MEBEL
MEBEL (lot. mobilis — qoʻzgʻaladigan, osongina suriladigan) , jihoz — xonalar, istirohat bogʻlari, koʻchalar jihozining asosiy turi. Maishiy (uy-roʻzgʻorda ishlatiladigan), jamoat bi-nolari va joylari (bogʻchayasli, maktab, oʻquv yurtlari, idoralar, teatr, klub, kinoteatr, doʻkonlar, kafe va restoranlar, sanoat binolari va b.) da qoʻllaniladigan xillarga boʻlinadi. Mebel (kursi, xontaxta, javon, belanchak, beshik, stul, stol, shkaf, karavot, divan, sandiq, kuti, skameyka, parta va b.) insonning mehnati — mashgʻuloti, dam olishini qulaylashtirish uchun xizmat qiladi. Yogʻochning qattiq turlari (eman, shamshod, yongʻoq, nok, qayin, lipa, tol, terak, kizil daraxt, chinor, qayragʻoch, olxa, shumtol, archa, qaragʻay, tilogʻoch va b.), metall va pla-stmassadan ishlanadi, novdalardan toʻqiladi. Vazifasi, tuzilishi, materialiga qarab juda koʻp turlarga boʻlinadi, har bir turining ham bir necha xili boʻladi (mas, stolning ovqat tay-yorlash va ovqatlanishda ishlatiladigan, yozuv stoli kabi xillari, javonning kitob terib qoʻyiladigan, korxonada — asbob-uskunalar saqlanadigan xillari bor). Maishiy (uy-roʻzgʻor) da ishlatiladigan Mebel yotoqxona, mehmonxona, oshxona va hovli M. lari kabi xillarga boʻlinadi. Bir xonali uylarga moʻljallab ishlab chiqariladigan Mebellar ham yotokxona, xam mehmonxona M. i vazifasini oʻtaydi (mas, divankaravot, kreslokaravot). Ikki, baʼzan undan ortiq turi birlashtirilgan Mebellar xam ishlab chikariladi. Tuzilishi va texnologik jihatlariga koʻra, Mebel joyidan qoʻzgʻalmaydigan va qoʻzgʻaladigan, yigʻma, devorga oʻrnatiladigan va b. xillarga boʻlinadi. Mebel xonani, bino ichini badiiy bezash uchun xizmat qiladi, amaliy sanʼat sohasi ham hisoblanadi (M. larni bezashda rassomlik, haykaltaroshlik va naqshdan foydalaniladi).
Ensiklopediya.uz
mebel