(Mening aziz kitobim) nomli alifbe bayrami senariysi to’liq malumot oling

(Mening aziz kitobim) nomli alifbe bayrami senariysi to’liq malumot oling

ALIFBE BAYRAMI SSENARIYSI
Mundarija скрыть

( Toshkent viloyati Yangiyo’l tumani 57-umumiy o’rta ta’lim maktabi boshlang’ich sinf o’qituvchisi Mirzaxmatova Shaxnoza Shukratovna 2017-2018-o’quv yilida tuzgan va o’tkazgan ssenariy)

     Sinf xonasi bayramona bezatilgan. Sinf to’riga bilimlar mamlakati deb yozilgan. Monitoring o’rnatilgan.

O’qituvchi:

    Assalomu alaykum aziz ustozlar, mehribon ota-onalar, qadrli mehmonlar. Yaqindagina farzandlaringiz maktabga ilk qadam qo’ygan edilar. Bilim dargohiga yaqindagina kelgan bo’lsalar ham, tirishqoqlik bilan astoydil mehnat qilib o’qishni, yozishni, qo’shish va ayirishni puxta o’rgandilar. Bugun esa o’z bilimlarini, o’rganganlarini sizlarga namoyish etish uchun “Bilimlar mamlakatida” deb nomlangan bayram tadbirini tayyorlaganlar. Marhamat davraga 1-“B” sinf o’quvchilarini taklif etamiz.

     Musiqa sadolari ostida sinfga o’quvchilar kirib keladilar(Sharq taronalari S.Rahmatov)

Boxirova Aziza:  Salomdan boshlanar hurmat-ehtirom,

                           Salomdir dunyoda eng shirin kalom

                           Ey,aziz mehmonlar, aziz ustozlar,

                           Jajji yuraklardan  salom, assalom.

Isomiddin:           Assalom  mehmonlar mo‘tabar suyuk

                              Assalom ustozlar, nomlari buyuk

                             Assalom otalar, baxtim posboni

                             Assalom onalar, fidoyi jonim

Durdona:          Bugun bizning sinfda

                           Juda katta tantana

                           Bilimini namoyish

                           Qiladi har bir bola

Isomiddin:        Ustozlarning o’gitin

                           Dilimizga joyladik.

                           Dilda xayajon bilan

                           Bayramimiz boshladik.

 

Raqs “Assalom” o’g’il bolalar

 

Durdona:  Biz to’rt oy avval maktabga ilk qadam qo’ygan edik. Bugun “Bilimlar mamlakatida”  sayr qilib yuribmiz.

Isomiddin:  “Bilimlar mamlakatida”  bemalol yurish uchun harf tanimoq, o’qish – yozishni bilish zarur. Qani, ko’raylikchi bolalar harflarni tanisharmikan?

Umid:

Alifbe bo‘ldi sirdosh

Ilm yo‘lida yo‘ldosh

Sochdi ziyo nurini

Bo‘lib misoli quyosh

 

Gulnoza:

 Alifbeni tugatdim

Endi o’qiy olaman

So’zlarni qo’shib birga

Jumla to’qiy olaman.

Behruz:

Harflarni tanidim,

Yetib oldim siriga

So’zlar tuzsa bo’larkan

Birin qo’shib-biriga.

Odina:

— Qancha unli, undosh bor,

Hammasini bilaman,

To’plab bilim, zehnimni,

Sizni xursand qilaman

Javohir:

— A’lo o’qish vazifam

Tolmayman o’rganishdan.

Olimlar ham ilmni

Boshlagan “Alifbe”dan.

Nazifa:

— Ichga sig’mas quvonchim

Maktabim bag’rin ochdi

Alifbejon kitobim,

Oftob kabi nur sochdi.

Ilhom:

— Alifboni yod oldim,

Harflar tilsim go’yo.

Ona, bola, Vatan, non,

Mazmuni cheksiz dunyo.

Mubina:

— “Bilimlar mamlakati”

Boshlanar alifbodan

O’ttizta do’stimiz bor

Harfdan va yozuvdan.

 

Nursultonbek:

— Rahmat aziz ustozlar,

Mehringiz dilimizda

Yoshlikda olgan bilim

Nur sochar yo’limizda

Hasanboyeva Ziyoda:

— Murg’ak qalbim angladi,

Bitmas ustoz she’rini.

Yuragimga joyladim,

Vatan, Ona mehrini.

Xayrulla:

— Ma’noli shirin so’zi

Oftobday nurli yuzi

Bilmaysizmi bolalar

Qani “Alifbe” o’zi?

— Do’stlar! Qani endi davramizga Alifbeni chorlaymiz?

 Xojiakbar:

— Kitoblarning bobosi,

Yo’l boshlovchi donosi.

Har yurakka nur ziyo

Taratish muddaosi

“Ilm ista” – xitobi

Bu – “Alifbe” kitobi.

Bahodir:

— U borki, yo’llar ravon,

Oshamiz bir-bir davon.

Borayapmiz mardona

Bilimlar yurti tomon

“Ilm ista” xitobi.

Bu – “Alifbe” kitobi!

— Alifbejon, kel tezroq,

Do’stlaring senga mushtoq

1-Alifbe kitobi:

Salom aziz mehmonlar,

Shirin-shakar bolalar.

Bugun bayram tantana,

“Alifbe” to’yi bilan sizlarni tabriklayman.

 Boxirova Aziza:

— Bugun sizga ko’rsataylik,

Maktabning bor ma’nosini.

Harflarni jamlovchi,

Alifbe muddaosini.

2- Alifbe kitobi:

— Aziz bolajonlar! Siz mendan nimalarni o’rgandingiz?

Aziza Jabboraliyeva:

— Eng avvalo assalomni,

Tildan chiqqan kalomni

Joyni bilib so’zlashni

Yaxshilikni ko’zlashni.

O’tkirbek:

— Dunyo yorug’ligini

Ulug’ ekan oftobni

Vatanning qutlug’ligin

Aziz ekan kitobni.

3- Alifbe kitobi

— Balli ey dili oqlar,

Fan bilimga chanqoqlar

Minnatdorman sizlardan

Baxtli o’g’il-qizlardan.

Odil:

Alifboni o’rgangan

Bolalar jim turmaydi

Harflar tilga kirib

Odamlarday so’zlaydi

       Slaydlar namoyishi beriladi va o’quvchilar harflarga mos she’rlar aytadilar.

A –

Ahil asalarilar

Azonlab tushar ishga.

Atrof,dala-bog’lardan

Asal yig’ishar qishga

                     B —

Baliq boyvuchcha, desam,

Bekor gap, dema hecham.

Boq , o’zing ana Xayri,

Badanni yaltiraydi.

   D –

Delfin mohir dengizchi,

Dono, aqlli biram.

Dengizda cho’ksa birov,

Darrov beradi yordam.

                      E –

Edikdo’z Echki eski

Etiklarni rostladi.

Eplab qolipga tortib,

Eshakvoyga mosladi.

      F –

Farrosh fil xola faqat

Ko’chamizni supurar.

Fayzli bu ko’chamizdan

Xushbo’y hidlar ufurar.

         G-

Gimnastikachi

Gavdali, durkun.

Gavdasi uzun,

Gorilla maymun.

     H –

Hakka harbiy xizmatda

Himoyachi zo’r posbon.

Havodan o’tmas pashsha

Hattoki yerdan sichqon.

     I –

It ishonchli izquvar,

Ishini yaxshi bilar.

O’g’rilik  qilsa birov,

Isini olib darrov

Izlab,izlab topadi

Irillaydi qopadi

   J –

Zarroh jayra xo’p zo’rda

Bemorlarga g’amho’rda.

Jon og’ritmas ninasi,

Ishonmagan sinasin.

         K-

Kalamushvoy kemirar,

Kundan kunga semirar.

Boshqa kasi-kori yo’q

Andishasi , ori yo’q.

      L-

Lofchi laylak lof urar,

Laqma , laqqa baqaga.

So’ng cho’qib shartta yutar,

Saboqdir bu barchaga.

     M-

Maymun bilan mosh mitti,

Masharaboz o’yinchi.

Maydonda mashq qilmoqda,

Siz ham bitta ko’ringchi.

     N-

Ninachixon raqqosa,

Nozik, navnihol rosa.

Nazar soling naqadar

Nafis raqsga tushar.

 O –

Ot oddiy ishchi

Omborda yukchi.

Ortib don-dunni,

Oppoq tuz unni,

Ortib yeladi.

 P –

Pingvin xola pazanda,

Piyoz, sabzi qozonda.

Peshin palov pishsin deb,

Ish boshlagan azonda.

         Q –

Qaldirg’ochga qoyil-a,

Qarang qanday quruvchi.

Quribdi loydan uya,

Qotiribdi ko’ringchi.

      R –

Rassom buzoq rasm solar,

Quyon qo’rqib razm solar.

Rasmlarning zo’rida u,

Rosa kata bo’rida u.

       S –

Sa’vaxonim suxandon,

So’zlari biyron-biyron.

Soling quloq, qanday soz,

Sehrli, sohir ovoz.

     T –

Tipratikan tikuvchi

Tinmay tikar tun-u kun.

Turli-tuman buyurtma,

Taxlangan tugun-tugun.

U –

Uchqur uchuvchi ukki,

Uzoq-uzoqqa uchdi.

Uloqcha uchaman deb,

Uzala yerga tushdi.

V –

Va’zxonlik qilar to’ti:

“Vijdonli bo’lish kerak.

Va’da berdingmi, bo’ldi

Vaqtida qilish kerak”

       X –

Xabarchi  xo’roz saxar

“Xushxabar” deb qichqirar.

-Xalos bo’ldik zulmatdan,

Xatarli tun-kulfatdan

Y-

Yo’l-yo’l kiyimli yo’lbars,

Yo’l nazorat xodimi.

Yurgan yo’lovchilarning

Kuzatar  har odimin.

Yo’l chiroqqa qaramay,

Tartib buzsa qay biri.

Yo’lga solib, ayamay,

Berib qo’yar ta’zirin.

      Z –

Zarg’aldoq  zargar ekan,

Ziragi gavhar ekan.

Ziyrak turib doimo,

Zarlarin asrar ekan.

     O’ –

O’qituvchi o’rdakning

O’tgan darsini har kun,

O’zlashtirib o’rganar

Navqiron  o’rdakchalar.

       G’ –

G’azalxon   g’oz sahnada,

Qo’shiq aytar “g’oq-g’oq” deb,

Kekkaymang davralarda

Kamtar bo’ling o’rtoq deb.

       Sh –

Shifokor sher oldiga

Shum tulki shoshib keldi.

“Voy boshim” deb yolg’ondan,

Maktabdan qochib keldi.

Ch –

Chigirtka zo’r cholg’uchi,

Chalar kuy charchamasdan.

Chirildoqlar jo’r bo’lib,

Chirillar  har tarafdan.

     Ng –

Tayyorga ayyor nahang,

Tekinxo’r takasaltang.

Qarmoqdagi o’ljaga

Og’iz solgandi qarang.

   “ ’ “ tutuq belgisi –

— Kimning kelsa bilgisi,

Menman tutuq belgisi.

Unlidan keyin kelsam

Cho’zibroq talaffuz et.

Tursam undoshdan keyin

Birozgina to’xtab o’t.

                            Qo’shiq “Alifbe”

Alifbodan harflarni                                     Oldimizda saf tortishdi

Biz or’gandik oz – ozdan,                           Askarlarday harflar

Minnatdormiz o’rgatuvchi                          Barchasiga qo’shiqlarda

Muallimdan – ustozdan                              Berib o’tdik ta’riflar

Har bir harf daftarlarda                               Tilimizni sayratadi

Gijinglaydi toy bo’lib                                  Alifbomiz bayrami

Yozganimiz ko’rinadi                                  Dilimizni yayratadi

Yulduz bo’lib, oy bo’lib                              Bayramlarning hurami

Alifbe:  Barakalla, bolalar  ko’rdimki, alifbodagi hamma harflarni tanib olibsiz.

  — Lekin shu harflarni qo’shib so’zlar ham yoza olasizmi?

Bahodir: — Albatta, biz harflarni qo’shib o’zimiz uchun sevimli bo’lgan. Vatan, ota, ona, uztoz kabi so’zlarni hech qiynalmay yoza olamiz. Marhamat, hozir sizlar buning guvohi bo’lasiz.

Vazira:         Bizni bag’riga bosgan

                               Bolalar yayrab o’sgan

                               Yuksalaver yildan – yil

                               O’ZBEKISTON – JON VATAN

Nursultonbek:        Farzandiga jon fido

                              Tinib – tinchimas aslo

                              Bardam salomat bo’ling

                              OTA – ONAM doimo.

J.Aziza:          Bilimlar mamlakatin

                              Makon aylagan bizga

                              Ta’zimu rahmat deymiz

                              Sizday aziz USTOZga.

Ozodbek:      Qo’limizda bor kitob

                            Yuzumiz qo’yo oftob

                            Bizni doim bezaydi

                            Go’zal xulq, yaxshi ODOB.

Abdurazzoq:       Bo’lsin doim osuda

                            Ona – zamin albatta

                            Osmon bo’lsin MUSAFFO

                            Biz sevgan ona yurtda.

Baxtiyor:      Bizlar maktab qo’ynida

                            O’qib, olamiz bilim

                            Kelajakda bo’laylik

                            Yurtga kerakli OLIM.

Alifbe kitobi:

     Barakalla, do’stlarim

Xursandman sizdan juda.

To’rt oy umr, vaqtingiz,

Hech o’tmabdi behuda.

                       Bolajonlar, men sizga

                        Birinchi kitobdurman

                        Dilingizni yoritgan

                       Go’yoki oftobdurman.

                        Ko’rdim, bugun donosiz

                        Hammadan ham a’losiz

                       O’qish , hisobni bilgan

                       Aqlingiz ham rasosiz.

                       Endi boray dam olay

                       Sizga baxt – omad tilay

                       Ongingiz charxlash uchun

                       Bir  sovg’a tashlab ketay.

Bu sovg’amni avaylab

Mendek aziz bilinglar.

Yozganlarin o’rganib,

Hurmatini qilinglar.

                      Xayr, xayr bolalar

                      Meni sira unutmang

                     G’ayrat bilan o’qingiz

                     Nasihatim unutmang.

O’g’il bolalar ijrosida raqs. “Andijon polka”

Mubina:

     O’qi,o’qi.. Sovg’a tashlab ketganmish. Yana kitobdirda. Bayramning menga qizig’i yo’q. Uyga ketdim. (uyga qarab yuradi)

Mubina:

    Ey, hammasi jonga tegdi. Alifbeni o’qi, chiroyli yoz. Charchab ketdim. Qayerdanam maktabga bordima, maza qilib o’ynab yursam bo’larkan. Kim o’ylab topgan ekan shu harflarni. Yana bolalarning  unga  atab  bayram  qilayotganlarichi? Yaxshi ham bayramdan chiqib ketdim. So’zlarni qo’shib o’qiy olmasam, bayramning menga qizig’i  yo’q. Iye, qalamku. Juda antiqa ekan. Kim tushirib qo’ydi ekan? Havorang ekanmi, ochib ko’raychi. (qalamni ochqichda ochadi. Qalam qimirlab qo’lidan tushib ketadi)

Qalam: Baxtiyor

        Hoy qizcha, men sehrli qalamman. Meni ochib yaxshi qilding. Xizmatingga muntazirman. Sening uchta tilagingni bajo keltiraman.

Mubina:

     Rostdan ham sehrlimisan. Nima tilak aytsam ekan? Ha, topdim, birinchisi alifbedagi  hamma  harflar  yoqolib qolsin, ikkinchisi chiroyli qo’g’irchog’im bo’lsin.

Qalam:

      Harflarni qayerga yoqotsam ekan? Ha, topdim,harflar ertaklar mamlakatiga sochilib ketsin. Ars, pars, qars.

         Qizchaning ko’ngli bo’lsin chog’, paydo bo’lsin qo’g’irchoq.

Mubina:

        Yashavor, rahmat! Juda yaxshi bo’ldi. Endi menga hech kim o’qi, yoz demaydi. Qo’g’irchog’im bilan o’ynayman. Hozir qornimni to’yg’azamanda, ko’chaga chiqaman. Hoy ruchka, men kabob va issiq non paydo bo’lishini hohlayman.

Qalam:

     Marhamat, yeyishni xohlagan narasang nomini yoz. Shu zahoti paydo bo’ladi. Qalamim sehringni ko’rsat!

Mubina:

       Ka-bob , non . Iye, qalam yozmayaptiku!

Qalam:

         Eh, attang! Axir hozirgina barcha harflarni yoqotib yubordimku. Endi nima qilamiz.

Mubina:

      Axir sen sehrlisan-ku!

Qalam:

     Mening sehrim faqat uchta tilakka yetadi. Sen ularni aytib bo’lding. Oxirini o’ylamay ish qilding. Harflarsiz hayotni tasavvur qilib bo’lmaydi. Bir yo’li bor. Sen ertaklar mamlakatiga  borib harflarni yig’ib kelasan.

Mubina:

 Qanday qilib, men bir o’zim qo’rqaman.

Qalam:

    Do’stlaringdan yordam so’ra

Mubina:

       Yordam berisharmikan?( do’stlari yoniga boradi)  do’stlarim men xato ish qilib qo’ydim. Sehrli qalam yordamida barcha harflarni ertaklar mamlakatiga sochtirib yubordim

Bolalar:

     Bu nima qilganing. Axir bugun katta bayram qilayotgan edik-ku!

O’tkirbek:

      O’ylamay ish qilibsanda. Bizku harflarni tanib olgan edik. Kelgusi yil ukalarimiz qanday qilib o’qish, yozishni o’rganishadi.

Vazira:

      Bolalar tortishmanglar. Shundoq ham Mubina qilgan ishiga pushaymon bo’lyapti. Bir yo’lini topib harflarni joyiga qaytaraylik.

Isomiddin:

         Ertak boboni chaqirib yordam so’rasak-chi? Hammamiz baravar ertak boboni chaqiramiz.

Bolalar:

    Ertakbobo, ertakbobo!

    Qo’shiq:

Assalomu alaykum bobojon

Vaalykum assalom, nabiralarim

Bizga ertaklar olib keldingizmi?

Albatta olib keldim shirintoylarim

Ertaklarda bor hikmat,

Ulardan oling ibrat

Ezgulikka yetaklar

Zo’r mo’jiza ertaklar

Kitoblarim ochiling, jajjilarga ko’rining!

Voy qanday go’zal bu olam!

Orzular bilan birga,

Yur ertak olamiga

U yerda sehr bobo,

Bizlarni qilar duo.

Ajoyib bu ertaklar

Yaxshilik sari chorlar

Naqadar go’zal olam

Mehr nurin taratar

Hayotimiz yashnatar

Naqadar go’zal olam

Ilhom:

      Bobojon bugun olib kelgan ertaklaringizni o’qiy olmaymiz. O’rgangan harflarimiz ertaklar mamlakatiga sochilib ketibdi. Sizdan yordam so’rab chaqirdik

Ertak bobo:

     Chakki ish bo’libdiku, nabiralarim. Sen nega yig’layapsan, qizalog’im?

Mubina:

           Men barcha harflar yoqolib qolsin deb tilak bildirgan edim. Xato ish qilib qo’yibman.

Ertakbobo:

      Xatoyingni tushungan bo’lsang yaxshi. Men senga xarita beraman. Xarita bo’ylab yo’qotgan harflaringni topib kelasan.

Mubina:

     Bobojon , axir men harflarni qo’shib o’qiy olmayman. Xaritadagilarni ham tushunmayman.

Ertakbobo:

      Harflar topilgach ularni o’qib, o’rganishga so’z bersang senga yordam beraman.

Mubina:

 Albatta , so’z beraman.

Ertakbobo:

       Orangizda yaxshi  o’qiydigan  bolalar  bormi?

Xojiakbar:

      Albatta, Nursultonbek yaqinada bo’lgan bilimlar sinovida  o’qish fanidan, Aziza ona tili fanidan yuqori o’rinlarni egallashdi.

Ertakbobo:

      Yaxshi, bo’lmasa sen bilan Nursultonbek, Aziza ham boradi. Sizlarga osonroq bo’lishi uchun sehrli tayoqchamni berib yuboraman. Javoblarni to’g’ri aytsangiz tayoqchamning chiroqlari yonadi. Zarur bo’lganda u orqali do’stlaringizni yordamga chaqirasiz. Esingizda bo’lsin, xaritadagi hayvonlar nomini ertaklardan qidirasiz. Xarita o’rmondagi eng katta daraxt tagida. Oq yo’l bolajonlarim!

Nursultonbek:

        Qani, ketdik bo’lmasa. O’rmondagi eng katta archa daraxtini qidiramiz.

Aziza:

    Qaranglar eng katta daraxt ko’rindi.

Nursultonbek:

        Tagini ko’raylikchi! Ha, mana xaritani topdim. Xaritadagi birinchi rasm ayiqniki ekan. Qaysi ertakdan ekan-a?

Mubina:

       Tanidim, u  “Qizaloq va Maymoq” ertagidan

Nursultonbek:

        To’g’ri topmading, tayoqcha yonmadi.

Aziza:

        Balki “Bo’g’irsoq” ertagidandir.

Nursultonbek:

    Juda to’g’ri. Tayoqchamiz yondi.

Ayiqpolvon: Ramazon

     G’o’-go’-go’. Qishda uyqumni buzib bezovta qilgan kim? Nega meni uyg’otdinglar. Hozir ta’ziringizni berib qo’yaman.

Aziza:

      Bizni kechiring. Biz yoqolib qolgan harflarni qidirib yuribmiz. Bizni ertakbobo yubordilar.

Ayiq:

         Ertakbobo yubormaganlarida hammangizni jazolar edim. Harflarni shunchaki berib yubora olmayman. Savolimga to’g’ri javob bersangiz, ularni olasiz. Alifbeyingizda  nechta harf bor?

Aziza:

       Biz o’rgangan alifbeda 29 harf, bitta belgi bor. Harflarning  6 tasi unli, 23 tasi undosh.Ular ham jarangli, jarangsizlarga bo’linadi.

Ayiq:

  Barakalla qizaloq. To’g’ri javob berding. Hozir inimdan harflarni olib chiqaman. Inimda uxlab qolib ketmasligim uchun biror nima o’ylanglar.

Nursultonbek:

      O’g’il bolalar bayramga atab grekcha raqs tayyorlagan edilar. Ulardan yordam so’raymiz. Sehrli tayoqcha do’stlarimiz yordamga kelsinlar!

O’gil bolalar ijrosida sho’x raqs

Ayiq:

     Man oltita harf. Zo’rg’a topib chiqdim. Bo’shagan asal idishlarim ichiga tushib qolibdi.

Bolalar:     Rahmat polvonjon!

Aziza:

     Endigi manzilga Malvina deb yozib, qo’g’irchoq rasmini qo’yishibdi.

Mubina:

Kim ekan u Malvina

Nursultonbek:

      Malina dedingmi?

Aziza:

     Yo’q, Malvina. Axir u Buratino ertagidagi bilimdon qo’g’irchoq-ku. Buvim menga bu etakni aytib berganlar.

Nursultonbek:

     Esladim, kino va multfilmi ham bor

Malvina:

    Salom, bolalar. Bu yerda nima qilyapsizlar?

Mubina:

Yoqolgan harflarni qidirib yuribmiz.

Malvina:

     Eh, harflarni ertaklar mamlakatiga sochib yuborgan sizlarmi? Mayli sizga yordam beraman. Faqat savolimga javob berasiz.

Mubina:

       Buratinoga ham savol beraverib joniga tekkan edi.

Aziza:

    Biz barcha savollaringga javob bera olamiz.

Malvina:

       Matematikaga qalaysiz? Undan nimalarni o’rgandingiz?

Mirkamol:

Birdan o’ngacha bo’lgan

Raqamlarni o’rgandik.

O’n ichida sonlarni

Hisoblab, taqqosladik.

“1” Nurillo

Eng oldinda turaman,

Bo’yimga bir qarab qo’y.

Tartib sonlar ichida

Birinchiman bilib qo’y.

“2”

Qomatimni ko’rganlar

Qiyos etar oqqushga.

Mendan dir-dir titraydi,

Ixlosi yo’q o’qishga.

“3” Ziyoda

Bilimingni baholab

Noiloj qoniqaman.

Qachon mendan o’tar deb,

Ko’z tikib toliqaman.

“4” Rustam

To’ntarilgan stolga

O’xshab   ketar bo’y-bastim.

Ismim”yaxshi” to’rtta harf,

Uchdan keyinman do’stim.

“5” Zilola

Meni derlar besh soni,

A’lochilarning joni.

Olti sonidir akam,

Uch-to’rt sonlar  mendan kam.

“6”

Qorni semiz dumaloq

Beshdan keyin turaman.

Juft sonlar qatorida

Uchinchisi bo’laman.

“7”

Boshga tutib soyabon,

Belbog’cha boylaganman.

Hisob-kitobga do’stlar,

O’zimni shaylaganman.

“8” Ziyoda

Ipak qurti pillasidek,

Qo’sh halqaga o’xshayman.

O’zgarmas qiymatim shakli,

Oyoq osmon tursam ham.

“9”

Shaklim o’xshar vergulga

Oltiga qarindoshman.

Bir xonali sonlarga,

Shu yoshdan karvonboshman.

“0”

Shaklim mening dumaloq,

Bir o’zim yo’q narsaman.

Oldimda turgan sonni,

O’n marta oshiraman.

Malvina:

   Harflarni bersam hozir ketib qolasiz. Juda zerikdim, men bilan bir oz o’ynanglar.

Mubina:

       Bayramga “Qo’g’irchoq” raqsini tayyorlagan edik. Kel, birga o’ynaymiz. (Qo’g’irchoq raqsi)

Malvina:

       Rahmat, maza qildim. Mana harflaringiz, oltita ekan. Kitoblarim orasidan topdim. Hayr, bolalar.

Aziza:

     Keyingi  rasmda tulkining rasmi joylashtirilibdi.

Nursultonbek:

    Ertak nomini qanday topamiz? Ayyor tulki juda ko’p ertaklarda uchraydiku!

 

Mubina:

     “Bo’g’irsoq” ertagi

Aziza:

     “Ochko’z bo’ri va tulki ertagi”

Nursultonbek:

      Yo’q, bunaqada kech qolamiz. Qaranglar tulkining qo’lida nimadir bor. Ko’zacha ekan. Axir bu “Tulki va ko’zacha” ertagidagi tulkiku. Bu ertakni akam o’qib berganlar.

Tulki:

      Salom, ishyoqmas, dangasa bolalar

Aziza:

 Nega unday deysan?

Tulki:

       Harflarni yoqotib yuborgan bolalarni shunday atashadida!

Aziza:

      Sen bizlarni qayerdan taniysan?

Tulki:

   Ertakbobo aytgan edilar. Lekin harflarni sizlarga osonlikcha bermayman.

Savollar bilan sinayman. Aytinglarchi o’simliklar qanday turlarga bo’linadi?

Nursultonbek:

     Bolalar yordamga keling

Behruz:

       Savolingga javob tayyor. Buni atrofimizdagi olam darsida o’rganganmiz. O’simliklar uch turga bo’linadi: o’t-o’simliklar, daraxtlar va butalar. Yana biz ularni yovvoyi va madaniy turlarga ham ajratamiz.

Tulki:

     Yaxshi, yaxshi. Biz hayvonlar haqida nimalarni bilasiz?

Abdurazzoq:

    Hayvonot dunyosi juda xilma-xil: uy hayvonlari , yovvoyi hayvonlar, parrandalar, qushlar, hasharotlar, suvda yashovchi jonzotlar.

Durdona:

     Yovvoyi hayvonlarning o’zi ikki  turga bo’linadi: o’txo’r va  go’shtxo’r. Sen  go’shtxo’r  hayvonsan.

Tulki:

      Juda yaxshi. Sizlarni aldab ketolmayman shekilli. Mayli oxirgi shartim biror chet el musiqasiga ham raqsga tusha olasizmi?

  (hidcha raqs)

Tulki:

       Mana harflaringiz. Ko’zacha ichidan topdim. Sanab oling, oltita.

Bolalar:  rahmat, tulkivoy.

Nursultonbek:

     Endigi manzil quyonvoyniki. Uni qaysi ertakdan topsak ekan?

Aziza:

     Rasmga diqqat bilan qarasang qish tasvirlangan.

Nursultonbek:

    Tanidim, u “Senimi, shoshmay tur!” ertagidagi quyon-ku.

Quyon:

     Bolalar , bu nima qilganingiz? Men yangi yil bayramiga ketayotgan edim. Yo’ldan qaytardingiz. Harflaringizni qidirib topib qo’ydim, sabzili savatim ichida ekan. Harflarni berishdan oldin savolimga javob berasizlar. Maktabda tez aytish, topishmoqlar ham o’rganganmisiz? Hozir menga mashhur tez aytishni musobaqa qilib aytib bering.

Bolalar: G’ani g’ildirakni g’ildiratdi. ( Abdulaziz, Odil, Javohir)

 Quyon:

         Topishmoqni toping-chi. Elakda  un elandi, supra unga belandi.

Bolalar:  javobi qor.

Quyon:

Mana harflaringiz.

Aziza:

       Rahmat ,Quyonvoy. Seni , bizni ko’rib turganlarning barchasini yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayrami bilan tabriklayman. Mana bu bizdan yangi yil sovg’asi.

( noviy god raqsi)

Aziza:

    Iye, piyozning rasmi nima qilyapti. Axir ertakbobo rasmlarni ertaklardan qidirasizlar degandilar-ku.

Nursultonbek:

        Bu “Chippolino” ertagidan. Eshitmaganmisan. Ertakning bosh qahramoni Chippolino nomli piyoz.

Chippolino:

     Gud moning children

Nursultonbek:

     Inglizcha gapiryptimi? Bahodir, Aziza paydo bo’ling

Bolalar:

  Gud moning

Chippolino:

     Vot iz yo neym?

Bahodir:  may neym iz Bahodir, may neym iz Aziza

Chipolino:

 Hov old a yu?

Ay em siks, ay em sevn

Chipolinno:

      Vat is it (o’yinchoqlarni ko’rsatadi)

It iz  dol, it is bol, it is dog, it is pen, it is buk

Chipolino:

Ol rayd. Vat zis kolor (ranglarni ko’rsatadi)

Bahodir:

   It iz blu…

Chipolino:

     Barakalla bolalar. Ingliz tilini ham juda yaxshi o’rganibsiz. Ingliz tilida qo’shiq ham ayta olasizmi?

  Bolalar qo’shiq aytadilar. ( Good morning) raqs Chivava

 

Chipolino:

     Mana harflaringiz. Beshtasi harf, bittasi belgi ekan.

Mubina:

    Kelayotgan kim ekan? Axir hamma harflarni topib bo’ldikku.

No’xatpolvon:

     Meni tanimadinglarmi? Axir men mashhur no’xatpolvonmanku. Ertakbobo meni chaqirib: Polvonim, bolalar  qilgan xatolarini tuzatishdi, ulardan juda xursandman. Mana shu sovg’alarni ularga eltib ber dedilar. Mana sovg’alarni olib keldim. Sovg’ani bolalar yoniga borganingizda oching.

Rahmat, no’xat polvon. Xayr!

Mubina:

      Bolalar meni kechiringlar. Qishki ta’til davomida yaxshi o’qib, o’rganib kelishga va’da beraman. Eng yaxshi do’st kitob ekanligini endi tushundim.

Vazira:

      Bolalar, qanday sovg’a olib keldingiz. Ochinglar, ko’raylik.

Bolalar: voy, kitoblar ekan.

Gulnoza:

 Qanday  yaxshi! Endi ta’tilda zerikmay, maza qilib ertaklar o’qir ekanmizda.

Umid:

     Bolalar Alifbe kitobi ham sovg’a tashlab ketgan edi. Ko’raylik qanday sovg’a ekan?

Ilhom:

      O’qish, ona tili kitoblari ekan. Ustozim aytgan edilarku, yangi yildan biz bu kitoblarni ham o’qib o’rganamiz.

Isomiddin:

     Albatta, axir aytadilarku, kitob bilm bulog’i, o’quvchining o’rtog’i.

Kitob kerakdir

                                                        Mahmud Toir

Aziza J:

Surat asli nurni siyratdan olur,

Siyrat esa ilmu-hikmatdan olur

Odamdan ezgulik muhabbat qolur,

Saodat sayliga savob kerakdir

Ko’ngilning mayliga kitob kerakdir.

O’tkirbek:

Kitob dil bog’ida gulning rangidir

Kitob otash ichra dilning rangidir

U qalbning kamoli, aql jangidir,

Ko’pni ko’zlaganga kitob kerakdir,

O’zni izlaganga kitob kerakdir.

Vazira:

O’qigan, uqqanga eli ergashgay,

Oqil yo’lga chiqsa yo’li ergashgay,

Jannatday jilmayib cho’li ergashgay,

Savol yuz ochganda javob kerakdir

Javob jarangiga kitob kerakdir.

Xojiakbar:

Kitob bu osmonning o’ziga narvon,

Kitob bu jahonning ko’ziga narvon

Tirik tarixlarning so’ziga narvon,

Tunga talpinganga mohtob kerakdir,

Kunday kulay desang kitob kerakdir.

Mubina:

Olam olamligin bilmoq uchun ham,

Odam odamligin bilmoq uchun ham,

Qilni qirq tilimga tilmoq uchun ham,

Tilni tutguvchiga shitob kerakdir

Nurni tutguvchiga kitob kerakdir.

O’qituvchi:   — Barakalla, aziz o’quvchilar. Mana siz qisqa muddat ichida o’qish – yozishni bilib oldingiz. Kitobning naqadar ulug’ligini bugungi tadbirimizda anglab yetdingiz. Shu munosabat bilan sizga “Savodxonlik muborak” degim keladi.

                          Shirin —  shakar bolajonlar,

                          Bog’imdagi gul rayxonlar,

                          Doim bo’ling siz shodonlar,

                          Savodxonlik muborak.

                          Ko’zingizda nur o’ynasin,

                          Sizni ko’rib dil yayrasin,

                          Tilar bulbuldek sayrasin,

                           Savodxonlik muborak!

                         Qo’lingizda bo’lsin kitob,

                         Chehrangiz go’yo oftob,

                         Qiling doim ezgu, savob

                         Savodxonlik muborak!

                          Bo’ling doim sog’ – salomat,

                          Dangasalik qilmang faqat,

                          Mashaqqatga qiling toqat,

                          Savodxonlik muborak!

O’quvchilar:

Ezgu maqsadimiz —  maktabimizning

Faxri, a’lochisi, erkasi bo’lmoq!

Shu qutlug’, tarixiy, tabarruk yurtning

Munosib va mag’rur egasi  bo’lmoq!

       Raqs: O.Nazarbekov “Qaldirg’och”

O’qituvchi:      — Hurmatli uztozlar, aziz ota – onalar, shirin bolajonlar! Shu bilan bugungi tadbirimiz o’z nihoyasiga yetdi. Sog’ – salomat bo’ling. Mehribon ota – onangizga, ona yurtimizga, jonajon xalqimizga xizmat qiladigan bilimdon, serqirra, fidoiy farzandlar bo’lib yetishing. Bilimlarni chuqur egallang. O’z Vatanini chin dildan sevgan vatanparvarlar bo’lib yetishing.

Darsliklar
(Mening aziz kitobim) nomli alifbe bayrami senariysi