Ko‘z sili kasalligi: tasnif, tashxis va davo haqida malumot
Sil kasalligini keltirib chiqaruvchi bakteriyalar Nemis olimi Robert Kox tomonidan 1882 yil 24 martda kashf etilgan.
Sil kasalligida sil tayoqchalarini sil dorilariga chidamli turi (L-formasi, MLU, SHLU) paydo bo‘lishi mumkin. Mazkur kasallik yuqumli hisoblanib, uni sil tayoqchalari (Kox bakteriyasi) keltirib chiqaradi, bu kasallikning o‘ziga xosligi surunkali to‘lqinsimon kechishi bilan boshqa xastaliklardan ajralib turadi. Sil kasalliginnig qo‘zg‘atuvchilari nafas olish va hazm qilish sistemasi orqali organizmga tushib, asosan o‘pka tizimini shikastlaydi.
Mazkur kasallik soch va tirnoqdan boshqa barcha organ va to‘qimalar, ya’ni o‘pka, bosh miya, ko‘z, teri, suyak, bo‘g‘imlar va limfa bezlari, ichak, buyrak, jinsiy a’zolarni ham zararlaydi. Bugungi suhbatimizda ko‘rish a’zolari, ya’ni ko‘zda uchraydigan sil kasalligining tasnifi, ko‘z silining turlari va uni davolash tartibi xususida gazetxonlarni qiziqtirgan savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya markazi Xorazm viloyati filiali oftalmolog-shifokori Odilbek Kuryazovga yuzlandik.
Ko‘z sili qanday kasallik?
Ko‘z sili (glaznoy tuberkulyoz) organizmning umumiy infeksion kasalligi hisoblanadi. Ushbu kasallik bakterial tabiatga ega. Ko‘ruv a’zolarining sil kasalligi uzoq davom etadigan, tez-tez qaytalanib, ko‘rish o‘tkirligining pasayishi va ayrim holatlarda ko‘rmaslikka olib keluvchi kasallikdir.
Hozirgi paytda qator mualliflarning ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘z sili o‘pkadan tashqari sil kasalliklari ichida oltinchi o‘rinda bo‘lib, 5-16% ni tashkil qiladi. Tibbiyotda mazkur kasallik ko‘zda asosan 3 ta yo‘l bilan rivojlanishi kuzatilgan. Ya’ni birinchi yo‘l – gemato-limfogen bo‘lib, shu yo‘l eng ko‘p uchraydi. Gematogen disseminatsiyada sil mikobakteriyalari ko‘z to‘qimalariga organizmning boshqa sil o‘choqlaridan o‘tadi. Ikkinchi yo‘l ekzogen deb nomlanadi. Ushbu yo‘l ko‘zning birlamchi sili hisoblanib, u ko‘zning shilliq qavati bo‘shlig‘i orqali rivojlanadi. Uchinchi yo‘l — kontakt yo‘l. Bunda sil kasalligining ko‘zga tarqalishi, yuz terisi, ko‘z kosasi osteomiyeliti va burun bo‘shlig‘i orqali rivojlanadi.
Ko‘z sili tasnifi
Ko‘z sili kasalligi asosan 3 ta klinik tur bilan izohlanadi. Ular:
- Gematogen uveitlar. Ular oldingi (irit, siklit, iridotsiklit) va orqa uveitlarga (xorioidit, xorioritinit) bo‘linadi.
- Ko‘z oldi to‘qimalari sili.
- Ko‘z sil – allergik kasalliklari. Ular o‘tkir boshlanishi, qisqa davom etishi va tez-tez qaytalanib turishi bilan tariflanadi.
Bundan tashqari, 1956 yil A.C.Woods kasallikning klinik — morfologik tartibiga asoslanib, quyidagi tasnifni taklif qilgan. Ular granulyomatoz va nogranulematoz. Granulyomatoz kasallik paydo qiluvchi (patogen) mikro-organizmlar, gematogenli metastaz natijasida tomirli parda qavatida perifokal yallig‘lanishga ega granulyoma hosil qiladi. Nogranulematoz yallig‘lanish jarayoni nospetsifik kechib, ko‘z to‘qimalarining har xil allergenlarga qarshi sensibilizatsiyalangan reaksiyasi bilan namoyon bo‘ladi.
Tibbiyotda ko‘z sili kasalligiging bir qancha turlari aniqlangan. Ular ko‘z atrofi to‘qimalarining sili, ko‘zning old qismi sili va ko‘z orqa qismining sil kasalligidan iborat. Ko‘z silining mazkur turlari ham bir qancha guruhlarga bo‘linadi. Ya’ni ko‘z atrofi to‘qimalarining sil kasalligi guruhida asosan, ko‘z qovoqlari terisining sili, sil dakriotsistiti, ko‘z kosasining sil osteomiyeliti, sil dakrioadeniti, kon’yunktiva (shilliq qavat) sili va epibulbar sil kasalliklar kiradi. Masalan, sil dakriotsistiti ko‘pincha bolalar va o‘smirlarda kuzatiladi. Kasallikning ushbu turida infeksiya asosan gematogen yoki kon’yunktiva orqali, ko‘z yosh yo‘lidan o‘tib ko‘z yoshi xaltachasida rivojlanadi.
Ko‘zning old qismi sili kasalligi ko‘zning sil – allergik zararlanishlari, sil keratitlari, sil skleritlari va sil iridotsikliti (oldingi uveitlar) bilan guruhlanadi. Masalan, ko‘zning sil – allergik zararlanishida kasallik o‘tkir boshlanishi, yorug‘likdan qo‘rqish, ko‘z yosh oqishi, blefarospazm, da’vo ta’sirida jarayonning tez kamayishi va tez-tez qaytalanish kuzatiladi.
Ko‘z orqa qismining sili o‘z ichiga tarqalgan xorioretinit, konglobirlangan tuberkula, diffuz sil xorioretiniti, xorioideyaning milliar sili, periferik uveit, Yensen yukstapapilyar xorioiditi va sil periflebitini oladi. Mazkur kasalliklar turlicha rivojlanadi. Ya’ni diffuz sil xorioretiniti kasalligi asosan tomirli qavatning orqa qismi, ya’ni xususiy tomirli qavat qismidagi jarayon to‘r pardaning shishishi va infiltratsiyasi bilan kechadi. Xorioideyaning milliar sili esa hozirgi kunda juda kam uchraydigan kasallik turi bo‘lib, u ko‘pincha bolalar va o‘smirlarda sil meningiti va immunitetning susayishida sil disseminatsiyasi jarayonida kuzatiladi. Kasallikning sil periflebiti turi esa retsidivlanuvchi xarakterga ega bo‘lib, ko‘pincha yosh erkaklarda ikkala ko‘zda kuzatiladi.
Ko‘z sili kasalligiga qanday tashxis qo‘yiladi?
Ko‘z sili tashxisi birmuncha qiyinchiliklar tug‘diradi va bemorni kompleks ravishda tekshirishni talab qiladi.
Moskvadagi ko‘z sili markazida, ko‘z siliga shubha bo‘lganida bemorlarni tekshirish uchun quyidagi sxema qabul qilingan:
- Anamnezni maqsadga muvofiq oydinlashtirish (sil kasalligi bilan kontakt borligi, ilgari ko‘z silini o‘tkazganligi va boshqalar.)
- Ko‘krak qafasi flyuorografiyasi, ko‘rsatma bo‘lganda, ko‘krak ichki limfa bezlarida va o‘pkadagi sil o‘zgarishlarining faolligini aniqlash maqsadida rentgenologik tekshiruv o‘tkaziladi.
- O‘pka, tomir oldi limfa tugunlar, aniqlangan suyakli o‘zgarishlar faolligini rentgenologik aniqlab bo‘lmasa, tomografiya tekshiruvi o‘tkaziladi.
- Tomir oldi limfa bezlarining kattalashuvi va katta petrifikatlarni aniqlashda bronxoskopiya tekshiruvi o‘tkaziladi.
- Periferik limfa tugunlarining holatini tekshirish.
- Ko‘rsatma bo‘lganida, qorin bo‘shlig‘ini rentgenologik tekshiruvi, urolog va ginekolog maslahatlari.
- Siydik va bronxlar chayindisi, sil bakteriyalarini aniqlash uchun balg‘amni ekish.
- Boshqa surunkali infeksiyalarni bartaraf etish: zaxm (sifilis), toksoplazmoz, brutsellyoz, revmatizm, sarkoidoz, virusli kasalliklar.
- Immundiagnostika, in vitro o‘tkazilib, bemor qonida tuberkulinga nisbatan gumoral va hujayraviy antitanani aniqlashga asoslangan.
- Tuberkulin-diagnostika. Keratit, sklerit, uveitlar etiologiyasini aniqlashda katta ahamiyatga ega. Ko‘z silini aniqlashda terida tuberkulin sinovlari o‘tkaziladi: teri ichi Mantu sinamasi, Graduirlangan Mantu sinamasi, tezlashtirilgan Mantu reaksiyasi.
- Sinovchi davolash (test-terapiya). Bunday davolashni noaniq etiologiyali uveitlarda qo‘llash maslahat beriladi. Tuberkulostatik preparatlar bir oy davomida qo‘llaniladi. Davolash samarali bo‘lganda uveitning sil etiologiyaliligi taxmin aniqlanadi.
Ko‘z sili belgilari turlicha xususiyati, shu sababli, har xil diagnostik ahamiyatga ega.
Ko‘z sili kasalligi qanday davolanadi?
Ko‘z sili kasalliklarini davolash, nafaqat, ko‘rish funksiyalarini iloji boricha asli holiga keltirish yoki saqlab qolishga, ko‘z olmasidagi yallig‘lanish jarayonlarini bartaraf etishga, balki sil tayoqchalarining faolligini susaytirishga, organizm himoya kuchlarini oshirishga ham qaratilgan bo‘lishi lozim.
Ftiziatriyaning umumiy tamoyillariga ko‘ra, antibakterial kimyoterapiya, davoning asosiy qismi kasallikning shakli va og‘irligiga qarab o‘tkaziladi. Jarayonning og‘ir darajasida davolash ikki davrda olib boriladi. Birinchi davr uch xil preparatning ta’siriga qarab ikki — uch oy davomida olib boriladi. Ikkinchi davrda ikki xil preparat uch oy davomida beriladi. Qon qo‘yilishlar bilan kechuvchi gemorragik xorioretinitlar va periflebitlarda birdaniga kimyoterapiya qo‘llanilmaydi, chunki silga qarshi preparatlar qon tomir devorlarini kuchsizlantiradi. Shuning uchun ikki — uch hafta davomida angioprotektorlar qo‘llash davo terapiyasi o‘tkaziladi. Shundan keyin izoniazidni kichik dozadan sekin-asta o‘rta terapevtik dozagacha buyuriladi. PASK sutkasiga olti-to‘qqiz grammdan oshmasligi kerak. Ikkinchi guruh preparatlaridan etoksid, etionamid va sikloserin buyuriladi. Tibon qo‘llash mumkin emas.
Sust kechuvchi, surunkali jarayonlarda streptomitsin samara bermaydi. Bunday shakldagi ko‘z silini izoniazid, rifampitsin yoki PASK va ikkinchi guruh preparatlari bilan tuberkulin, gormon, nospetsifik vositalar qo‘llaniladi. So‘ngi 15 yil ichida lazerli koagulyatsiya muvofaqqiyat bilan qo‘llanilmoqda. Ko‘ruv funksiyalarini saqlab qolishning shartlaridan biri ko‘z sili asoratlarining oldini olish va o‘z vaqtida davolashdan iboratdir.
Bugungi suhbatimizdan ma’lum bo‘ldiki, ko‘z sili kasalligi ham sil kasalligining boshqa turlari kabi insoniyat bilan birga yashab, uning hayoti, sog‘lig‘iga doimiy ravishda to‘siq bo‘la oladigan yuqumli kasalliklardan biri ekan. Shunday ekan, har bir inson nafaqat o‘z salomatligi uchun, balki sog‘lom turmush tarzi va jamiyat sog‘ligi yo‘lida o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishi, shifokor nazoratida bo‘lishi va o‘z sog‘ligi uchun e’tiborli bo‘lishi lozim.
© Odilbek Kuryazov, oftalmolog-shifokori.
Dilrabo Jumatova, jurnalist.
silning-davosi-bor.uz
Kasalliklar
Ko‘z sili kasalligi: tasnif, tashxis va davo