Miopatiyalar
Miopatiyalar
DO`STLARGA ULASHING:
Mushaklar faoliyati buzilishi tufayli ularning kichrayishi bilan kechuvchi miopatiya xastaligi asosan bolalik davrida boshlanadi. Miopatiyalar oʼzaro solishtirib chiqilganda, ularning bir qancha oʼxshash belgilari farqlanadi. Masalan, deyarli barcha miopatiyalar bolalik va oʼsmirlik davri uchun xos. Bu kasalliklarning aksariyati nasliy xususiyatga ega va koʼp hollarda oilaviy holda uchraydi. Kasallik sekin-asta boshlanadi va zoʼrayib boradi.
Dastlabki simptom – mushaklar holsizligi boʼlib, ular son va tos mushaklarida simmetrik tarzda rivojlanadi. Biroq baʼzi miopatiyalar yuz va yelka mushaklari ozishidan boshlanishi mumkin. Son mushaklari ozishi va uzoq vaqtgacha boldir mushaklarining saqlanib qolishi miopatiyalar uchun juda xos. Аgar ozish qoʼl mushaklariga oʼtsa, yelka va bilak mushaklari ozishi mumkin, biroq qoʼl panjasini bukib-yozuvchi mushaklar ozmaydi va ularning kuchi ham saqlanib qoladi.
Oyoq-qoʼllarda mushaklar tonusi va pay reflekslari pasayadi. Аgar bolaning oyoqlariga zimdan qaralsa, uning sonidan boldiri yoʼgʼon boʼlib koʼrinadi. Shuningdek, sezgi buzilishlari boʼlmaydi, ogʼriqlar kuzatilmaydi, bolaning aqliy faoliyati saqlanib qoladi. Baʼzi bolalar hatto oʼz tengdoshlaridan aqlli ham boʼlishadi. Bemorning yuzi ham, peshonasi ham silliq boʼladi, kulganda ajinlar paydo boʼlmaydi. Аgar bolani ikkala qoʼltigʼidan ushlab, tepaga koʼtarsangiz, bolaning avvalo yelkalari koʼtariladi. Kuraklar atrofidagi mushaklar ozganligi sababli bolaning kuraklari xuddi qushlarning qanotiga oʼxshab qoladi.
Tos mushaklari ozganligi sababli bola qadam tashlaganda, xuddi oʼrdakka oʼxshab gavdasini goh bir tomonga, goh ikkinchi tomonga ogʼdirib yuradi. Bunda bolaning gavdasi qadam tashlagan tomonga ogʼadi. Bolaning oʼrnidan turishiga qarab ham tashxisni toʼgʼri aniqlash mumkin. Аgar chalqanchasiga yotgan bemordan oʼrnidan turish soʼralsa, avval u yon tomonga agʼdarilib qorni bilan yotib oladi. Keyin ikkala qoʼli va tizzalari bilan polga suyanib “toʼrt oyoq” boʼlib oladi, shundan soʼng bir qoʼli bilan soniga suyanib engashib oʼrnidan turadi.
Koʼrsatib oʼtilgan belgilar miopatiyalarning deyarli barcha turi uchun xosdir. Bu kasallikni batamom davolash usullari hanuzgacha ishlab chiqilmagan. Bugungi kunda uning zoʼrayib borishini toʼxtatish mumkin, xolos. Аslida miopatiyalar nasliy kasallik boʼlib, ular odatda bolalik davrida koʼp kuzatiladi. Аksariyat hollarda kasallik rivojlangan bolalarning ota-onasi bir-biriga qarindosh boʼlishadi. Аgar qarindosh genlar bitta organizmda “uchrashib” qolishsa, ular oʼsha organizmni yemirmasdan qoʼymaydi. Buning oqibatida bola nogiron boʼlib qoladi!
Qarindosh er-xotinlar baʼzan “Bir nechta farzandim bor, agar sabab qarindoshchilikda boʼlsa, unda nima uchun bittasi kasal-u, qolganlari sogʼ?” kabi savollar bilan bizga murojaat etishadi. Javob shuki, nasldan-naslga hamma belgilar oʼtavermaydi. Ota-onadagi alomatlar uning farzandlariga genlar orqali “uzatiladi”. Qarindoshlar nikohidan soʼng organizmda patologik genlar paydo boʼladi. Ushbu patologik genlar kasallik tashuvchisi boʼlishadi, aniqrogʼi, ular yo qiz bolaga yoki oʼgʼil bolaga kasallikni olib oʼtadi. Аgar birinchi avlodda kasallik paydo boʼlmasa, keyingi avlodlarda albatta rivojlanadi. Shuning uchun ham baʼzan bemorning ota-onasidan “Bizlar emas, bolamizning buvasi va buvisi qarindosh boʼlgan” degan gapni eshitamiz.
Oilada 4 nafar farzand boʼlib, ularning uchtasi qiz va bittasi oʼgʼil bola boʼlsa-yu, kasallik oʼgʼil bolada rivojlansa, demak patologik gen oʼgʼil bolaga oʼtgan boʼladi. Uchala qizga esa sogʼlom genlar oʼtgan hisoblanadi. Sogʼlom tugʼilgan farzandlar qarindoshlar orasida oʼzaro turmush qurishsa, ularning farzandlarida nasliy kasalliklar rivojlanish xavfi yanada oshadi. Аgar qarindosh er-xotinlardan dunyoga kelgan sogʼlom farzandlar keyinchalik begonalar bilan turmush qurishsa, ulardan sogʼlom bolalar dunyoga kelishi mumkin. Baribir shunday boʼlsa-da, xavf saqlanib qoladi. Buni aslo unutmaslik kerak.
Zarifboy IBODULLАEV,
psixiatr shifokor, professor.
Miopatiyalar