Maglev
Maglev
Maglev — rus yoki, boshqa slavyan xalqlariga mansub kimsaning familiyasi emas, balki poyezdning nomi! Maglev — havoda muallaq harakatlanuvchi poyezd. Bu jumlalarni o‘qib ko‘zlaringizga ishonmagandirsiz? Ishonavering bu uzoq kelajak haqidagi fantastika emas, balki aynan bugungi kunimiz!
Keling avval uning nomini tahlil qilsak: u ikkita so‘z «Magnit« va «Levitatsiya« so‘zlarining bosh bo‘g‘inlarining o‘zaro birlashtirlishdan yasalgan atama.Poyezdning nomi, uning qanday tamoyil asosida harakatlanishini ifodalamoqda. Magnit levitatsiyasi — magnit maydoni ta’sirida, tortish kuchining yengib, havoda muallaq turish hodisasidir. Bunda magnit maydoni kuchi, yerning tortish kuchi va jismning og‘irlik kuchini o‘zaro muvozanatlashdi natijasida, jism yerga tushib ketmasdan, boshqacha aytganda, yer sirtiga teginmasdan havoda osilib muallaq turushi mumkin bo’ladi.Buni fizika tilida «magnit yostiqchasi« ham deyiladi. Ana shu ajoyib fizik hodisani esa poyezdlar harakatiga tadbiq etish orqali, an’anaviy g‘ildirakli va sershovqin poyezdlarni, o‘ta yuqori tezlikka ega, shovqinsiz poyezdlar bilan almashtirish mumkin.
Siz albatta bir maromda, o‘ziga xos takroriy ovoz chiqarib, relslar bo‘ylab katta tezlikda ketib borayotgan poyezdlarni kuzatgansiz. g‘ildirak va relsning o‘zari ishqalanishi, poyezd harakatini sekinlashtiradigan eng katta omillardan biridir. Lekin, poyezd lokomotivi va vagonlarining g‘ildiraklari bo‘lmasa, u umuman yura olmasligini ham hamma yaxshi biladi. Maglev poyezdlarida esa umuman g‘ildirak bo‘lmaydi. U relslar ustida, havoda muallaq turib, magnit maydoni ta’sirida hosil bo’lgan magnit yostiqchasi bo‘ylab harakatlanadi.
Maglev poyezdlarida g‘ildirak va relsning o‘zaro ishqalanishi yo‘q, buning natijasida esa, shovqin ham bo‘lmaydi. Demak Maglev odatiy poyezdlarga qaraganda yanada kattaroq tezliklarga erishishi mumkin. Biroq bunday poyezdning energiya iste’moli ham ancha katta bo‘ladi. Tajriba maglev poyezdlari, allaqachon temiryo‘l tezlik rekordlarini yangilab bo‘lishgan, masalan, 2003 yilda Yapon tajriba maglev poyezdi modeli JR Central MLX01 o‘ta o’tkazgich magnit relslari bo‘ylab 581 km/soat tezlikka erishgan. Biroq bunday tizimning ishonchli va samarali ishlashini ta’minlash uchun qo‘llaniladigan murakkab texnologik ishlanmalarning katta miqdorda iqtisodiy sarf-harajatlar talab qilishi tufayli, bu yo‘nalishda boshlangan tadqiqotlar va loyihalash ishlaridagi bir oz sekinlik bilan rivojlanmoqda. Loyiha qiymatining kattaligi vajidan hozircha jahon bo‘ylab amalda harakatlanayotgan maglevlarning soni barmoq bilan sanarli darajada oz. Biroq, olimlarning fikricha, maglev yaqin kelajakda an’anaviy temiryo‘l tizimida tub burlish yasashi kerak ekan.
II-jahon urushidan keyingi dastlabki o‘n yillikda, magnit maydon ta’sirida muallaq turuvchi texnologiyani ishlab chiqish ustida Britaniyalik olim ErikLeyzveyt (1921-1997) ish olib borgan. U o‘zgaruvchan magnit maydoni ta’sirida, elektromagnitning to’g’ri chiziq bo‘ylab harakatlanishini ta’minlovchi asinxron elektrodvigatel ixtiro qildi.Leyzveyt o‘z tajribalari orqali, chiziqli asinxron dvigatellar poyezd g‘ildiraklarini nafaqat rels bo‘ylab aylanib harakatlanishga majbur qilishi, balki, butun boshli poyezdni relslarga mutlaqo teginmasdan ham ilgarilashga majbur qila oladigan darajadagi quvvatga ega magnit kuchini ham ishlab chiqarishga qodir ekanligiga ishonch hosil qildi. Shu tufayli poyezd magnit kuchidan foydalansa, g‘ildiraklarning umuman keragi bo‘lmay qolishini ta’kidladi.
Hozirgi vaqtda magnit yostiqchasi asosida harakatlanuvchi poyezdlaring turli xil tizimlari loyihalanmoqda. Ular ichida ikkitasini yaqqol ko‘rsatish mumkin — elektromagnit va elektrodinamik tizimlar.
Elektromagnti tizimda, poyezdning tag qismiga C simon katta quvvatli elektromagnitlar o‘rnatiladi va ular relslarni qurshab oladi. Magnit va relslar orasida paydo bo‘ladigan magnit itarish kuchiga asoslanib, poyezd havoda muallaq turishi va harakatlanishi mumkin bo’ladi. Zaruriy masofani katta quvvatli o‘ta o’tkazgich elektromagnitlar orqali ta’minlanadi. g‘ildiraklar esa, «uchish« va «qo‘nish» chog‘ida zarur bo’ladi.
Elektrodinamik maglevlarda esa, rels — yo‘lning boshidan oxirigacha to‘liq magnitlangan, yo‘naltiruvchi vosita sifatida namoyon bo’ladi. Bunda poyezd faqatgina relsning magnit maydoni ta’sirida itarilib yoki tortilib turadi. Bu usulning salbiy jihati — butun masofa bo‘ylab relslarni magnitlab chiqish zaruratidir.
Elektromagnit tayanch.
Maglev poyezdlarida dvigatel ham g‘ildirak ham bo‘lmaydi: ular magnetizm tamoyillariga asoslangan elektromagnit tayanch bilan ishlaydi. Poyezdning tag qismida kuchli magnitlar o‘rnatilgan. Elektrodinamik tizimli maglevlarda, rels va trassadevorlari bo‘ylab joylashgan kuchli elektromagnitlar, poyezdlardagi magnitlarni itaradi. Bunga ko‘ra esa poyezdlar relsdan bir necha santimetr masofada muallaq turib, bir vaqtning o‘zida yo‘lning markazidan chetga chiqib ketmay turadi. Poyezd levitatsiyaga kirishi bilan, ya’ni havoda muallaq turishi bilan, trassa devorlaridagi elektr g‘altaklariga tok beriladi. Natijada devorlar bo‘ylab bir nechta kuchli magnit maydonlari paydo bo‘ladi va poyezdni harakatga keltiradi.
Hozirda jahonda mavjud kam sonli shunday maglev poyezdlaridan biri — Shanxay aeroportidan shahar markaziga yo‘lovchi tashiyotgan maglevdir. U 431 km/soat tezlik bilan yo‘lovchilarni chaqmoqdek manzilga eltib qo‘yadi.Bu kabi poyezdlar janubiy Koreyada ham mavjud.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Qiziqarli fizika
Maglev
Manba:orbita.uz