning asosiy vazifasi nimadan iborat?
  3. Ijodkorlar badiiy tasvirning yanada aniqligini ta’minlash maqsadida qanday lisoniy vositalardan foydalanadi?
  4. Oddiy nutq bilan badiiy nutqning farqli xususiyatlari haqida gapiring.
  5. Bahor keldi – Bahor yashillik bilan yasanib keldi. Umumiy mazmuni bir bo‘lgan har ikki gapning ifoda shakllari haqida nima deya olasiz?

38-mashq

Adabiyot darsligidagi asarlardan yangi, farqli ma’noda namoyon bo‘lgan so‘zlarni aniqlang. Ularning nutqiy aniqlikka ko‘rsatayotgan ta’sirini baholang.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Nutqning aniqligi va badiiy nutq