Miokard infarkti kasalligi haqida malumot
Miokard infarkti — butun dunyoda yurak qon-tomir kasalliklaridan, o‘limga olib keluvchi eng asosiy kasalliklardan biri sanaladi. Bu dardlardan har yili minglab insonlar olamdan ko‘z yumayapti.
Yurak odam vujudining nihoyatda murakkab a’zosi sanaladi. Yurak-qon kasalliklari keyingi 20-25 yil ichida ancha ko‘paydi va shifokorlarni tashvishga solmoqda. Kasallik inson o‘z salomatligiga e’tiborsiz bo‘lsa, dard avj olib bezovtalik kuchayib ketsa-da, shifokor huzuriga bormasa, o‘z salomatligiga xavf solib qo‘yishi aniq. Yurak-qon kasalliklari orasida miokard infarkti to‘satdan ro‘y beradigan eng og‘ir va xavfli kasallik hisoblanadi. Qon aylanishi buzilishi natijasida yurak mushagining bir yoki bir qancha qismi nobud bo‘lib, yurak faoliyati izdan chiqadi.
Miokard infarktning asosiy belgilari
Miokard infarktining asosiy belgilari — ko‘krak qafasining markazi (to‘sh orqasi) g‘ijimlab, achishib og‘riydi. Yurak bezovta bo‘lganida, ikkala qo‘lga, yuqoriga, orqaga, oyoqlarga, pastki jag‘ sohasiga tarqalib havo yetishmay qoladi. Og‘riq bir necha soat, ba’zan bir necha sutka davom etadi va bemor bo‘shashadi, muzdek ter bosadi, hatto o‘lim vahimasi boshlanadi, ozgina yursa, zinadan ko‘tarilsa hansirab qoladi. Miokard infarkti ko‘pincha yurak ishemik kasalligining zo‘rayishi davrida yuz beradi, bunda stenokardiya xurujlari kuchayib, tez-tez takrorlanib turishi kuzatiladi.
Miokard infarkti nihoyatda ehtiyotkorlik va qunt bilan davolanishi zarur bo‘lgan og‘ir kasallik turi hisoblanadi. Bemorni, albatta, kasalxonaga yotqizish kerak. Agar bemor uyda davolanayotgan bo‘lsa, doimiy shifokor nazorati ostida davolash tavsiya etiladi. Bemorning yaqinlari bu paytda bemorni toliqtirib qo‘ymasliklari zarur bo‘ladi. Bemor kasalxonadan chiqqandan keyin shifokor nazorati ostida davolanishni davom ettirib, kundalik tartibi qat’iy belgilanadi. Uyqu 7 soatdan kam bo‘lmasligi zarur. Yarim soatdan boshlangan toza havoda sayr qilish muddati asta-sekin ikki soatgacha uzaytirilib, keskin harakat qilish, sovuq havoda tez yurish xurujning qaytalanishiga olib kelishi mumkin.
Stenokardiya nima?
Stenokardiya ishemik kasalliklarning yengil xili bo‘lib, «ko‘krak qisilishi» ma’nosini bildiradi. Chap tomon ko‘krak ustida og‘riq, achishish alomatlari paydo bo‘ladi. Siz aytgandek, agarda xuruj inson asabiylashmagan, tinch holda ham uchrab tursa, bu stenokardiyaning og‘ir turi hisoblanadi. Agarda bemor qunt bilan davolansa, kasallik asoratsiz o‘tib ketadi.
Miokard infarktining kelib chiqish sabablari
Miokard infarktining rivojlanishiga
Ushbu omillar qatoriga yana bir muhim bandni — kishi atrofida yuz berayotgan voqealarni yuragiga yaqin olaverishi holatini qo‘shish mumkin. Afsuski, turmushning har turli qiyinchiliklarini jiddiy va fojiaviy qabul qilish; hammasini ichga yutib yuraverish; yolg‘iz qolishga intilib, hech kimning maslahatiga quloq solmaslik; yaqinlar, do‘stlar yordamini olmaslik; tajribali ruhshunos yoki shifokorlarga murojaat etmasdan, ilojsiz (tuyilgan) vaziyatlardan chiqishga urinish ko‘proq erkaklar tabiatiga xos. Shu «chora»lardan birini tanlaganlar vaqtinchalik stress, tushkunlik holatida kishini kuchdan qoldirib, xastaliklarga sabab bo‘luvchi uzoq muddatli ruhiy zarbalarga aylantirib yuborishadi.
Yurak ishemik kasalligining kelib chiqishini tezlashtiruvchi faktorlar
Yurak ishemik kasalliklari (stenokardiya, miokard infarkti, kardioskleroz) hozirgi vaqtda keng tarqalgan dardga aylangan. Buning asosiy kelib chiquvchi sabablari quyidagilar:
- Tarkibida ko‘p miqdorda yog‘, xolesterin, uglevodlar, tuz bo‘lgan yuqori kaloriyali ovqat iste’mol qilishdadir.
- Chekishda. Yurak ishemik kasalligidan to‘satdan o‘lish hodisasi chekmovchilarga nisbatan kashandalar orasida besh marta ko‘p sodir bo‘lishi kuzatilgan.
- Kam harakatlilik. Kam harakatli hayot tarzi, ma’lumki, kishi organizmidagi kaloriya balansi buzilishi natijasida semirishga sabab bo‘ladi.
- Alkogol. Spirtli ichimliklar ko‘pincha miokard infarktining ro‘y berishiga sabab bo‘lib, to‘satdan yuz beruvchi o‘lim hodisalarining qariyb 39 foizi ichkilik ichish bilan bog‘liqdir.
Bundan tashqari, inson hayotida ro‘y berib turadigan hayajonlanish, oilalardagi yoki ishxonalardagi har xil ikir-chikirlar, janjallar singari turli omillar ham yurak xastaliklarining rivojlanishiga turtki berib, yana ham zo‘raytiradi.
Miokard infarkti takrorlanishi mumkinmi?
Afsuski, takrorlanishi mumkin. Insultni boshidan kechirgan bemorlarning taxminan 14 foizi yana shu dardga chalingan. Shuni aytishim lozimki, kasallik qaytalanmasligi uchun hadeb bilib-bilmasdan qimmatbaho dorilarni sotib olmang, birinchi navbatda yuqorida nomi tilga olingan omillarni bartaraf eting. Ayrim bemorlarimiz yurak qon-tomirlari kasalliklarining og‘ir turlarini boshlaridan kechirgan bo‘lsalar-da, spirtli ichimlik iste’mol qilaveradilar, chekishni tashlamaydilar, yog‘li, qovurilgan, dudlangan taomlarni iste’mol qilishdan o‘zlarini tiymaydilar.
Yurak qon-tomir kasalliklariga chalinganlar o‘zlarini qanday nazorat qilishlari kerak? Bu paytda qanday dorilar yonlarida bo‘lgani ma’qul?
Infarkt va insult tomirlarga tromb tiqilib qolishidan kelib chiqadi. Miokard infarktida tromblar toj (koronar) arteriyada, ishemik insultda esa miya tomiriga tiqilgan bo‘ladi. Tromb qon laxtasi bo‘lib, tomir devoriga yopishib oladi. U miya yoki yurak tomirlarini tiqiltirib, ma’lum bir qismini qondan mahrum qiladi. Shuning uchun yoningizda tromblarga qarshi eng ko‘p qo‘llaniladigan dorilardan biri-bu aspirin bo‘lishi lozim. Mutaxassislarning aytishicha, aspirin qabul qilish ayollarda infarkt qaytalashi xavfini 25 foizga, insul’t xavfini 22 foizga kamaytiradi. Erkaklarda esa 19 va 17 foizga kamaytiradi. Statinlar guruhidagi dorilar ham yurak qon-tomir kasalliklariga qarshi keng ishlatiladi. Ular organizmda xolesterin miqdorini kamaytirishga yordam beradi. Bu kasallikka chalingan bemorlar jismoniy mashqlar bajarishimiz mumkinmi, deb so‘rashadi. Jismoniy mashg‘ulotlarni boshlashdan oldin o‘zingizning tayyorligingizni, imkoniyatlaringizni hisobga oling. Mutaxassis shifokorning tavsiyasisiz o‘z bilganingizcha ish qilmang, degan bo‘lardim.
© Mehriniso Qurbonova, kardiolog.
«Bekajon» gazetasi.
Yurak kasalliklarda eng kop qollaniladigan dori vositalari mazkur sahifada keltirilgan.
*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.
Yurak kasalliklarda eng kop qollaniladigan dori vositalari mazkur sahifada keltirilgan.
*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.
Kasalliklar
Miokard infarkti kasalligi