Ko‘zlaringga ishonma…

Ko‘zlaringga ishonma…

Ko‘zlaringga ishonma…

kozlaringga ishonma 660efbe204702

Inson uchun ko‘z — uni o‘rab turgan dunyo haqidagi asosiy axborot manbai. Biz ko‘zlarimizga mutloq ishonishga ko‘nikib qolganmiz. «Ko‘zlarimga ishonmadim» so‘zi, hayratlanishning eng yuqori darajasini ifodalaydi. Odatiy sharoitlarda bunday ishonch o‘zini to‘liq oqlaydi. Ko‘z va bosh miyaning unga bog‘liq bo‘limlari o‘zaro birgalikda, nozik tahliliy apparatni o‘zida namoyon qiladi va u bizga juda turli tuman sharoitlarda: yorqin quyosh nurlarida va yorug‘lik umuman kam bo‘lganida, tinch holatda va tezkor harakatlanish kabilarda beminnat xizmat qiladi. Bizning ko‘zimiz to‘r pardasida olinayotgan tasvir, hech qanday nuqsonlarsiz namoyon bo‘ladi. U yetarlicha ravshan, manzara to‘g‘ri, to‘g‘ri chiziqlar — to‘g‘ri chiziq bo‘lib ko‘rinadi, buyumlar atrofida kamalaksimon gardish — xromatik aberratsiya yo‘q. Shunga qaramay, ko‘zlarimizni ideal asbob deb o‘ylashimiz o‘rinli emas.

Sinchkovlik bilan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, inson ko‘ziga ham linzalardagi barcha nuqsonlar xosdir. Lekin, bizning ongimiz, ko‘z to‘r pardasidagi nomukammal tasvirdan, bizni o‘rab turgan fazo haqidagi to‘g‘ri tasavvurni hosil qila oladi.

Misol keltiramiz. Uzoqni ko‘ra olmaslik holati paydo bo‘lgan odam, birinchi marta ko‘zoynak taqdi. Dastlabki vaqtlarda u manzarani juda xiralashgan va chaplashib ketgan holda ko‘radi. To‘g‘ri chiziqlar unga qiyshaygan bo‘lib, tekisliklar — qiyshiq va qiya bo‘lib ko‘rinadi. Ba’zan bu yengil bosh aylanishini ham keltirib chiqaradi. Lekin, bir muddat o‘tgach, odam, ko‘zoynaklar orqali, manzarani ham to‘g‘ri chiziqlarni ham to‘g‘ri qabul qila boshlaydi. Atrof uning ko‘z o‘ngida yana to‘g‘ri ko‘rinishda, xiralashmagan, tiniq holatda namoyon bo‘ladi, garchi ko‘z to‘r pardasidagi tasvir hali-hamon noto‘g‘ri bo‘lsa ham.

Noodatiy sharoitlarda — qachonki ko‘zlar mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan axborot olayotganda, tasvir o‘ta keskin bo‘lganida, masofa, o‘lcham va nisbatlarni to‘g‘ri chamalash qiyin bo‘lganida, yoki, ko‘z to‘r pardasining ayrim qismlari qandaydir qo‘zg‘atuvchining davomli ta’siri tufayli charchaganida, bizning miyamiz ham adashishni boshlaydi. Turli xil aldamchi tasavvurlar — ko‘z aldanishlari paydo bo‘ladi. Shubhasiz, siz o‘zingiz ham shunday g‘aroyib illuziyalarning turli xillari bilan ko‘p marta to‘qnash kelgansiz. Biz, ko‘zlarimizning qanday qilib xato qilishi haqidagi bir necha tajribalarning tafsilotini keltiramiz. Bundan maqsadimiz, sizning ko‘rish hissiyotiga bo‘lgan ishonchingizni yo‘q qilish emas, balki, timsollarni shakllantirishda, miyaning sintez qila olish xususiyati qanday yuksak ahamiyat kasb etishini isbotlashdir.

Ko‘z to‘r pardasida ham, xuddi fotoapparatdagidek teskari (to‘ntarilgan) tasvir hosil bo‘lishini isbotlab beruvchi birinchi tajriba uchun, ikki bo‘lak karton, masalan ikkita tabriknoma kerak bo‘ladi. Ulardan birida yo‘g‘on igna bilan, taxminan 0.5 mm atrofidagi tuynuk teshing va uni ko‘z oldingizda 2 — 3 sm masofada tutib, u orqali yoritilgan manzaraga — yorug‘ osmonga yoki chiroqqa qarang. Ikkinchi tabriknomaning chetlari bilan sekin asta ko‘z qorachig‘ingizni pastdan yuqoriga boshlab to‘sing. Ko‘zning ko‘rish maydonida siz tabriknomaning chetlarining soyasini yuqoridan pastga qarab yo‘nalganligini ko‘rasiz.

kozlaringga ishonma 660efbe2c78c7Bu tajribaning optik sxemasini batafsilroq tahlil qilamiz. Hali ko‘z o‘ngida tuynukli tabriknoma yo‘q bo‘lgan vaqtda, ko‘zning ko‘rish maydonining barcha nuqtalari ko‘zga butun qorachiq orqali signal yuboradi(1a rasm) va qorachiqning har bir nuqtasidan yorug‘lik butun to‘r pardaga tarqaladi (1b rasm). Agar ko‘z oldiga teshikli tabriknoma qo‘yilsa, ko‘rish maydonining har bir nuqtasi, qorachiqning kichik qismidan o‘tayotgan nurlar orqali tasvirlanadi. Ko‘rish maydonining yuqorisidagi nuqtalar, qorachiqning pastki qismi orqali o‘tayotgan nurlar vositasida, pastki qismidagi qismi esa, qorachiqning yuqori qismi vositasida tasvirlanadi. Tabriknoma cheti bilan qorachiqning pastki qismini to‘sib qo‘yish orqali, biz, ko‘rish maydonining yuqori qismiga soya tushirib qo‘yamiz va yuqoriga qarab turgan tabriknomani chetini ko‘ramiz. Bu samarali tajribaning ko‘zga tushayotgan nur yo‘nalishiga umuman bog‘liq emasligini va u ko‘z to‘r pardasidagi tasvirning teskariligini isbotlay olmasligini tushunish qiyin emas. Ko‘rish maydoni, qorachiqqacha shakllanib bo‘lgan.

Ikkinchi tajriba esa, ko‘rishning mantiqqa zid axborotni qanday qilib to‘g‘rilab olishini ko‘rsatib beradi. Qog‘oz sahifasidan 2 sm diametrli nay (trubka) o‘rang va u orqali avval bir ko‘zingiz bilan, oldinda turgan buyumlarga qarang. Qo‘l kaftingizbilan, ikkinchi ko‘zingiz qarshisini, 10-15 sm masofada, nay trubkagacha berkiting. Siz o‘z kaftingizdagi tuynukni va u orqali sizni o‘rab turgan buyumlarni ham yaqqol ko‘rasiz. Kaftning o‘rta qismidagi tasvir, ko‘zingiz nay trubka orqali ko‘rayotgan tasvir bilan to‘liq qoplab, bostirib yuborilgan.

o‘ng va chap ko‘zga turli xil axborotni beradiganyana ham nozikroq tajribani quyidagicha o‘tkazish mumkin. Oq ipga qandaydir kichik va yorqin buyumni osib qo‘ying. Bir tekislikda tebranuvchi mayatnik holatiga keltirib, unga 2-3 sm masofadan turib qarang. Bir ko‘zingiz oldiga istalgan rangdagi va o‘rtacha zichlikdagi yorug‘lik filtrini qo‘ying. Siz mayatnikning bir tekislikda tebranmasdan, balki, ellips chizib notekis tebranayotganligini ko‘rasiz. Yorug‘lik filtrini narigi ko‘zingizga olsangiz, ellipsning harakat yo‘nalishi teskarisiga o‘zgaradi.

 

 

Navbatdagi tajriba 2a va 2b rasmlarda tasvirlangan. 2a rasmda, qalin qora chiziqni kesib o‘tayotgan to‘g‘ri chiziqning sinishiga doir mashhur illuziya keltirilgan. Lekin, agar rasmni ko‘tariluvchi yuk va chig‘ir bilan to‘ldirib (2b rasm), shu orqali ongga, to‘g‘ri chiziq bu — tarang tortilgan chilvir ekanligi haqida yashirin axborot uzatilsa, sinish illuziyasi yo‘qoladi.

kozlaringga ishonma 660efbe3bb48f

 

 

So‘ngi tajriba timsolni talqin qilish ongga tanlash imkoniyatidek tuyulishi holati bilan bog‘liq. 3-rasmda Oyning Yomg‘irlar dengizi va Apennin tog‘ tizmalari hududlaridan iborat peyzajining ikki fotosurati keltirilgan. Ulardan birida siz, halqasiman Oy tog‘larini, ikkinchisida esa, halqasiman botiqliklarini ko‘rasiz. Relyef akslanib o‘zgardi. Tasvirga teskari tomondan qarasangiz, relyefning akslanishi endi narigi fotosuratda yuz beradi. E’tibor bering, ushbu fotosuratlar mutlaqo bir xil, lekin ulardan biri teskari joylashtirilgan.

kozlaringga ishonma 660efbe4888c0

 

Oyni teleskopda kuzatishda, relyef o‘zgarishi illuziyasi tez-tez kuzatiladi. Oyda bo‘lgan fazogirlar, peyzajning keskin kontrastligi sharoitida, havoli manzaradan mahrum bo‘lgan holatda, joyning real manzarasining tasvirini ko‘z orqali qabul qilish borasida katta qiyinchiliklarga uchradilar. Harakatlanish yo‘nalishining o‘zgarishi effektini kuzatish uchun, aylanayotgan radiolokator antennasining siluetini tomosha qilish kerak. Sizga, xuddi antenna aylanish yo‘nalishin to‘satdan qarama qarshisiga o‘zgartirayotgandek bo‘lib tuyuladi. Ilgarilari bu effektni kuzatish uchun shamol tegirmonini tomosha qilish tavsiya etilar edi.

Rangni qabul qilish hissiyoti bilan ham ko‘plab qiziq illuziyalar bog‘liq. Ko‘z aldanishlari — bu shunchaki qiziqarli fokuslar emas. Noodatiy sharoitlarda, ko‘rish apparati ishini o‘rganish, ko‘zda yuz berayotgan jarayonlarning va bizni o‘rab turgan haqiqatning ongimizdagi timsollarni sintez qilish mohiyatini yanada chuqurroq anglashga yordam beradi.

Fiziologik optika tajribalari bilan yanada batafsilroq tanishishni istayotganlarga, J.Greggning «Ko‘rish bo‘yicha tajribalar» (Moskva, 1970 y.) kitobini tavsiya qilish mumkin. Bu kitobda, ko‘zni tadqiq qilish borasidagi ko‘plab elementlar tajribalarning mufassal bayoni keltirilgan. o‘quvchilar uchun ularning barchasini topish imkoni mavjud va u o‘qishga arzigulik asar.o‘quvchini shu o‘rinda ogohlantirib o‘tish o‘rinliki, muallifning fizik optika bo‘yicha fikr yuritgan ba’zi joylarida, kitobning tili ilmiy tildan ancha chetlashib ketadi.

Kutubxonalardan siz, balki, Minartning Tabiatdagi nur va rang (nashriyoti, Moskva, 1969 y.) va Artamonovning «Ko‘rish illuziyasi» (Moskva, 1969 y.) kitoblarini ham topishingiz mumkin.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Qiziqarli fizika
Ko‘zlaringga ishonma…

Manba:orbita.uz